25 mart kuni «Navruz Cup-2022» xalqaro o‘rtoqlik turnirining 2-yarim final bahslarida O‘zbekiston jamoasi Qirg‘iziston jamoasini Namangan markaziy stadionida qabul qildi. Uchrashuv Sport telekanalida jonli efirda namoyish etildi.

O‘yinning dastabki vaqtlaridayoq Qirg‘iziston terma jamoasi hisobni ochdi. 5-daqiqada jarima maydonchasiga kirib borgan Mirlan Murzayev o‘zbekistonliklar darvozasiga gol kiritdi.

Undan so‘ng, mezbonlarda ham bir nechta qulay vaziyatlar paydo bo‘ldi. Xususan, 7-daqiqada Dostonbek Hamdamovning tepgan to‘pi darvoza ustuniga tegib qaytdi. Qolaversa, Eldor Shomurodovning ham harakatlari besamar ketdi va shu tarzda birinchi bo‘lim yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonliklar hisobda oldinga chiqib oldi. 63-daqiqada o‘zbekistonlik legioner Eldor Shomurodov gol kiritdi. Bu uning O‘zbekiston MTJ safidagi 25-goli, jami 52 ta o‘yin o‘tkazgan.

Undan keyin esa zaxiradan o‘yinga tushgan Igor Sergeyev 85-daqiqada gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan 5 daqiqa o‘tib Sergeyev yana bir gol kiritib, dublni qayd etdi.

O‘yinning asosiy vaqti 3:1 hisobi bilan yakunlandi, ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 4 daqiqa ichida boshqa o‘zgarish kuzatilmadi. Shu tarzda O‘zbekiston «Navruz Cup-2022» xalqaro o‘rtoqlik turnirining final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bunga qadar Uganda Tojikiston jamoasini penaltilar seriyasidagi ustunlik hisobiga mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

O‘zbekiston terma jamoasi 29-mart kuni finalda Ugandaga qarshi o‘ynaydi.