Oliy Majlis Senati 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan 24-yalpi majlisda «Organik mahsulotlar to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi, deb xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Qonun ekologik toza yoki atrof-muhit holatiga odatdagidan ko‘ra kamroq ta’sir etuvchi organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va boshqa bosqichlarning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Organik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan, unga rahbarlik qilayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari quyidagilardan iborat: sertifikatlangan organik mahsulotlar ishlab chiqarishga subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarishni moliyalashtirish va organik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish.

Organik mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoni organik toifaga kirmaydigan mahsulotlardan alohida amalga oshirilishi kerak.

Qonun bilan органик mahsulotlar ishlab chiqarishga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • sog‘lom hayvonlar va o‘simliklardan, xavfsiz mahsulotlardan hamda kelib chiqishi hayvonlar va o‘simliklarga mansub bo‘lgan xom ashyodan foydalanish;
  • organik mahsulotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lgan texnologiyalardan foydalanish;
  • tuproq unumdorligini saqlash, tiklash va oshirish;
  • ishlab chiqarish uchun organik mahsulotlarning muayyan turini tanlash chog‘ida ekologik tizimlarni saqlash;
  • qayta tiklanadigan tabiiy resurslardan, shu jumladan kelib chiqishi o‘simliklar va hayvonlarga mansub bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish;
  • qqayta tiklanmaydigan tabiiy resurslardan foydalanishni qisqartirish;
  • inson sog‘lig‘iga, o‘simliklarga va hayvonlarga zarar yetkazmaydigan, atrof-muhit ifloslanishining oldini oladigan yoki uning oqibatlarini bartaraf etadigan texnologiyalardan foydalanish;
  • texnologik jarayonlarni sifatli bajarish uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda ruxsat etilgan normalarda oziq-ovqat qo‘shimchalaridan, mikroelementlardan foydalanish;
  • o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish, shu jumladan almashlab ekishga, kasalliklarga, zararkunandalarga va begona o‘tlarga chidamli bo‘lgan o‘simliklar turlarini hamda navlarini tanlash chog‘ida mexanik, biologik va fizik usullarni qo‘llash;
  • mahalliy sharoitlarga moslashgan, chidamli o‘simlik turlarini, navlarini va hayvonlar zotlarini tanlash;
  • chorvachilikda organik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun kelib chiqishi tabiiy bo‘lgan moddalardan olingan ingrediyentlardan iborat ozuqalarni va ozuqaviy qo‘shimchalarni qo‘llash;
  • ichimlik suvi uchun qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan suvdan organik mahsulotlar ishlab chiqarish chog‘ida ingrediyent sifatida foydalanish;
  • ayni bir turdagi organik va noorganik ingrediyentlarni bitta organik mahsulotga aralashtirmaslik.

Shuningdek, organik mahsulotlar ishlab chiqarishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • sintetik moddalar, pestitsidlar, gormonlar, antibiotiklardan va kimyoviy oziq-ovqat qo‘shimchalaridan foydalanish;
  • tuproqdan foydalanmasdan o‘simlik mahsulotlarini yetishtirish usullarini qo‘llash;
  • ionlashtiruvchi nurlanishdan (manbalardan) foydalanish;
  • tabiiy holda o‘sadigan o‘simliklarga ishlov berishning kimyoviy usullaridan foydalanish;
  • oqova suvlar cho‘kmasidan, septik chiqindilardan hamda inson hayotiga va faoliyatiga doir boshqa chiqindilardan tarkib topgan moddalardan o‘g‘it sifatida foydalanish;
  • chiqindilardan, kimyoviy va radioaktiv moddalardan ifloslangan yer uchastkalaridan, suv obyektlaridan va (yoki) ularning qismlaridan foydalanish;
  • embrionlarni transplantatsiya qilishni, klonlashtirishni va genga oid muhandislik usullarini, gen-muhandislik-modifikatsiya qilingan hamda transgen organizmlarni qo‘llash, shuningdek gen-muhandislik-modifikatsiya qilingan va transgen organizmlardan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotlarni qo‘llash.

Organik mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarishga, shu jumladan ularni parallel ravishda va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish shart-sharoitlariga doir alohida talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanadi.

Organik mahsulotlar sohasidagi vakolatli davlat organi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hisoblanadi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati hamda Davlat veterinariya qo‘mitasiga ularni xalqaro standartlar va tavsiyalarga muvofiqlashtirish, ekologik toza mahsulotlar xavfsizligi bo‘yicha sanitariya va veterinariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlarini joriy etish yuklatildi.

O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyalashni amalga oshiradi va akkreditatsiya sertifikatlarini beradi, shuningdek organik mahsulotlarning milliy muvofiqlik belgisi shakli va hajmini tasdiqlaydi.

Qonun prezident tomonidan imzolanib, e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.