Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Jumladan, Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro I.A. «Mirza-Pay» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli 0,9 gektar yer maydonini ijaraga olib, ushbu yer maydonini fuqaro X.U.ga firibgarlik yo‘li bilan 60 ming dollarga sotishga kelishgani aniqlangan. Gumonlanuvchi shundan 30 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati

Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan DXXning Urgut shahar bo‘limi bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «U-A.» MTP rahbari A.X. «F.» oilaviy korxonasi rahbari Sh. ga MTP hududidan 3,6 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 40 mln so‘m talab qilib, shundan 30,4 mln so‘mni MTP kombaynchisi X. orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.


Bundan tashqari, Departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.Yu. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, «Farg‘ona suvta’minot» MCHJ Uchko‘prik tuman bo‘limi balansida bo‘lgan 2 sotix yer maydonini 5000 dollar evaziga fuqaro J.S.ning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ular shundan 1500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.