18-mart kuni World Happiness Report 2022, baxtli mamlakatlar reytingining yangi nashri e’lon qilindi. O‘zbekiston ushbu reytingda 11 pog‘ona pastlab, 53 o‘rinni egalladi.

2022-yilda e’lon qilingan reyting tadqiqotning 10 yillik yubiley nashri bo‘lib, unda 146 mamlakatdagi holat baholandi. Reytingni tuzishda aholi jon boshiga YAIM darajasi, umr ko‘rish davomiyligi, bandlik kafolati va korrupsiya darajasi kabi ko‘rsatkichlar hisobga olinadi. Bundan tashqari, reytingda mamlakatda fuqarolik erkinliklari, xavfsizlik va kelajakka ishonch hissi mavjudligi, shuningdek oilalarning barqarorligi ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi.

Finlyandiya reytingda qatorasiga beshinchi yil yetakchilik qilmoqda. Kuchli uchlikning qolgan o‘rinlari ham o‘zgarishsiz qoldi (Daniya, Islandiya).

O‘zbekiston baxtli mamlakatlar reytingining 2017 — 2021-yillardagi hisobotida MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi bo‘lib kelayotgan edi. 2021 yilda O‘zbekiston 42 o‘rinni egallagan bo‘lsa, yangilangan reytingda Qozog‘iston O‘zbekistondan 13 pog‘ona yuqorilab, MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu reytingda birinchi o‘rinni egalladi.

Besh yil davomida O‘zbekistonning reytingdagi pozitsiyasi 40 o‘rin atrofida shakllanib turgan edi.

Reytingda AQSh 16 o‘rinda, Rossiya esa 80 o‘rinda keltirilgan.

Reytingda oxirgi o‘rinlarni Zimbabve, Livan va Afg‘oniston egallagan.

World Happiness Report (Baxtiyorlik to‘g‘risidagi hisobot) BMTning barqaror rivojlanish yechimlarini izlash bo‘limi tomonidan har yili tuzib kelinadi. Ushbu hisobot va reyting 2012 yildan beri e’lon qilib boriladi.