Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i dushanba kuni uch oylik rekonstruksiya ishlariga yopildi. 5 mart kuni yashil hududni yangilash loyihasi OAV va jamoatchilikka taqdim etildi. Bog‘ni rekonstruksiya qilish Olmazor Business City biznes markazi va Toshkent shahar hokimligi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Foto: Olmazor Business City.

Maydoni 8 gektar bo‘lgan bog‘ hududining yarmi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining sayyor yig‘ilishi bayonnomasi va hokim qarori asosida shahar hokimligi huzuridagi Olmazor Business City direksiyasi balansiga tezkor boshqaruv huquqiga o‘tkazilgan, deya xabar qildi direksiya «Gazeta.uz»ga. Shuningdek, Olmazor Business City bog‘ni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi sifatida belgilangan.

Prezidentning 2018 yil avgustdagi qaroriga ko‘ra Business City ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish to‘g‘risida qarorlar mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadi. Markazlarni tashkil etishdan maqsad aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va ularni obodonlashtirish, turistik yo‘nalishlarda zamonaviy inshootlar qurish, shuningdek, shaharlarning investorlar uchun jozibadorligini hamda aholi va turistlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishdan iborat.

Foto: Olmazor Business City.

Loyiha taqdimotida Olmazor Business City direktori Umid Umarov piyodalar yo‘laklarini yangilash, yugurish va velosiped yo‘laklari, bolalar va sport mashg‘ulotlari uchun maydonlar yaratish, sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish, axlat qutilari, o‘rindiqlar, chiroqlar o‘rnatish vazifasi turganini ta’kidladi. Bog‘dagi mikroiqlimni saqlash uchun kichik kanal ta’mirlanadi. Bog‘ga tutash fuqarolar yig‘inlari tadbirlarini o‘tkazish uchun kichik savdo do‘konchalari va amfiteatr ham barpo etiladi.

Foto: Olmazor Business City.

Umid Umarov istirohat bog‘ida karusel va attratsionlar uchun joy yo‘qligini ta’kidladi. «Bu yer ekopark bo‘ladi», — dedi u.

Markaz direktori hududni obodonlashtirish ishlari O‘zbekiston landshaft dizayni uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Bog‘da ish boshlanishidan oldin yashil fond inventarizatsiya qilindi. Bugungi kunda bu yerda 1584 tup daraxt, jumladan, bagryanik, qarag‘ay, tut, eman, kashtan, yapon soforasi, chinor, archa, tol, qayrag‘och, mevali daraxtlar o‘smoqda.

Foto: Olmazor Business City.

Taqdimot kuni OAV vakillari va blogerlar ham 100 ga yaqin daraxt, jumladan, katalpa, shumtol, chinor, akatsiya, lola daraxti, qayin va hind lilagi kabi ko‘chatlar o‘tqazdilar. O‘simlik turlari Landshaft dizayni assotsiatsiyasi tavsiyasi asosida tanlangan.

Umid Umarovning ma’lum qilishicha, bog‘ rekonstruksiya qilish uchun uch oy muddatga yopiladi. Loyihachilar, uning so‘zlariga ko‘ra, zaxira vaqt ham olishgan. «Asosiy vaqt irrigatsiya tizimini rekonstruksiya qilishga sarflanmoqda, chunki hudud juda katta», — dedi u.

Foto: Olmazor Business City.

O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha Indigo jamiyati vakili Pavel Volkov buyurtmachidan daraxtlarga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishni so‘radi. U «Do‘stlik» bog‘ida (sobiq Bobur bog‘i) sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish jarayonida ishchilar o‘simliklarning ildiz tizimiga zarar yetkazganini esladi.

«Ushbu bog‘ni rekonstruksiya qilish Landshaft dizayni assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Biz professionallar sifatida bu loyihani boshidanoq nazorat qilamiz, — deya javob berdi assotsiatsiya rahbari Tatyana Yugay. — Aylanib ko‘rdik. Juda ko‘p daraxtlar kasal. Barcha daraxtlarni birdek saqlash shart emas. Agar daraxt 30−40 foizga shikastlangan bo‘lsa, yanada samaralirog‘i, park uchun bu daraxtni olib tashlash va katta sog‘lom daraxtlarni ekish yaxshiroqdir. Qarang, biz ko‘chatlar olib keldik. Hali bu eng kattasi emas — besh metr. Juda yaxshi o‘lchamdagi mahalliy daraxtlarni ekish ham mumkin. Besh-olti yillik ko‘chatlar. Yo‘laklar yoqasidagi butun yashil maydogan daraxtlar o‘tqaziladi».

Foto: Olmazor Business City.

Abdulla Qodiriy bog‘ida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida 2019 yil sentabr oyi o‘rtalarida e’lon qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil avgust oyida bog‘ga tashrifi chog‘ida uni rekonstruksiya qilishni topshirgandi.

2019 yilning noyabrida bog‘ni unga nomi berilgan yozuvchi yashagan davrni aks ettiruvchi etnoshaharga aylantirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

2021 yilning bahorida Hampton by Hilton brendi ostida ikkinchi mehmonxona qurilishi haqida xabar berilgan edi. Tashkent Park Abdula Kodiri Abdulla Qodiriy bog‘i ichida joylashadi. Quruvchi vainvestor Qozog‘iston BI Group hisoblanadi.

Yozda istirohat bog‘iga tashrif buyurgan Ekologik partiya vakillari «uning chiqindixonaga aylangani, investorlarga berilgan uchastkalardagi daraxtlar qurib qolganini» aytishgan edi.