Mart oyining dastlabki 15 kuni ichida respublikada 583 ming xonadonning bir kunlik iste’moliga teng miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘yicha 106 ta holatda ulgurji iste’molchilar tomonidan 7 mln 864 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanilgan. Natijada, gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 7 mlrd 646 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu miqdordagi tabiiy gaz 583 ming xonadonning bir kunlik (yoki Farg‘ona va Namangan viloyatlari jami aholi xonadonlarining 1 kunlik iste’moliga teng) iste’molini tashkil qiladi, deyiladi xabarda.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi:

  • Farg‘ona viloyatida — 5,6 mln kub metr yoki 5,6 mlrd so‘m;
  • Buxoro viloyatida — 1,1 mln kub metr yoki 1,127 mlrd so‘m;
  • Surxondaryo viloyatida — 596 ming kub metr tabiiy gaz yoki 593 mln so‘mni tashkil etgan.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.