Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi 1 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga mamlakatda Rossiya telekanallari efirini to‘xtatishni so‘rab, nota yubordi. Bu haqda elchi Nikolay Doroshenko «Ozodlik» radiosiga rus tilida bergan videointervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina Yevropa ikkinchi Jahon urushi davridan beri ko‘rmagan tajovuzga duch keldi, u xattoki bu darajadan ham oshib ketdi».

«Ukraina Rossiya harbiy mashinasining deyarli barcha arsenali zarbasini o‘ziga olmoqda va nafaqat o‘z mamlakatining, balki butun qit’aning xavfsizligini himoya qilmoqda. Biz nimaga nota yubordik? Bu aynan shu bilan bog‘liq. Biz [RF prezidenti Vladimir] Putin va uning jinoiy buyruqlarining barcha ijrochilarini Nyurnberg tribunali kutishi haqida gapirmoqdamiz. Biz bu ma’lumot haqida nafaqat Ukraina yoki Yevropa mamlakatlarida, balki O‘zbekistonda ham bilishlarini xohlaymiz. Biroq, ming afsuski, Rossiya telekanallari umuman boshqa urushni yoki ehtimol, bu urushning aslida yo‘qligini namoyish etmoqda. Va shuning uchun ham biz notani tayyorlashga majbur bo‘ldik, men uni imzoladim, biz 1 martdayoq uni yuborgandik», — dedi Nikolay Doroshenko.

Notada qayd etilishicha, Rossiya OAVlari «Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushini targ‘ib qilish, allaqachon minglab begunoh fuqarolar jabrlangan va fuqarolik infratuzilmasiga ulkan miqyosda zarar yetkazgan keng ko‘lamli Rossiya qurolli tajovuziga qarshi kurashayotgan ukrain xalqiga nisbatan milliy nafratni qo‘zg‘ashga qaratilgan maqsadli faoliyatni amalga oshirmoqda».

Foto: Intervyudan lavha / «Ozodlik».

«Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilayotgan axborot urushi harbiy kampaniyaning ajralmas qismi hisoblanadi va jahon hamjamiyatini dezinformatsiyalashga qaratilgan», — deyiladi notada.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning ko‘plab davlatlari allaqachon Rossiyaning «propagandachi» telekanallari efirini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

«Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan urushni boshlagan va xalqlar o‘rtasida nafratni urug‘lantirayotgan Kreml propagandachilariga qarshi sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Ukraina tomoni O‘zbekiston rahbariyati va vakolatli hokimiyat organlaridan Rossiya telekanallarini O‘zbekistonda efirga uzatilishi va kabel tarmog‘i orqali namoyish etilishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishni so‘raydi», — deya qayd etilgan maktubda.

Nikolay Doroshenko O‘zbekiston tomoni hozirga murojaatga javob bermaganini ma’lum qildi.

Elchi shuningdek, O‘zbekiston hukumati vafot etganlar munosabati ukrain xalqiga ta’ziya izhor etish maqsadida rasmiy murojaat bilan chiqmaganini ta’kidladi. Shunga qaramasdan, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning ko‘plab fuqarolari ijtimoiy tarmoqlar va telefon orqali elchixonaga qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

«Jamiyatning munosabat bildirayotgani va Ukrainada nima sodir bo‘layotganini tushunishining o‘zi qaysidir ma’noda javob hisoblanadi. Meni buni yuqori qadrlayman. Elchixonaning veb-sayti va mening sahifamda hozir o‘z shahrini tark etayotgan, jabrlangan bolalar va odamlarga insonparvarlik yordamini jo‘natish uchun pul yig‘ish maqsadida hisobraqamni e’lon qilishdi. Men sizga aytishim mumkinki, 9000 so‘mdan 23, 30 va 50 ming so‘mgacha o‘tkazmalar kelmoqda. Buni ehtimol, ukrain xalqi yordamga muhtoj ekanligini tushunadigan badavlat bo‘lmagan odamlar yuborayotganini anglayotgan bo‘lsangiz kerak. Men bu odamlardan juda minnatdorman», — dedi diplomat.

Nikolay Doroshenko 1966 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan so‘ng, Ukrainadan 30 mingdan ortiq quruvchilar kelib, shaharni qayta tiklashda ishtirok etganini eslatib o‘tdi. Chilonzor tumanidagi uylarda «O‘zbek xalqiga — Ukrainadan» degan yozuvlarni ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga, elchi hozirgi vaqtda O‘zbekiston «befarq qolmayotganini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati Ukrainaga dori-darmonlar va tibbiyot buyumlaridan iborat 28 tonnalik insonparvarlik yordamini yuborgan. U shuningdek, o‘zbekistonlik volonyotlar ham yordam to‘playotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston hukumati Ukrainaga gumanitar yordam yuborilishi haqida xabar bermagan. 9 mart kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken «Ukraina va Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatayotgan gumanitar yordami» uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirgandi.

Qaysi davlatlar Rossiya telekanallari efirini to‘xtatdi?

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari oqibatida bir qator davlatlar Rossiya telekanallari efirini to‘xtatdi va Rossiya OAVlarini bloklashni boshladi. Xususan, RT (Russia Today) kanali namoyishini Polsha, Finlandiya va Avstraliya taqiqladi. Latviyada esa bir qancha Rossiya telekanallari translatsiyasi to‘xtatildi. Moldova Sputnik axborot agentligi saytini blokladi.

YouTube esa Ukraina tomoni murojaatiga ko‘ra, Ukrainada «Pervыy kanal», «Zvezda», TNT va boshqa telekanallar namoyishini blokladi. Bundan tashqari, Yevropada RT va Sputnik sahifalari ham bloklab qo‘yildi.

Litvada 25 fevral kuni «NTV Mir», «RTR Planeta», «Rossiya 24», shuningdek, Belarus 24″ telekanallarini 5 yil muddatga, «PBK» va TVCI efirini esa 3 yil muddatga taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ushbu sanadan Estoniyada ham Rossiyaning beshta telekanali: «RTR Planeta», «NTV Mir», «NTV Mir Baltiya», «Rossiya 24» va TVCI, shuningdek, «Belarus 24»ni retranslyatsiyasiga qo‘yilgan taqiq kuchga kirdi.

qarashli Italiyaning efirga uzatuvchi Sky Italia kompaniyasi (egasi News Corp.) «Rossiya 24», «RTR Planeta», «Pervыy kanal» va RT`ni avtomatik efir setkasidan chiqarib yubordi.

Qozog‘istonning Karaganda viloyati hududiy telekommunikatsiya kompaniyasi hisoblanmish «Remstroyservis» Rossiya federal telekanallari efirini o‘chirib qo‘ydi.