O‘tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) javobiga tayanib, Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasi olishda nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish bo‘yicha davlat markazlarining yopilishida prezident qarori talablari buzilganini ma’lum qildi.

Markazlar faoliyati 4 fevral kuni ushbu sohada yagona bo‘lgan va asosiy rahbari Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov hisoblangan Autodriver Study kompaniyasining haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Yagona imtihon markazi ochilganidan so‘ng to‘xtatilgan edi.

18 mart kuni deputat jamoatchilik murojaatlarini inobatga olib, Toshkentdagi Yagona imtihon markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va YHXBB ro‘yxatga olish-imtihon markazlarining yopilishida iste’molchilar huquqlari, raqobat hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi nomiga «deputatlik so‘rovi» kiritganini ma’lum qildi.

MQKQ ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4913-sonli qarorning 1-bandi, to‘rtinchi xatboshida tegishli hududlarda davlat funksiyalari o‘tkazilayotgan sohalarda yetarli miqdorda xususiy sektor subyektlari tashkil etilguniga qadar mazkur funksiyalarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Biroq, shunga qaramay, hozirgi kunda respublikaning ba’zi hududlarida (Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Toshkent viloyatida 6 ta) Ichki ishlar vazirligi tizimidagi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish markazlari ushbu sohada yetarli miqdorda xususiy sektor subyektlari tashkil etilmay turib, prezident qarori talablariga zid ravishda faoliyati to‘xtatilgan», — deya javob berilgan qo‘mitadan.

Bundan tashqari, xabarda qayd etilishicha, aynan bir tashkilotga eksklyuziv huquqlar berilmagan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan barcha tadbirkorlik subyektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni olish huquqi berilgan.

Shu munosabat bilan MQKQ «prezident qarori talablariga zid harakatlar sodir etilayotgani sababli» Vazirlar Mahkamasi (hukumatga) kiritish uchun tegishli taklif ishlab chiqibdi.

Taklifda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha faoliyati ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining yetarlicha tashkil qilinguniga qadar, ya’ni har bir hududda avval faoliyatda bo‘lgan imtixon oluvchi davlat tashkilotlari sonidan kam bo‘lmagan xususiy sektor bozorga kirgandan so‘ng to‘xtatilishi nazarda tutilgan.

Bunda masalan, Toshkent viloyatida 6 ta xususiy imtihon olish markazi tashkil etilgunga qadar 6 ta davlat markazi ishlashi kerak.

«Nima uchun 6 ta deyilsa, asos shuki, yaqin vaqtgacha talabdan kelib chiqib, Toshkent viloyatida 6 ta markaz faoliyat ko‘rsatgan. Undan kami yetmaydi», — deya qayd etdi Rasul Kusherbayev.

Deputatning fikricha, «bitta tadbirkorlik subyektining tezroq «soqqa ishlashi»ga imkoniyat berish uchun» shoshib-pishib boshqa davlat imtihon markazlarini yopish orqali prezident qarori talablari ham buzilgan.

«Endi savol: Qaror talablarini bunday talqin qilish va buzish kimga, nima uchun kerak bo‘ldi? Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi javobi asosida biz ham endi hukumat va hukumat a’zolariga so‘rov kiritamiz», — deya ma’lum qildi Rasul Kusherbayev.

Komil Allamjonovning javobi

Komil Allamjonov / Telegram.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, prezidentning sobiq matbuot kotibi, Avtotest va Autodriver Study markazi asoschisi Komil Allamjonov shu kunning o‘zida Toshkent shahri uchun xizmat ko‘rsatayotgan hozircha yagona bo‘lib turgan «Imtihon markazi» to‘liq prezident va Vazirlar Mahkamasining qaroriga mos ravishda faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz bugungi kunda 800 dan ortiq fuqarodan imtihon olish imkoniyatiga ega. Markaz ochilguniga qadar Toshkentdagi 3 ta YHXBB imtihon olish bo‘limi (shaharning har xil tumanlarida umumiy 4−5 ta xonadan iborat bo‘lgan) kuniga 400 kishidan imtihon olgan.

«Demak, bundan kelib chiqadiki, bizning zamonaviy, barcha standartlarga javob beruvchi „Imtihon markaz“ avvalgi imkoniyatdan 2 barobar katta va eng asosiysi, katta avtomatlashtirilgan avtodrom, kompyuterlashtirilgan xonalariga ega. Navbatlar yo‘q deyarli. Markaz nafaqat to‘la, balki ko‘p xonalari bo‘sh ham turibdi. Va shu kungacha hali biron marotaba avvalgidek 400 ta uyoqda tursin, hatto 200 ta ham odam kelmadi», — deb yozdi u.

Komil Allamjonov uning markazi hududlardagi vaziyat bilan aloqador emas, shuning uchun bu masala yuzasidan IIVga murojaat qilish kerak.

«U yerda bizning markaz yo‘q. Va hammasi butun Toshkent markazi uchun degan sha’mali e’tiroz o‘rinsiz. Hech qachon Qashqadaryodan yoki Surxondaryodan kelib Toshkentda imtihon topshirmaydi. Ustiga-ustak, bizda faqat bilim talab qilinadi. Logikani tushunyapsiz, degan umiddaman», — deya ma’lum qildi u.

Autodriver Study asoschisi markaz «soqqa qilish» uchun tashkil etilgani haqidagi fikrlarga ham javob berdi.

