21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligini tan olishi ortidan Germaniya kansleri Olaf Shols «Shimoliy oqim-2» loyihasining sertifikatsiyasini to‘xtatdi. 23 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden «Shimoliy oqim-2» operatori Nord Stream 2 AG kompaniyasi va uning rasmiylariga qarshi cheklovlar qo‘ydi.

7 mart kuni Londonning ICE birjasida gaz narxi ketma-ket to‘rtinchi kun rekord darajaga oshib, aprel oyi uchun ming kubometr gazning fyuchers narxlari 3950 dollargacha ko‘tarildi. Keyin esa bir soat ichida narxlar 1000 dollarga pastladi. Maqola e’lon qilingan paytda 2400 dollar atrofida bo‘lib turibdi.

Gaz narxining o‘sishi AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa ba’zi mamlakatlar tomonidan Rossiyaning bir qator yuridik va jismoniy shaxslariga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi e’lon qilinganligi ortidan kuzatilmoqda. Ushbu sanksiyalar esa Rossiya Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy operatsiya» e’lon qiganligi sabab qo‘llanilgan edi.

Rossiyalik mutaxassislarning fikricha, Yevropa Rossiya energiya manbalariga taqiq qo‘ygan taqdirda, YeIda gaz narxi besh xonali qiymatlarni ko‘rsatishi mumkin.

Yuzaga kelgan vaziyatda Yevropa va Rossiyaning energetika sohasidagi ko‘plab mutaxassislari Yevropa Rossiya gazisiz yashay olishi imkoniyatini tahlil qilishmoqda.

Germaniya kansleri Olaf Shols ZDF telekanaliga bergan intervyusida mamlakat o‘zining Rossiya gazidan qaramligini kamaytirish uchun qanday aniq choralar ko‘rayotgani haqida aytib o‘tdi. Shols Germaniya hozir ham Rossiyadan gaz, neft va ko‘mir olayotgani, lekin shu bilan birga asta-sekin qayta tiklanadigan energiya manbalariga (shamol va quyosh) o‘tayotganini qayd etgan.

«Germaniya juda qisqa vaqt ichida neft va gazdan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechishga qaror qildi va 2045 yilga kelib Germaniyaning uglerodsiz-neytral iqtisodiyoti dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotlardan biriga aylanadi», — degan kansler.

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, gaz Germaniyada iste’mol qilinadigan energiyaning to‘rtdan bir qismiga to‘g‘ri keladi va bu gazning katta qismi Rossiyadan import qilinadi. Germaniyada mavjud gaz quvurlarining uchdan bir qismi ham Rossiyadan keladi. Shuningdek, Norvegiya va Gollandiya ham yirik yetkazib beruvchilar hisoblanishadi, ammo ularning ulushi Rossiyanikidan ancha kamroq.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining energiya bo‘yicha mutaxassisi Nikos Safos Yevropa Rossiya gazisiz juda qiynalishini qayd etdi.

«Yevropa har yili taxminan 400 milliard kubometr gaz import qiladi. Rossiya Yevropaga 175 dan 200 milliard kubometrgacha gaz yetkazib beradi. Savol: Yevropa muqobil gaz yetkazib berish va/yoki undan foydalanishni qisqartirish orqali yana 175−200 milliard kub m. gaz topa oladimi? Bu juda qiyin», — deydi u.

Mutaxassis Yevropaning suyultirilgan tabiiy gazni (STG) import qilish quvvati 240 milliard kubometrni tashkil qilishini aytgan. «Ammo bu quvvatlarning aksariyati Ispaniyada joylashgan. Yevropaning qolgan qismidan uzilgan. Ba’zi hududlarda STG quvvati Rossiya gazining o‘rnini qoplash uchun yetarli, lekin aksariyat hududlarda — yetarli emas. Germaniyada STG terminallari yo‘q, ular endi qurilmoqda. Ular yiliga 20 milliard kub.m quvvatga ega bo‘ladi».

