Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan Rossiya, yirik kompaniya va banklariga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy qilindi, mamlakat hukumati vakillari va ishbilarmonlarga nisbatan shaxsiy cheklovlar, xalqaro moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatiga taqiqlar o‘rnatildi. Bir qator xorijiy kompaniyalar Rossiya hududida faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi va mamlakatdan o‘z kapitalini olib chiqib ketishni boshladi. Rubl kursi quladi, naqd pul va xorijiy valyuta tanqisligi yuzaga keldi, bir qator tovarlar narxi ko‘tarildi. «Gazeta.uz» Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar va muhojirlar bilan sanksiyalar hamda valyutaning qadrsizlanishi daromadlari va ular ishlayotgan kompaniyalarga qanday ta’sir qilgani, atrofda hukm surayotgan muhit va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdi.

Muqaddam, menejer, 30 yoshda, Moskva

«Hech narsa qilib bo‘lmasligi — bu uyat»

Ahvol juda yomon. Barcha do‘stlarim, hamkasblarim, tanishlarim, xuddi men singari, bu urushga qarshi. Hammada tushkunlik va uyat hissi. Begunoh odamlarning o‘limi oldidagi uyat hissi. Hech narsa qilib bo‘lmasligidan uyalish. Bitta odamning xatti-harakatlari sabab butun boshli xalq jabr ko‘rayotganligidan uyalish. O‘z kelajagingiz uchun xavotir.

Yillar davomida barpo etilgan hamma narsa bir kunda vayron bo‘ldi. Barqarorlik yo‘qoldi. Ko‘pchilik do‘stlarim yashash joyini o‘zgartirish yoki hech bo‘lmaganda, vaziyat yaxshilanmaguncha, vaqtincha [mamlakatdan] ketish haqida o‘ylamoqda.

Ko‘pchilik [harbiy xizmatga] chaqiriq yoshidagi aka-ukalarini frontga olib ketmasliklari uchun zudlik bilan [mamlakatdan] olib chiqib keta boshladi. Umuman, odamlar na risoladagidek ishlay olyapti va na dam ololyapti.

27 fevral kuni kurs 150 rublgacha ko‘tarilganida, mening daromadim dollar hisobida 2,2 baravarga kamaydi. Toshkent standartlari ko‘ra, bu — o‘rtacha [malakaga ega] IT-mutaxassisining oylik ish haqi degani.

Hozirda [ishlaydigan] kompaniyam indeksatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda, biroq hech qaysi kompaniya daromad hech bo‘lmaganda kurs bir dollar uchun 73 rubl bo‘lgan holatga qaytishi uchun ish haqini ikki baravar oshira olmasligini hammamiz tushunib turibmiz.

Ayni paytda ichki bozor allaqachon bunga javob qaytarmoqda. Import qilingan mahsulotlardan tayyorlangan taomlar restoranlar menyusidan olib tashlanmoqda, ayrim brendlar xomashyo materiallar olib kirilmayotganligi sabab shunchaki to‘xtab qolgan, kutishmoqda. Import xomashyodan ishlab chiqariladigan hamma narsa hozirdanoq kamida 30 foizga qimmatlashdi.

Mening kompaniyam ichki bozor uchun ishlaydi. Hozircha faqatgina xorij valyutasini sotib olish va valyuta operatsiyalari amalga oshirish bilan bog‘liq cheklovlar yuzaga keldi. Ammo kompaniya juda yuqori darajadagi likvidlikka ega va xodimlarni himoya qilish uchun hamma narsani qilmoqda.

Aniq bilganim shuki, hozir rossiyaliklar tashqi kontragentlardan daromad olish maqsadida zudlik bilan xorijiy banklarda hisob ochish imkonini izlamoqda. Ayrim kompaniyalar o‘z jamoalarini ruhiy jihatdan beqarorlik zonasidan olib chiqish maqsadida ularni butunlay boshqa mamlakatlarga ko‘chirishdi.

Men ayni paytda Turkiyadaman, Istanbuldagi do‘stlarim bilan tug‘ilgan kunimni nishonlash uchun 23 fevral kuni uchib ketgan edim. Vaziyat bunday bo‘lib ketishini kim ham o‘ylagandi deysiz. Shuning uchun Moskvada nimalar sodir bo‘layotganini do‘stlarimning xabarlari va yangiliklar orqali kuzatib boryapman.

Ko‘plab do‘stlarim mitinglarga chiqishdi, o‘z xohish-irodasini erkin bildirishga bo‘lgan har qanday urinishlar qattiq bostirilmoqda.


Moskva. Foto: Meduza.

Do‘konlardagi narxlar hozircha taxminan avvalgidek, ammo bu tez orada o‘zgaradi. Chetdan olib kirilgan hamma narsa 2 barobar qimmatlashadi. Axir hech kim zaxiraga olib qo‘ymagan. Xomashyo materiallar narxining ko‘tarilgani sabab aksariyat mahalliy brendlar ham yopiladi. Umuman olganda, vaziyat juda achinarli.

Qo‘shni mamlakatlarga chiptalar allaqachon bir necha hafta oldindan to‘liq sotib olib bo‘lindi. Bankomat va banklarda navbatlar dastlabki kunlardayoq paydo bo‘lgan edi. Dollar va rublda naqd pul yechib olishga. Dastlabki sanksiyalar banklarga taalluqli edi, shu zahoti hamma har ehtimolga qarshi naqd pul yechib olish uchun ketdi. 24 fevral kuni rossiyaliklar bankomatlardan 111 mlrd rubl yechib olishgani haqida yangiliklarda o‘qidim.

Vaziyat qay yo‘sinda davom etishi hozircha noma’lum, biroq hamma [pulini] chet el valyutasiga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Uzoq vaqt davomida naqd puldan foydalanmay qo‘ygan odamlar (99% xaridlar uchun karta orqali to‘lash mumkin edi) naqd pullarga odatlanishlariga to‘g‘ri keladi.

Rubldagi pul o‘tkazmalari muammosiz kechmoqda. Apple Pay / Google Pay bilan bog‘liq muammolar mavjud, kartalarga havola o‘chirilgan yoki o‘chirilmaganligi hozircha noma’lum.

Men bir yarim oylik sayohat va oilamni ko‘rib kelish maqsadida Toshkentga uchishni rejalashtirgandim. Vaziyatni kuzatib boraman va Moskvaga borish yoki bormaslik haqida qaror qabul qilaman. Ammo Moskvada mening uyim, do‘stlarim va ishim bor. Hamma narsani qoldirib, kichkina chamadon bilan chiqib ketganman. Qaytib borishim aniq, uzoq vaqtgami yoki yo‘q, noma’lum.

Aziz, event-agentlik rahbari, 27 yoshda, Moskva viloyati

Men Pushkinoda ishlayman, tadbirlar o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi agentligim bor, intellektual o‘yinlar va tadbirlar tashkillashtiraman. Bizda ahvol qanaqa? Vahimali vaziyat, hamma shok holatida. Bu harbiy operatsiya bo‘lishini hech kim kutmagan edi, bizga buni urush, deb atashni qonunan taqiqlashmoqda. Aniqrog‘i, buning uchun hibsga olishlari mumkin. Hujum haqida gapirishga ham haqqim yo‘q, biroq men mazkur «maxsus operatsiya»ga qarshiman va uni qoralayman.

Aftidan, Rossiyada odamlar hozir sodir bo‘layotgan voqealardan juda uyalmoqdalar. Va ularning qo‘llaridan hech narsa kelmaydi. Piketlarga, mitinglarga chiqqan taqdirda ham, qo‘llarini orqaga qilib, vagonga qamab qo‘yishmoqda. Hatto fuqarolik pozitsiyangiz bilan chiqishga ham qo‘rqasiz, sababi uyingizga qandaydir belgilar qo‘yib ketishadi. Qolaversa, agar kimgadir xayr-ehson qilsangiz, buni davlatga xiyonat sifatida baholashlari mumkin.

Dollarning rublga nisbatan kursidagi o‘sish kuchli ta’sir qiladi. 2014 yilda O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligi rubl kursi, dollar kursi tufayli vatanga qaytgan edi, nazarimda, bu safar ham xuddi shunday ssenariy bo‘ladi. Chunki, menimcha, bu endi uzoq vaqt davom etadi — ular kelishuvga erishishlari dargumon.

