Rossiya Markaziy banki aholining valyutadagi omonat va hisob-raqamlaridan xorijiy valyutalarni yechish bo‘yicha cheklovlar joriy qildi.

Unga ko‘ra, 9 sentabrga qadar xorijiy valyuta yechib olmoqchi bo‘lgan rossiyaliklar 10 ming AQSh dollaridan ortiq pul yechib ololmaydi. Bu keyingi 9 oy davomida umumiy yechib olinishi mumkin bo‘lgan mablag‘. 10 ming dollardan ortiq mablag‘lar pul yechilayotgan kundagi kurs bilan rublda beriladi.

Shuningdek, banklar mijozlari xorijiy valyutani faqat AQSh dollarida yechib olishlari mumkin bo‘ladi. Boshqa valyutalar pul yechilayotgan kundagi kurs bilan dollarga konvertatsiya qilinib beriladi.

Rossiya fuqarolari xorijiy valyutalarda hisob-raqamlari va omonatlarni saqlashda davom etishlari mumkin bo‘ladi, ularning shartlari o‘zgarmaydi. Xorijiy valyutadagi yangi hisob-raqamlarini ochishga ham ruxsat berilgan.

Ushbu muddat davomida banklar tomonidan fuqarolarga naqd valyuta sotilmaydi. Shu bilan birga, naqd xorijiy valyutani istalgan miqdorda rublga almashtirish mumkin bo‘ladi.

Rossiyaning «Sber» banki o‘z mijozlariga naqdsiz xorijiy valyutani bank ilovalari yoki birjada cheklovlarsiz sotib olish mumkinligini ma’lum qildi.

Ukrainadagi harbiy harakatlar ortidan g‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni oshirmoqda. Sanksiyaga tushganlar qatorida mamlakatning qator banklari ham bor («VEB.RF», «Sber», «Gazprombank» , «Alfa-bank», «Otkrыtiye» va «Sovkombank»).

Yevropa ittifoqi Rossiya Markaziy bankining aktivlarini muzlatib qo‘ydi va shu orqali regulyatorning rubl kursini xalqaro kelishuvlar hisobiga qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini chekladi. Shuningdek, YeI Rossiyaga yevro banknotalarini sotish va yetkazib berishni taqiqladi.

Buning ortidan Rossiyada 10 ming dollardan ortiq miqdorda xorijiy valyutani olib chiqish taqiqlandi. Chet elga pul o‘tkazmalari oyiga 5 ming dollar miqdorida cheklandi. Bundan oldin eksport qiluvchilarga xorijdan olingan xorijiy valyuta o‘tkazmalarining 80 foizini sotish majburiyati yuklandi.

Shuningdek, Rossiya Markaziy banki, birjada dollar, yevro va funt sotib olmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun komissiya 30%dan kam bo‘lmasligini belgiladi (keyinroq 12%ga tushirildi).