«Yevropa 2021 yilda 108 milliard kubometr suyultirilgan tabiiy gaz import qildi (Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga ko‘ra 140 mlrd kub.m. — tahr.). Agar Ispaniya hisobga olinmasa, Yevropada taxminan 130 milliard kubometr bo‘sh STG quvvatlari bor. Bu taxminan 175 milliard kubometrlik Rossiyadan olib kelinishi kerak bo‘lgan gaz o‘rnini qoplash uchun yetarli emas. 2022 yil yanvar oyida Yevropaning STG importi taxminan 16 milliard kub metrni tashkil etdi (12 million tonna). Tizim deyarli to‘liq quvvat bilan ishlamoqda», — deydi Safos.


Yevropa suyultirilgan tabiiy gazni qaysi davlatlardan import qiladi (mln tonnada)

Mutaxassis Yevropa suyultirilgan tabiiy gaz bozorining kichik bir qismi ekanligini, lekin bu bozorning o‘zi katta emasligini ta’kidlagan. «Agar sizga Yevropa uchun, aytaylik, 100 milliard kubometrk suyultirilgan tabiiy gaz kerak bo‘lsa, uni topishning deyarli iloji yo‘q. Agar Xitoy bir yil davomida STG importidan voz kechishini tassavur qiladigan bo‘lsak, hatto bu ham Yevropaning Rossiyadan import qilgan ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi», — deb hisoblaydi u.

Safos aprel yoki iyun oylarida Rossiya gazisiz yashash mumkinligini ta’kidladi. «Bu vaqtda gaz juda zarur emas. Yanvar oyida esa gaz kerak. Eng muhim masala — bu gazni qishda yetkazib berish imkoniyati. Qishki talabni qondirish uchun ko‘plab omborlar kerak. Ularni esa o‘z navbatida to‘ldirish zarur (2021 yil qaytarilmasligi uchun). Yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlar Yevropaning gaz xavfsizligi haqida gap ketganda deyarli ma’nosiz. Eng muhimi qishki talab», — deydi u.

«Gaz daromadlari Rossiya tashqi balansining kichik bir qismidir. Agar „barcha“ energiya eksporti zarar ko‘rgan bo‘lsa ham, Rossiya boshqa tarmoqlarda o‘zining import ehtiyojlarining ko‘p qismini qoplash uchun yetarli miqdorda eksportga ega», — deydi Nikos Safos.

Yevropaning gaz qaramligi

Yevropada sodir bo‘layotgan energiya inqirozi 2021 yilda boshlangan edi. sentabr oyida yevrozonada inflyatsiya darajasi 3,4 foizga ko‘tarildi. Energiya narxlari inflyatsiyasi esa 17 foizdan oshdi. Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Bruno Le Mey YeI energiya bozorining asosiy kamchiligi — bu elektr energiyasi umumiy narxining tabiiy gaz narxiga bog‘langanligi ekanligini qayd etgan edi.

Euronews nashriga ko‘ra, dunyo miqyosida COVID-19 bilan bog‘liq karantin cheklovlarining yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi va mamlakatlar tashqi iqtisodiy aloqalarining qayta tiklanishi ko‘plab turdagi tovarlarga, shu jumladan, tabiiy gazga bo‘lgan global miqyosdagi yalpi talabni rag‘batlantirgan.

Yevropa parlamenti Gazprom (Rossiya) «Shimoliy oqim 2» (NS2) gaz quvurini ishga tushirilishiga erishish maqsadida qasddan YeIga gaz yetkazib berish hajmini oshirishga shoshilmayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, Komissiyani bu borada tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi.

2021 yilning sentabr boshida Gazprom NS2 gaz quvurini qurish ishlari yakunlanganligi haqida rasman xabar berdi. Keyingi bosqichda NS2`ni ishga tushirish Germaniya tomonidan ma’qullanishi kerak edi. Biroq yuqorida aytilganidek, hozirda sertifikatsiya to‘xtatilgan.