Bu vaziyat mening ishimga qanday ta’sir qildi? Shu paytgacha menga tadbirlar o‘tkazib berish yuzasidan, aytaylik, 10 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ulardan taxminan uchtasi bekor qilindi. Ayrim kompaniyalar o‘z faoliyatlarida shunchaki tanaffus olishdi va hozir hech narsa qilishni xohlamayapti, chunki mamlakatdagi vaziyat tushunarsiz.

Sanksiyalar kompaniyamga bevosita ta’sir qilmadi, lekin mijozlarimga ta’sir qildi, aniqrog‘i, arizalar juda kamayib ketdi. 24 fevralgacha kuniga 5−10 ta qo‘ng‘iroq tushgan bo‘lsa, hozir — 0. Ya’ni, haqiqatda, juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi.

Shunday ekan, vaziyat, albatta, juda yomon. Xuddi hammamiz yakkalab qo‘yilgandekmiz va qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Bizdan ertangi kunimizni ahmoqlarcha tortib olishdi. Hammamiz shok holatidamiz. Ha, do‘konlarda narxlar ko‘tarilmoqda. Masalan, dastlabki kunlar ayrim do‘konlarda iPhone narxi 120−130 ming rubl atrofida edi, garchi aslida biroz arzonroq bo‘lishi kerak bo‘lsa-da. Apple Rossiyada onlayn-sotuvni to‘xtatgani, shuningdek, mamlakatda Apple Pay va boshqa xizmatlar faoliyati cheklanishi haqida e’lon qilganida, iPhone`lar do‘konlar rastalaridan g‘oyib bo‘ldi.

Pushkinodagi elektron jihozlar do‘koni, 2 mart.

Odamlar pulsiz qolishdan va bank kartalari birdaniga ishlamay qolishidan qo‘rqishmoqda. Bu shunaqangi ommaviy vahima, men ham [vahimaga] tushib qoldim. Men ham [27 fevral kuni] bankomat qidirdim, naqd pul juda oz qolmoqda, chunki hamma naqd pul yechib olmoqda. Banklarda dollar bor, lekin ularni oshirilgan narxda sotishmoqda. Bank dollarni 98−103 rubldan sotib olayotgan bo‘lsa, 120−140 rubldan sotmoqda. Katta ehtimol bilan, tez orada dollar sotish bilan shug‘ullanadigan chayqovchilar paydo bo‘ladi, biroq hozircha bundaylar yo‘q. Hozir ko‘pchilik o‘z jamg‘armalarini yechib olmoqda va ularni naqd pulga aylantirmoqda.

Kecha mamlakatni tark etish haqida o‘yladim. Sababi shunday og‘ir vaziyat davom etaversa, kelishuvga erishilmasa, ketishga to‘g‘ri keladi. Chunki bu yerda qilinadigan ish qolmaydi. Bu yerda umuman ishning o‘zi bo‘lmaydi, lekin umid qilamanki, hammasi iziga tushadi. Kutamiz. Kelishib olishlarining oz bo‘lsa-da ehtimoli bor.

Vali, 36 yoshda, Omsk / Moskva

2014 yildan beri Rossiyada istiqomat qilaman. Men tashqi iqtisodiy faoliyat departamentiga rahbarlik qilaman hamda masofadan turib kompaniyaning Xitoydagi bo‘linmasini ham boshqaraman. Men ishlayotgan kompaniya turizm, baliq ovi va faol tarzda hordiq chiqarishga mo‘ljallangan tovarlar ulgurji savdosi, ishlab chiqarishi va importi bilan shug‘ullanadi.

Atrofimda, asosan, butunlay xilma-xil turdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlarim, kasbim taqozosi bilan tanishgan tadbirkorlar bor. Shuningdek, xorijlik hamkorlarim bilan doimiy aloqadaman.

Hamma vahimaga yaqinroq kayfiyatda, sababi ayni paytda havoda muallaq turib qolgan noaniqlik odamni qo‘rqitadi. Hatto xorijlik hamkorlarimiz ham bizdan juda xavotirda, chunki ular har qanday cheklovlardan birinchi navbatda oddiy odamlar aziyat chekishini yaxshi bilishadi.

