5 martdan boshlab Rossiya Veterinariya nazorati va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmat (Rosselxoznadzor) ilgari qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilib, 9 mamlakatdan Rossiyaga sabzavot mahsulotlarini olib kirishga ruxsat berdi.

Quyidagilarni olib kirishga taqiq olib tashlandi:

  • Armanistondan pomidor;
  • Ozarboyjondan pomidor;
  • Belarusdan pomidor va qalampir;
  • Qozog‘istondan pomidor va qalampir;
  • Turkmanistondan pomidor va qalampir;
  • Qirg‘izistondan pomidor va qalampir;
  • O‘zbekistondan pomidor va qalampir;
  • Misrdan kartoshka;
  • Turkiyadan pomidor, qalampir, qovoq va baqlajon

«Qaror yuqoridagi mamlakatlarning o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha milliy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va YeOII a’zo davlatlarining fitosanitariya talablari buzilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotlar tahlili asosida qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 26 noyabrida Rosselxoznadzor Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan sabzavotlarda karantin kasalligi tobamovirus aniqlanganligi bois ularni olib kirishga taqiq qo‘ygandi. Undan so‘ng, o‘sha yilning 9 dekabriga kelib urug‘li jigarrang burishgan virus sabab Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan pomidor va qalampir olib kirishni ta’qiqladi.

2021 yilning 14 aprelida esa Rosselxoznadzor O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining kafolati bilan Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi 17 ta korxonaga Rossiyaga pomidor va qalampirni yetkazib berishga ruxsat berdi. Biroq, butun mamlakat bo‘ylab pomidor va qalampir yetkazishga taqiq saqlanib qolgandi.