Prezident Shavkat Mirziyoyev bir oy muddat ichida talabalar yotoqxonasi masalasida o‘zgarish qilmagan hokim va OTM rektori ishdan olinishini ta’kidladi. U bunga 4 martdagi videoselektor yig‘ilishida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«2021 yilda talabalar yotoqxonasi bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin, barcha hududlarda ham ishlar bir xilda olib borilmayapti», — dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ehtiyoji bo‘lgan talabalarning 90 ming nafari yotoqxona bilan ta’minlangan, xolos.

Misol uchun, 2022 yilda xususiy sherikchilik asosida 19 ming o‘rinli 47 ta talabalar yotoqxonasini qurish belgilangan bo‘lib, subsidiyalar uchun budjetdan 180 milliard so‘m ajratilgan. Bugungi kunda Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda ish boshlanmagani tanqid qilindi.

Shuningdek, ijarada yashayotgan talabalarga 2022 yilda budjetdan 120 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan. Ya’ni, rektorlarga o‘tgan ikki oyda 24 milliard so‘m mablag‘ berilgan. Biroq, ushbu mablag‘lardan atigi 5 milliard so‘m ishlatilgan. «Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qaysi oliygoh rektori yotoqxona qurilishining 50 foizini o‘z oliygohi mablag‘i hisobidan qilish tashabbusini bildirsa, qolgan 50 foizi budjetdan qoplanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda prezident Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qilgandi. «Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin 1 haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari bundan buyon barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Markaziy bank tajribasi asosida Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari 3−4 kurs talabalarni haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.

Qolaversa, 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashini, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligini aytildi. U talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlarni tanqid qildi. Endi talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi.