O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Antaliyada (Turkiya) bo‘lib o‘tayotgan II Diplomatik forum doirasida Ukrainadagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Biz juda xavotirdamiz. Bu haqda ko‘p gapirishimiz mumkin. Ammo, dunyodagi aksariyat odamlar singari, biz ham zo‘ravonlikning to‘xtatilishini va barcha muammolar siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishini xohlaymiz», — deya ta’kidladi vazir ANews nashriga bergan intervyusida.

Shuningdek, TIV rahbari forum doirasida «Afg‘oniston: yangi voqeliklarni qanday yengib o‘tish zarur» mavzusidagi sessiyada chiqish qilib, barqaror rivojlanish faqatgina yanada keng ko‘lamli hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkinligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini bir-biriga bog‘lashdir. Vazir Turkiyaning geografik joylashuvi tufayli Osiyo va Yevropa o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi borasidagi muvaffaqiyatini O‘zbekiston tomoni namuna sifatida ko‘rayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston ham o‘z geografiyasi sabab xuddi shunday rol o‘ynashiga umid bildirdi.


Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi Amir Xon Mottakiy va Abdulaziz Kamilov. Foto: Christopher Anzalone / Twitter.

Abdulaziz Kamilov forumda Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirar ekan, bugungi kunning asosiy muammosi — gumanitar inqirozlarning oldini olish ekanini ta’kidladi.

«Bugungi kun voqeliklariga e’tibor qaratish vaqti keldi. Bugungi kunning asosiy muammosi — gumanitar inqirozlarning oldini olishdir. Biz qo‘shni sifatida Afg‘oniston bilan aloqa va iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash uchun barcha mintaqaviy ishtirokchilar bilan ishlayapmiz», — deya ma’lum qildi u.

Fevral oyi oxirida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Rossiyaning Ukrainada amalga oshirayotgan harbiy harakatlari bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasi «bu masala bo‘yicha vazmin, neytral» ekanini ma’lum qilgandi.

Avvalroq, Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko O‘zbekistonga Ukraina tomoniga 28 tonna gumanitar yordam jo‘natgani uchun minnatdorchilik bildirdi.