Oylik maoshim kundan-kunga kamaymoqda, chunki u kompaniyaning sof yalpi foydasi ko‘rsatkichlariga «bog‘langan». Foyda esa tushib ketmoqda, chunki bizning portfelimizning 80% qismi «valyuta» artikullari / tovar elementlaridan iborat. Xalqaro shartnomalar bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish uchun chet el valyutasini sotib olish tartibi to‘g‘risida hali ko‘rsatma olmadik, shu sababli sotuvga chiqarish narxlarini hozircha qayta ko‘rib chiqmadik. Biroq narxlarni ko‘targan taqdirimizda ham aholining xarid qobiliyati keskin pasayib ketishi tufayli sotuv hajmida yo‘qotishlarga duch kelamiz.

Hozirning o‘zida javob qaytarish juda qiyin, sababi aktivlar uzoq muddatli loyihalar orasida taqsimlangan va mablag‘larni hozirning o‘zida qaytarib olishning imkoni yo‘q. Yaxshiyamki, biz Yevropa mamlakatlariga eksport bilan shug‘ullanmaymiz, chunki valyuta tushumining bir qismini sotish — bu utopiya! Iqtisodiy himoya masalasida, ming afsuski, ayni paytda chorasizmiz.

Tinchlik namoyishlariga kelsak, ha, Rossiya shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda, lekin ular ommaviy xarakterga ega emas. Import qilinadigan har qanday tovarning narxi deyarli soat sayin oshib bormoqda, maishiy elektronika, avtomobil ehtiyot qismlari, dori-darmonlar kabi tovarlar bozorlarida ajiotaj kuzatilmoqda. Ayrim tovarlar tanqisligi mavjud.

[Uzun] navbatlar yo‘q, chunki qo‘shimcha iqtisodiy chora-tadbirlar to‘g‘risida chiqarilgan qaror yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlariga tushuntirish berilmagan, shu nuqtai nazardan banklar shunchaki tanaffus qilishga qaror qilishgan. Bankomatlarda chet el valyutasi shunchaki yo‘q. Lekin siz dollar va yevroni hech qanday muammosiz ayirboshlashingiz mumkin, bu yerda masala shuki, qaysi kursda? O‘tkazmalarga kelsak, hozirda cheklangan, Markaziy bank va valyuta nazorati (tartibga soluvchi organ) izoh berishi kutilmoqda.

Ayni damda vaziyatni kuzatib, vaziyat yomonlashgan taqdirda, o‘zim uchun chiqish yo‘llarini izlayapman. Albatta, vatanimdan munosib takliflar bo‘lsa, mamnuniyat bilan ko‘rib chiqib, afzallikni [ularga] bergan bo‘lardim. Ammo so‘nggi chora sifatida uzoq xorijni ham ko‘rib chiqaman.

Katya (ism o‘zgartirilgan), Moskva

Men Moskvada yashayman, lekin vaziyatdan kelib chiqib, shaxsim sir tutilishini xohlardim — bu yerda juda tushunarsiz bayonotlar berilmoqda.

Hozir (2 mart) Moskvada vaziyat osoyishta, hatto havotirga soladigan darajada tinch. Ammo yuz berayotgan voqealar fonida fuqarolarning ommaviy vahimasi nuqtai nazaridan juda og‘ir. Ko‘pchilik tomonlarga nisbatan o‘z pozitsiyalarini himoya qilmoqda… Ko‘plab do‘stlarim va tanishlarim psixologik yordam xizmatlaridan foydalanmoqdalar, sababi o‘zlaridagi havotir va vahimani boshqara olmayaptilar.

Umuman olganda, hozir ishsiz qoldim, sababi moda sohasida ishlayman, hozirda esa bu [soha] keskin ravishda o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Moda namoyishlari, tijoriy loyihalar va san’at, ijodiy muhit bilan bog‘liq boshqa narsalar ommaviy tarzda bekor qilindi.

