Vazirlar Mahkamasining 24 martdagi qarori (126-son) bilan Energetika vazirligi huzurida «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.

Markaz O‘zbekiston yagona energetika tizimini rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansi saqlanishini, shuningdek, Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Qaror bilan Milliy dispetcherlik markaziga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning milliy, regional va hududiy dispetcherlik funksiyalari o‘tkazilmoqda.

Milliy dispetcherlik markazining asosiy vazifalariga:

  • yagona elektr energetika tizimini real vaqt rejimlarida operativ boshqarish va uning ishonchli ishlashini ta’minlash;
  • yagona elektr energetika tizimi tarkibiga kiruvchi korxonalarning dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish;
  • elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning iste’mol qilinishiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni hisobga olgan holda uni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning har soatlik rejimini shakllantirish;
  • yagona elektr energetika tizimining texnik va iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash;
  • yagona elektr energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ravishda ishlash rejimlarini boshqarish;
  • avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, ularni bartaraf etish va avariya rejimi bartaraf etilgandan keyin tizimning ishonchliligini tiklash va boshqalar kiradi.

Milliy dispetcherlik markazi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 259 nafar shtat birligidan iborat bo‘ladi.

Milliy dispetcherlik markazining amaldagi boshqaruv pulti to‘liq ishga tushgandan so‘ng asosiy hamda zaxira boshqaruv pultlari uch oy muddat parallel ravishda ishlaydi.

Milliy dispetcherlik markazi faoliyati «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari» va «O‘zbekgidroenergo» kompaniyalari hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va taqsimlovchi boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida dispetcherlik xizmatini ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Bundan tashqari, Milliy dispetcherlik markazi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dispetcherlik departamenti, rele himoya va avtomatika bo‘limi, respublika yagona energetika tizimini va ularning quyi bo‘linmalari orqali tezkor-texnik boshqaruvni amalga oshiradi.

Energetika vazirligiga bir oy muddatda boshqa davlatlarning elektr energetika tizimi bilan parallel ravishda ishlash qoidalarini aniqlash topshirildi.

Qaror bilan «Issiqlik elektr stansiyalari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyalari tizimidagi tashkilotlar ushbu jamiyatlarning hududiy filiallari etib qayta tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25 yanvar kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektr energiyasining ommaviy uzilishi kuzatilgan edi. Avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha davlatlararo komissiya bunga O‘zbekiston energetika tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan, degan xulosaga keldi.

31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va elektr ta’minotini avtomatlashtirish loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.