Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu prezidentning «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida qayd etilgan. Hujjat O‘zAda e’lon qilingan.

Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, IIV va Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga 2022 yil 1 iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
  • chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekistondan chiqarib yuborish va O‘zbekistonga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llamaslik;
  • ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;
  • ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur chora-tadbirlar haqida ilk bor 1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada zo‘ravonlikka uchragan. Shavkat Mirziyoyev tazyiqqa uchragan ayollar himoyasi sud tomonidan ta’minlanishi, himoya orderi esa bir yilgacha muddatga berilishini ma’lum qildi.