NS2 gaz quvuri Rossiyadan Yevropaga Boltiq dengizi orqali gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi. Uzunligi 1200 km bo‘lgan mazkur gaz quvurining quvvati yiliga 55 mlrd metr-kubga teng bo‘lib, YeIga gaz yetkazib berish umumiy quvvatini ikki barobarga oshirish imkonini beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, NS2`ning ishga tushirilishi Rossiyaning mintaqaga gaz eksporti hajmini ikki baravarga oshirar ekan, o‘z navbatida, uning mintaqa energiya bozoridagi monopoliyasini mustahkamlaydi. Bu mamlakatga bozordagi gaz narxi ustidan nazorat o‘rnatish imkonini berishi mumkin.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula Fon Der Lyayen Yevropani gaz bilan ta’minlash masalasi haqida gapirar ekan, mintaqaning Rossiyaning gaziga qaramligi siyosiy bosim vositasiga aylanishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgan.

«Yevropaning Rossiya gaziga qaramligi siyosiy bosim vositasiga aylanishi mumkin, Yevropa o‘z gazining 90 foizini import qiladi va bu gazning 40 foizdan ortig‘i Rossiyadan keladi. Rekord darajadagi narxlar va talabning kattaligiga qaramasdan, bizga [gaz] yetkazib berishni oshirishga hech qanday qiziqish bo‘lmayapti. Bu „Gazprom“ tomonidan juda g‘alati harakat», — deydi Yevropa komissiyasi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Norvegiya, AQSh, Qatar va Ozarbayjon bilan suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Yevropaning asosan Qatardan umidlari katta.

«2021 yilning ikkinchi yarmida narxlar ko‘tarildi va barcha ishlab chiqaruvchilar bundan foydalanishga urindi. Suyultirilgan tabiiy gazning eksport hajmi o‘zining eng yuqori cho‘qqisida bo‘lib turgan vaqtda Qatar shunchaki qo‘lini cho‘zib, divanining tagidan bir necha million tonna gaz ololmaydi», — deydi Middle East Economic Survey bosh muharriri Jeymi Ingram.

Qayd etilishicha, Yevropada Rossiya gazining o‘rnini to‘ldirish uchun yangi ishlab chiqarishni tezda yo‘lga qo‘yishning iloji yo‘q, buning uchun yillar kerak bo‘ladi. Gazni bir bozordan ikkinchi bozorga oddiygina ko‘chirib ham bo‘lmaydi. Birinchidan, uzoq muddatli shartnomalar mavjud va gaz ishlab chiqaruvchilar qisman bo‘lsada bu shartnomalar bo‘yicha Osiyo bozorlariga gaz yetkazib berishga majbur. Ikkinchidan, Qatar Osiyodan o‘zining barcha gazini qaytarib olsa ham, bu Yevropa talablarini qondirishga yetmaydi.

Gaz qaramligini kamaytirish maqsadida, 2022 yilning boshida Yevropa Ittifoqi AQSh, Qatar va Ozarbayjondan gaz olib kelishni muhokama qilgan edi.

«Biz (Rossiya bilan) diplomatiyaning barbod bo‘lishi ehtimoliga tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz barcha variant va ssenariylarni ko‘rib chiqmoqdamiz, shuningdek, Rossiyadan yetkazib berish kechikishi yoki to‘xtatilishi holatlarida AQSh, Qatar va Ozarbayjon kabi hamkorlar bilan gaz yetkazib berilishi bo‘yicha ishlayapmiz», — deb yozgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel.

Hamma bir-biriga qaram (mi)?

Energiya xavfsizligi milliy jamg‘armasi tahlilchisi Igor Yushkovning tushuntirishicha, «Qatar odatda, yiliga 106 milliard kubometr gaz ishlab chiqaradi, Rossiya esa o‘tgan yili Yevropaning o‘zigagina 175 milliard kubometr gaz eksport qildi. Bundan tashqari, Qatar shu 106 milliard kubometrdan 30 milliardini Yevropaga shundoq ham yetkazib beradi. Ya’ni atigi 70 milliard kubometr gazni Yevropa (bozori)ga qayta yo‘naltirish mumkin, bu ham nazariy jihatdan, sababi ushbu gaz bo‘yicha shartnomalar tuzib bo‘lingan».

