Toshkent fond birjasida «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati aksiyalari savdosi 14 martdan boshlab «mavjud vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar» to‘xtatildi, deya xabar qildi Spot nashri. Bunga birja savdolarida zavod aksiyalari narxining keskin tushib ketgani sabab bo‘lgan.

So‘nggi haftada «O‘zmetkombinat» qimmatli qog‘ozlari deyarli 2,5 barobar arzonlashgan. 4 mart kungi savdolar yakuni bo‘yicha bitta aksiya narxi 125 800 so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, 11 mart kuni narx 51 528 so‘mni tashkil qilgan.

7 martdan boshlab har bir savdo kunida aksiyalar narxi 20 foizga tushib ketgan. Ayniqsa, 11 mart kuni savdolar hajmi sezilarli darajada oshdi. Shu kuni 8898 dona aksiya 463 mln so‘mdan qimmatroqqa sotilgan.

Kombinat vakillarining Spot nashriga izoh berishicha, 15 mart kuni «O‘zmetkombinat» aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda 1 yanvar holatiga ko‘ra taqsimlanmagan foydani ustav fondiga kapitallashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Shu munosabat bilan aksiyadorlar o‘z ulushlariga mos ravishda zavodning qo‘shimcha ulushlarini oladi.

Shuningdek, kompaniya investorlardan 4 martdan keyin aksiyalarni sotishdan bosh tortishni so‘radi. Ushbu sanadan keyin aksiyalarni sotib olgan investorlar reyestrga kiritilmasligi va bonusli aksiyalar ololmasligi mumkin.

«Biroq 4 martdan keyin ba’zi investorlar tomonidan aksiyalarni sotish bo‘yicha insofsiz harakatlar sodir etildi, — deyiladi kompaniya xabarida. — Shu sababli kompaniya «savdoning vaqtincha yopilishini qabul qiladi».