Rossiya Davlat dumasi uchinchi, yakuniy o‘qishda rus armiyasini obro‘sizlantirishga qaratilgan «feyk» xabarlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishga da’vat etganlik uchun jinoiy jazo va yirik jarimalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi, deb yozadi «RIA Novosti».

«Qonun loyihasi zudlik bilan Federatsiya Kengashiga yuboriladi, bugun soat 14:00 da Federatsiya Kengashida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi, Federatsiya Kengashi ma’qullaganidan keyin qonun loyihasi prezident stoliga qo‘yiladi», — dedi quyi palata spikeri Vyacheslav Volodin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertadan boshlab qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat normalari «yolg‘on gapirgan va Qurolli Kuchlarni obro‘sizlantiradigan bayonot berganlarni juda qattiq jazoga tortish» imkonini berishi mumkin.

Tashabbus bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, bunday jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish muddati 15 yilgacha bo‘lishi mumkin, ushbu jazo agar soxta ma’lumotlar og‘ir oqibatlarga olib kelsa qo‘llaniladi.

Rossiya Qurolli kuchlaridan foydalanish to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotni tarqatish quyidalar bilan jazolanadi:

  • 700 mingdan 1,5 mlnn rublgacha yoki mahkumning 18 oygacha bo‘lgan muddatdagi ish haqi yoki boshqa daromadlari miqdorida jarima;
  • 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha majburiy mehnat;
  • xuddi shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qilish.

Jinoyat shaxs tomonidan o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda, bir guruh shaxslar tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishib yoki uyushgan guruh tomonidan, ayblov dalillarini sun’iy ravishda, g‘araz niyatlarda, mafkuraviy, irqiy, milliy yoki diniy adovat, dushmanlik yoki har qanday ijtimoiy guruhga nisbatan nafrat yoki adovat sabab bilan sodir etilgan bo‘lsa, jazo quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • 3 mlndan 5 mln rublgacha yoki mahkumning 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan ish haqi yoki boshqa daromadlari miqdorida jarima;
  • 5 yilgacha muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 5 yilgacha majburiy mehnat;
  • 5 yilgacha muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Rossiya manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘shinlarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik, tinchlik va xavfsizlikni saqlash yoki bunday foydalanishni obro‘sizlantirishga chaqiruvlar uchun (agar qonunbuzar 1 yil ichida avval tegishli modda bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa) — 100 mingdan 300 ming rublgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar bunday to‘sqinlik qilish yoki bunday obro‘sizlantirish uchun da’vatlar jiddiy oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa — 300 mingdan 1 mln rublgacha jarima yoki 5 yilgacha qamoq jazosiga tortishga sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasi, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llashga da’vat etishni jazolashni ham nazarda tutadi:

  • 500 ming rublgacha yoki mahkumning 3 yilgacha bo‘lgan ish haqi yoki boshqa daromadlari miqdorida jarima;
  • ozodlikni 3 yilgacha cheklash;
  • 3 yilgacha majburiy mehnat;
  • 6 oygacha qamoqqa olish;
  • 200 ming rublgacha yoki ish haqi miqdorida jarima bilan 3 yilgacha yoki mahkumning boshqa daromadlari bo‘lmagan taqdirda 1 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.

Rossiya armiyasini obro‘sizlantirishga qaratilgan da’vatlar uchun eng ko‘p qamoq jazosi muddati 5 yil.

Bu haqda e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Znak.com internet gazetasi «Rossiyada yaqinda ommaviy axborot vositalariga nisbatan paydo bo‘lgan ko‘plab cheklovlar tufayli» yopilishini e’lon qildi.

The Village Rossiyadagi vakolatxonasi yopilishini ma’lum qildi. «Tahririyat xavfsizlikda Varshavadan ishlaydi», — deyiladi nashr xabarida.

3 mart arafasida «Dojd» telekanali rahbariyati ishni vaqtincha to‘xtatayotganini ma’lum qildi. «Bizga nafasni rostlab olish va qanday qilib ishlashni tushunish uchun kuch kerak. Umid qilamizki, biz efirga qaytamiz va ishimizni davom etamiz», — dedi efirda «Dojd» bosh direktori Natalya Sindeyeva. Uning ta’kidlashicha, feyklar to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandan keyin ishlash deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

Avvalroq radio va internet nashri «Exo Moskvы» tugatilishi haqida ham qaror qabul qilingan edi. Nashr ijtimoiy tarmoqlarda translyatsiya qilishda davom etmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyada ayrim ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy ommaviy axborot vositalariga kirish qisman cheklangan. Tekshirish uchun «Gazeta.uz» blokirovka va resurslar mavjudligi monitoringi servisi — GlobalCheck'dan foydalandi.

Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, Facebook va Twitter’ga ulanish imkoniyati 17 foizni tashkil etadi (ya’ni servis tomonidan kirish so‘rovining oltidan bittasi gina muvaffaqiyatli bo‘ldi). Instagram to‘liq ishlayabdi.

Meduza nashri (tahririyati Latviyada joylashgan) va BBC rus xizmati ham faqat 17% ulanish imkoniyatiga ega. Euronews portalining ruscha versiyasi, Rossiyaning «Novaya gazetasi» va Ukrainaning UNIAN agentligi 100% ulanishga ega, Deutche Welle’ning ruscha versiyasi esa butunlay bloklangan, uning ulanish qobiliyati 0%.