«„Soqqa“ qilishga kelsak, aynan „soqqa“ har sohaning drayveridir. Sizningcha fikrlansa, siz ham faqat „soqqa“ uchun ishlaysiz va „soqqa qilasiz“, chunki tekinga ishlamaysizku. Aslida „Soqqa“ qilish gunoh emas. Jinoyat ham emas», — deya Rasul Kusherbayevning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida o‘z vaqtida «yaxshi oyligi uchun» O‘zLiDePni tanlaganini aytganiga urg‘u bergan holda.

Komil Allamjonov hozirda hammasi qonuniy qilinayotganini ta’kidlab o‘tdi. «„Soqqa“ tufayli Mark Sukerberg Facebook, Ilon Mask Tesla, Durov Telegram, Stiv Jobs iPhone’ni yaratdi. Agar „soqqa“ kelmasa, bunday texnologik rivojlanish bo‘lmas edi», — dedi u.

Fond vasiylik kengashi rahbarining fikricha, Rasul Kusherbayev yosh va zamonaviy, vatanparvar, eng asosiysi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash partiyasi deputati sifatida «bizni yaxshi tushunib, xususiylashtirish tarafida bo‘lishingiz kerak».

«Yana bilmadim. Balki sizga eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqar. Saylovchilar, tayinlovchilar sizga murojaat qilishsa, darrov qilich ko‘tarib ketmay ularni ko‘proq o‘qishga, bilim olishga chaqirsangiz bugungi siyosatning asl yordamchisi bo‘lasiz deb o‘ylayman», — dedi u.

Komil Allamjonov Yagona imtihon markazida ko‘pchilik imtihondan o‘ta olmayotgani, chunki ularning bilimi yo‘qligini aytib, deputatning eski tizimni qo‘msayotgan saylovchilari (Toshkent viloyati aholisi) 100 foiz o‘tib ketgan bo‘lishini ta’min qildi.

«Ko‘chadagi ahvolni ko‘rib turibsiz. Siz qaytarish kerak degan tizim natijasi bu», — deb yozdi u.

Narxlarning oshishi

Yagona imtihon markazi. Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Shu kuni, 18 martda Toshkent imtihon markazi ochilganidan bir yarim oy o‘tib 1 apreldan nazariy va amaliy imtihon topshirishga birinchi urinish narxi 50 foizga — 100 mingdan 150 ming so‘mga oshirishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi.

«Asosiy hamkorlarimiz bo‘lgan mamlakatlardagi beqaror iqtisodiy vaziyat, mamlakatimizda inflyatsiyaning tezlashishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan valyuta kursining keskin o‘zgarishi sababli sifat va xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini saqlab qolish maqsadida 1 apreldan boshlab Toshkent Imtihon Markazi nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish uchun birinchi urinish narxini 150 ming so‘mgacha oshirishga majbur bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Iqtisodchi va Kurbanoff.net blogi muallifi Shuxrat Kurbanov valyuta kursidagi tebranishlar va hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat imtihon narxlarining oshishi bilan qanday bog‘liqligi bilan qiziqdi. «Testlar import qilinadimi? Narxlarning oshishi esa yo‘l harakati xavfsizligiga qanday bog‘liq?!» — deb so‘radi u.

Moliyachi Otabek Bakirov esa Komil Allamjonov jamoasi «O‘zbekistondagi 50 foizlik inflyatsiya yoki dollar kursining 50 foizga o‘sishini qayerdan olganini» so‘radi.

«Balki ular kelajakka boqib, prognoz qilishayotgandir. Lekin imtihon testlarining dollar kursiga qanday aloqasi bor? Ko‘rayapsizki, million marta og‘iz ko‘pirtirilgani bilan, mazkur loyiha faqat va faqat pul o‘zlashtirish, tanlov qoldirmasdan pul o‘zlashtirishni nazarda tutadi va bu loyihaning harakat xavfsizligiga qanaqadir bog‘liqligi bo‘lsa, u eng oxirgi o‘rinda turadi», — deb yozdi u.

Otabek Bakirov Autodriver Study Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilmaganiga ham e’tibor qaratdi. Ushbu reyestrdan Unitel mobil aloqa kompaniyasi («Bilayn» brendi) o‘rin olgan.

«Tasavvur qilingda, o‘zbek iste’molchisida uyali aloqa kompaniyasi tanlashda kamida beshta tanlov bor, ulardan biri „Unitel“ MCHJ haliyam ustun mavqega ega deb hisoblanilmoqda. Ha, yaxshi, Beeline’da ustun mavqe mezonlarining bilvosita belgilari bordir. Lekin iste’molchilarda imtihon topshirish borasida boshqa muqobil tanlov umuman yo‘q bo‘la turib Toshkent imtihon markazi ustun mavqe reyestriga qo‘shilmagan», — deya ta’kidladi u.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 6- moddasi bo‘yicha Toshkent imtihon markazi ustun mavqega ega deb e’tirof etilishi kerak, deb hisoblaydi moliyachi. Uning qayd etishicha, qonunning 7- moddasi bo‘yicha Toshkent imtihon markazi tariflarining oshirilishi tovarning monopol yuqori narxi deb topilishi zarur.

Fevralda Komil Allamjonov imtihon markazini tashkil etishdagi ishtirokini tasdiqlagan edi. Shu bilan birga, u monopoliya va manfaatlar to‘qnashuvi borasidagi ayblovlarni rad etib, o‘yin qoidalarini davlat o‘rnatgani, bozor belgilangan talablarga mos sharoitlarni yarata oladigan tadbirkorlar uchun ochiq ekanini ta’kidlagan edi.