6−7 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 674 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 109 nafar ayol, 57 nafar voyaga yetgaman shaxs va 12 nafar chaqaloq olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 28 fevraldan 7 martga qadar 19 ta aviareys tashkillashtirilib, urush bo‘layotgan joylardan 4359 nafar O‘zbekiston fuqarosi qaytarilgan.

TIV rasmiy vakiliga ko‘ra, 7 mart kuni yana bitta reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.

«Polsha hududida O‘zbekistonning 350 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 80 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, qariyb 270 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan», — deyilgan ma’lumotda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy muloqot olib bormoqda. Diplomatlar Ukrainaning turli nuqtalarida, shu jumladan, jang harakatlari davom etayotgan hududlarda bo‘lib, fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq 5 nafar o‘zbekistonlik yuk tashuvchi Ukraina-Rossiya chegarasida qolib ketgani haqida xabar berilgan edi.