UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan kunning o‘zidayoq, sotilgan avtomobillarning aksariyati qayta sotish ehtimoli bilan sotib olingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga bir kishi tomonidan ikki va undan ortiq avtomobilga shartnoma tuzilganligi haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘ldi. Eng e’tiborli holat, bir vaqtning o‘zida bir shaxs tomonidan 35 ta avtomobil uchun shartnoma tuzilgan. Sotuvning birinchi kuni jami 13 203 ta avtomobilga tuzilgan shartnomalardan 6 836 tasi (52%) shu tarzda tuzilgan, deyiladi xabarda.

««Tadbirkorlar»ning oson daromad topishga bo‘lgan yuqori qiziqishi, eng avvalo, o‘z ehtiyojlari uchun avtomobil sotib olmoqchi bo‘lgan iste’molchilar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirib, ortiqcha talabni shakllantiradi», — deya qayd etdi UzAuto Motors.

Shuningdek, kompaniya «biznesmenlar»ning emas, aksincha aholi ehtiyojlarini qondirish uchun prioritetlar tizimini joriy qilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mashinalar qayta sotish uchun emas, balki shaxsiy ehtiyoji uchun avtoulov sotib olayotgan mijozlarga yetkazib berish birinchi o‘ringa qo‘yiladi.

«Avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, kompaniya shartnoma shartlariga muvofiq (3.1.2 bandga muvofiq) avtomobilni yetkazib berish muddatini qo‘shimcha 120 kunga oshiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz», — deya ogohlantirdi avtomobil ishlab chiqaruvchisi.

Kompaniyaning fikricha, bu chora-tadbirlar avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berish muddatini qisqartiradi va aholining talabini qondiradi.

Va’da qilingan muddatdan bir oy o‘tib, 3 mart kuni UzAuto Motors Chevrolet Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark avtomobillari uchun shartnomalar berishni qayta tikladi. Kompaniya bir qator modellar narxini ham oshirdi.

Fevral oyida «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov Uzauto Motors avtomobillarini xarid qilishdagi navbatlar buzilishi dilerlar bergan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda sodir bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mashina olishdagi navbatlarni aylanib o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida savdo ma’lumotlar bazasini YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashni rejalashtirmoqda.