Igor Yushkovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiya gaz ta’minotiga juda qaram, shu bilan birga Rossiya ham savdo bozori sifatida Yevropaga qaram. Agar Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatsa, unda u o‘z gazini qo‘yadigan joy topolmaydi. Ishlab chiqarishni to‘xtatib, katta yo‘qotishlarga uchrashga to‘g‘ri keladi.

Yevropa energeya inqiroziga qarshi qanday kurashmoqchi?

3 mart kuni Xalqaro energetika agentligi (XEA) mutaxassislari Yevropaning Rossiya gaziga qaramligini kamaytirishga yordam beruvchi 10 bandlik rejani ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yilda ko‘riladigan choralar Rossiyadan gaz importini uchdan bir qismga kamaytiradi, qo‘shimcha harakatlar esa Rossiya gazining importini 50% dan ko‘proqqa kamaytiradi.

«2021 yilda Yevropa Ittifoqi Rossiyadan quvur liniyasi orqali kuniga o‘rtacha 380 mln kubometr gaz yoki umuman yil davomida taxminan 140 milliard kubometr gaz import qildi. Bundan tashqari, taxminan 15 milliard kubometr suyultirilgan tabiiy gaz (STG) shaklida yetkazib berildi», — deyiladi hujjatda.

Yevropaning Rossiya gaziga qaramligini kamaytirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar Norvegiya va Ozarbayjondan gaz importi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan gaz quvurlari qurilishining ko‘payishi, shuningdek biogaz va biometan yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatini ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, 1 oktabrga qadar gaz omborlari ishchi quvvatinini kamida 90% ga to‘ldirish, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining gaz sotib olish bo‘yicha harakatlarini muvofiqlashtirish, binolarning tomlariga quyosh fotoelektr tizimlarini intensiv ravishda joylashtirish, bioenergiya elektr stansiyalari va shamol turbinalari qurilishini tezlashtirish taklif etiladi.

Shuningdek, yer ostidagi iliq suvni yuqoriga olib chiqadigan issiqlik nasoslari yordamida turar-joy binolari va kichik biznes obyektlarini isitishni kengaytirishga imkon beruvchi loyihalarga investitsiyani rivojlantirish ko‘rib chiqilmoqda.

Rossiya energetika va Moliya instituti katta mutaxassisi Sergey Kondratevning fikriga ko‘ra, Rossiya gazining o‘rnini qoplash imkonsiz — dunyoda munosib muqobillar mavjud emas.

«Dunyodagi barcha yetakchi yetkazib beruvchilar bor kuchida ishlamoqda. Yangi loyihalardan faqat Midcat va Baltic Pipe gaz quvurlarini qayd etish mumkin. Midcat Jazoir va Marokashdan Ispaniyaga yoqilg‘i yetkazib berishni ko‘paytirishi kerak. Baltic Pipe esa Norvegiyani Polsha bilan, Boltiqbo‘yi davlatlarini Finlyandiya bilan suv osti trubasi orqali bog‘laydi», — deydi Sergey Kondratev.

Mutaxassisga ko‘ra, bu loyixalar beradigan gaz hajmini Rossiya gaz eksporti bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Shuningdek, Rossiyaning milliy energetika instituti direktori o‘rinbosari Aleksandr Frolov Norvegiyaning gaz eksport qilish potensialining ta’siriga shubha bildirdi.

«Norvegiyada ishlab chiqarilayotgan 125 milliard kubometr yoqilg‘idan har yili 120 milliard kubometrga yaqini tashqi bozorlarga eksport qilinadi. Skandinaviya mamlakatining ichki quvvatllarining zaxirasi global ta’minotning hatto ozgina o‘sishi uchun ham yetarli bo‘lmaydi», — deb tushuntirdi Frolov.

