4 mart kuni o‘zbekistonliklar tijorat banklariga 43 mlndan ortiq hajmda AQSh dollari sotgan, 32,5 mln dollardan ortiqroq miqdorda sotib olgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Shuningdek, juma kuni jismoniy shaxslar banklardan 86,5 mlndan ortiq miqdorda Rossiya rubli xarid qilgan bo‘lsa, 7,3 mln miqdorida rubl sotishgan.

Foto: Markaziy bank

3-martdan O‘zbekiston banklari o‘z kassalarida (ayriboshlash shoxobchalarida) rublni sotib olish va sotishni boshladi. 3−4 mart kunlari jismoniy shaxslar tomonidan banklardan jami 146,7 mln miqdorida Rossiya rubli sotib olindi va 12,8 mln rubl sotildi. Oradagi farq 11 barobardan ortiqroqni tashkil etdi.

Avvlroq, Markaziy bank tijorat banklari rubl kursini mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilayotganini ma’lum qilgandi. Regulyatorning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan shubhali spekulyativ transchegaraviy sxemalar yordamida rublni ayirboshlash (shu jumladan, “qora bozor"da) orqali 30 foizgacha daromad olish mumkin ekani mantiqan gepotetik shakllarda to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Biroq, amalda O‘zbekistondagi ichki valyuta bozoridagi real holat buni inkor etayotgani aytildi. Markaziy bank buni oxirgi paytda tijorat banklari tomonidan aholiga rubl sotuvi ulardan xarid qilingan miqdorlardan qariyb 10 barobar ko‘pligi bilan izohladi.

Aholining rublni ko‘proq xarid qilayotganini iqtisodchi Otabek Bakirov quyidagicha izohladi.

“Rublning qulashi ortidan Rossiyadagi tovarlar, masalan yog‘och, yog‘-moy, metall-prokatlarning narxi долларга chaqqanda 1,5−2 barobargacha arzon bo‘lib qoldi. Ya’ni konfliktgacha [Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi] rublda import shartnomasi tuzganlar tezroq eski narxlarda to‘lovini amalga oshirishi manfaatiga ega, toki narigi tomon bitimlar va narxlarga o‘zgartirish kiritmagunicha. Shuning uchun jismoniy shaxslar bankdan maqbul kursda rubl sotib olib, masalan, ustav fondiga kiritib xo‘jalik subyektlari nomidan rubldagi import kontraktlari uchun to‘lovlarni o‘tkazish orqali yuqori darajada afzallikdan foydalanishmoqda”, — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni o‘zbekistonliklar 60 mln rubl sotib olgani haqida xabar berilgandi.