Sanksiyalar eng ko‘p moda sanoatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pchilik Ukraina, Yevropa brendlari va bozorlari Rossiya bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Va buni, afsuski, hozir o‘zgartirib bo‘lmaydi, garchi barcha hamma narsani tushunib turgan bo‘lsa-da. Biznesga kelsak, bir narsa deyishim qiyin. Biroq do‘stimga qarashli katta kompaniya hozir juda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi, ular Amerika (Apple) va Germaniya bilan hamkorlik qilishardi (texnika vositalari yetkazib berishardi), hozirda, hammasi ravshanki, hamkorlik tugatildi. Bugun Moskvada Apple re:Store do‘konlari hatto ochilmadi, Apple vakillari izoh bermayapti. Iqtisodiy shart-sharoit yo‘q.

Narxlar har kuni ko‘tarilmoqda! Kecha grechka narxi 80 rubl bo‘lgan bo‘lsa, bugun xuddi o‘sha grechka 120 rubl. Dori-darmon narxlari ham oshdi. Tovarlar sotib olinmoqda, ha, rastalarda bor payti, hamma narsa sotib olinmoqda. Norozilik namoyishlari har kuni o‘tkazilmoqda, lekin tobora kamroq odamlar ishtirokida, sababi hammani hibsga olishmoqda, qo‘lga olinganlarni kaltaklash holatlari bo‘ldi.

Bankomatlar — alohida hikoya. Masalan, ayni paytda naqd pul olish imkoniyati yo‘q, bankomatlarda pul qolmagan. Navbatlar, ha, kilometrlab uzunlikda, ayniqsa shahar markazida. Shaxsan valyutaga ishim tushmadi, lekin tanishlarim ayirboshlashga harakat qilishgan, valyuta almashish shaxobchalarida navbatda turishgan, kimdir almashtirgan, kimgadir yetmay qolgan.

Ketish haqida o‘ylab ko‘rdim. Toshkentdagi yaqinlarim ham buni yagona to‘g‘ri variant deb hisoblashmoqda. Bilasizmi, ikki nafar farzandim bor va, albatta, agar vaziyat yanada og‘irlashsa, oilamning xavfsizligi uchun hech ikkilanmay mamlakatni tark etaman.

Karim (ism o‘zgartirilgan), Moskva

Men talabaman. Hamkasblarim va kursdoshlarim orasida bezovtalik va mamlakat kelajagi uchun havotir bor. Sanksiyalar va rublning oxirgi kunlardagi qadrsizlanishi ish haqimga bevosita ta’sir qiladi, yo‘q, u kamaymaydi, lekin uskunalar allaqachon qimmatlashdi va mahsulotlar narxlari ko‘tarilish arafasida.

Dastlabki kunlar bankomatlar oldida uzun navbatlar to‘plandi. 27 fevraldan boshlab valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq ajiotaj barham topdi, navbatlar ham yo‘qoldi. Tinkoff Bank orqali operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati bor (kartani to‘ldirish, kartadan yechib olish, valyutani almashtirish).

Umuman olganda, RFdagi O‘zbekiston fuqarosi sifatida hayotimda hech narsa o‘zgarmadi. Ishda ham, o‘qishda ham zimmamdagi vazifalarni bajarishda davom etmoqdaman.

Nargiza, Moskva

Moskvada magistraturaning birinchi bosqichida tahsil olaman. Yon-atrofimdagi talabalar urushga qarshi. Yevropa davlatlaridan kelgan talabalar orasida xavotir bor, ularning ba’zilari o‘z mamlakatlariga jo‘nab ketishdi.

Men yevroda stipendiya olaman, shuning uchun rubl kursidagi o‘zgarishlar daromad miqdoriga ta’sir qiladi.

Namoyishlar bo‘lib turibdi. Dorixona va supermarketlarda narxlar oshganini payqamadim. Universitet tomonidan bizga hozircha hech qanday tavsiya berilmadi. Hozircha o‘qishimni kunduzgi shaklda davom ettirish niyatidaman.

Pul masalasiga kelsak, ularni chet el valyutasida saqlashga harakat qilyapman. Shunchaki mobil ilova orqali kartadan kartaga o‘tkazaman. Mening kartam Rossiyadagi xorijiy bank filialiga tegishli, shuning uchun to‘lov va pul o‘tkazishda hech qanday qiyinchiliklar bo‘lmadi, faqat bir kun bank ilovasi ishlamadi, lekin keyin tez orada hamma narsa iziga tushdi. Pulni yechib olishga urinmadim, chunki Moskvada hamma joyda karta bilan to‘lash imkoniyati mavjud.