O‘zbekiston Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishladi. 10 mart kuni tashkilot 12 yildan buyon amalda bo‘lgan boykotni 2021 yilgi paxta yig‘im-terimi vaqtida tizimli bolalar va majburiy mehnat qayd etilmagani sababli bekor qildi. Avvalroq, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston paxtachilikda bolalar va majburiy mehnatdan voz kechganini e’tirof etgandi.

«Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bundan buyon ham qat’iy davom ettirilishi va ular ortga qaytmasligidan dalolatdir», — deb yozdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva buni «tarixiy voqea» deb atadi.

«Bu yutuq O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qat’iy siyosiy irodasi, shuningdek, Majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan XMT va uch tomonlama sheriklar bilan birgalikda, fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtirokida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar tufayli erishildi», — dedi u.

Boykotning bekor qilinishi bilan O‘zbekistondan paxta mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilishni kengaytirish, shuningdek, to‘qimachilik sanoatiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish yo‘lidagi so‘nggi asosiy to‘siq bartaraf etildi, deb yozadi senator.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov esa bu boykotni bekor qilishga urinishlar birinchi navbatda, «odamlar uchun» bo‘lganini ta’kidladi.

«Albatta, davlat ham yutmoqda, biroq, birinchi navbatda biz fuqarolarimiz, mehnatkash odamlarning huquqlarini belgilab oldik. O‘ylaymanki, biz bunga birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan erishdik», — deya qayd etdi u.

Mehnat vaziri Cotton Campaign`ga nafaqat to‘qimachilik sohasida, balki qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham hamkorlikni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2009 yilda Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan edi. O‘shandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.

Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasidir.

Avvalroq Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgandi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.