O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og‘ir sharoitdan olib chiqish bo‘yicha qarorlar qabul qilganimiz o‘z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi va qo‘shimcha choralar belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatib, ularning loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident tarmoq va hududlarda kunlik monitoring o‘rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasini qo‘ydi. Tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘alarini to‘ldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarurligi aytildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev eksport masalasiga ham to‘xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Yig‘ilishda bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilayotganligi hamda ularning narxi sezilarli oshayotganligi muhokama qilindi. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlarga tezroq qaytishini ta’minlash hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.

Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda «ehtiyotkorona yondashuvni» qo‘llab borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Davlat rahbari bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqni joriy vaziyat, kutilayotgan o‘zgarishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 24 martdan boshlab so‘mning xorijiy valyutalarga nisbatan rasmiy kursini belgiladi, bunda 1 dollar 62,4 so‘mga arzonlab, 11609,59 so‘m etib belgilandi. Milliy valyuta 9 martdan keyin birinchi marta mustahkamlandi. 17 mart kuni Markaziy bank asosiy stavkani 17%gacha ko‘targan edi.