Kondratevning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi eng katta gaz koni hisoblanadigan Niderlandiyadagi Groningen hozir yopilish arafasida turibdi. 1963 yilda konning umumiy quvvati 2,9 trln kubometr bo‘lgan va 2022 yilning oxirigacha Groningen Yevropaga 25−30 milliard kubometr gaz yetkazib berishi mumkin, ammo seysmik xavf-xatarlar sabab Niderlandiya xukumati kon faoliyatini to‘xtatmoqchi.

Yevropa Ozarbayjondan ham gaz eksport qilishni rejalashtirmoqda, ammo Aleksandr Frolovning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan yiliga umumiy quvvati 16 milliard kubometr bo‘lgan yagona quvur orqali bog‘langan. Ularning 6 milliardi Turkiyaga to‘g‘ri keladi. 2 milliard Bolqon davlatlariga va 8 milliard kubometri Italiyaga boradi. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, agar Ozarbayjon qo‘shimcha 10 milliard kubometr gaz olish imkoniyatini topsa ham, ularni chet elga olib chiqa olmaydi.

Rossiya energetika va Moliya institutining energetika yo‘nalishi bo‘yicha direktori Aleksey Gromovning aytishicha, suyultirilgan tabiiy gaz sektori — Rossiya gaz eksportini siqib chiqarishi mumkin bo‘lgan yagona sektordir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada AQSh va Qatarga ko‘p narsa bog‘liq.

«2026 yilgacha Qatarning Yevropaga suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti 16−17 milliard kubometrga ko‘payishi mumkin. 2023 yilning oxiriga kelib AQSh STG zavodlarining quvvati 30 mln tonnaga oshadi (1 tonna suyultirilgan tabiiy gaz 1,3 kubometr tabiiy gazga teng — tahr). Hozir AQShda ortiqcha 19 mlrd kubometr, yoki 14 mln tonna STG mavjud», — deydi Aleksey Gromov.

Brookings instituti mutaxassisi Samanta Grossning ta’kidlashicha, AQSh Kongresining ba’zi a’zolari mamlakatda inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun tabiiy gaz eksportini cheklashga chaqirishmoqda. AQSh STG eksporti Yevropada gaz bozorini stabillashtirishning muhim qismidir, deydi Gross. Uning aytishicha, AQSh STG ishlab chiqaruvchilari Yevropada gaz narxi oshishiga javoban eksportni sezilarli darajada oshirgan va yanvar oyida AQSh dunyoda STG eksporti bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallagan.

«Yevropada tabiiy gazning o‘rnini qoplash Rossiya prezidanti Vladimir Putinning „tabiiy gaz quroli“ ta’sirini kamaytiradi», — deydi Samanta Gross.

Rossiyalik mutaxassis Aleksey Gromovga ko‘ra, Qatar va AQSh yaqin oylarda dunyo bozoriga 35 mlrd kubometr qo‘shimcha STG eksport qilishi mumkin, ammo shu ko‘rsatkichlar ham Rossiyaning 200 mlrd kubometrga baholanayotgan gaz eksportidan bir necha baravar kam.

Yevropa komissiyasi Rossiya gazidan 2030 yildan ancha oldinroq voz kechishni tezlashtirish bo‘yicha REPower EU rejasini ishlab chiqdi. Hujjat shu yil oxiriga qadar gaz ta’minotiga qaramlikni 67 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Germaniya vitse-kansleri Robert Xabek Germaniya Rossiyaning energiya ta’minotidan voz kechishga tayyorligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya gaz sohasida «qish va yozni yaxshi o‘tkazadi», neft zaxiralari 3 oyga yetadi, ko‘mir esa «bundan ham ko‘proqqa yetadi». Umuman olganda, Germaniya energetika sektorining zaxiralari va imkoniyatlari uch yil davomida yetishi tahmin qilingan.

Yevropa komissiyasi rahbari o‘rinbosari yevropaliklarga YeIni Rossiya oldida energiya barqarorligiga erishishi uchun isitish tizimi va kvartiralaridagi haroratni pasaytirishni taklif qildi.