Rossiya-Ukraina munosabatlarining keskinlashib, harbiy harakatlarga aylanib ketganligi dunyo hamjamiyati hamda keng jamoatchilik orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Qator mamlakatlar tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar e’lon qilinmoqda.

«Gazeta.uz» Rossiya moliya tizimiga qo‘llanilgan sanksiyalar va rubl qadrsizlanishining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ehtimoliy ta’siri, Rossiyada yuz berishi kutilayotgan inqiroz sharoitida o‘zbekistonlik migrantlar masalalari va qo‘llanishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan iqtisodchi mutaxassislar fikri bilan qiziqdi. Shuningdek, migrantlar uchun ayni vaziyatda qanday qaror qabul qilish borasida ularning tavsiyalari olindi.

— Rossiya banklariga qo‘llanilayotgan sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyotiga yoki bank tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Otabek Bakirov, iqtisodchi, bakiroo Telegram-kanali muallifi:

— O‘zbekiston bank tizimining Rossiya bank tizimidan avtonomiyasi, masalan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston yo hatto Ukraina bilan solishtirganda ham ancha yuqori. O‘zbek banklarining Rossiya banklariga bog‘liqligi asosan to‘lovlar amalga oshirilishi, kliringning kafolatlanishi va savdoni moliyalashtirish bilan bog‘liq. Lekin bu ko‘proq texnik muammolar, moliyaviy emas va hal etish ham texnik aralashuv va yechimni talab qiladi. O‘zbek banklarining shu kunlardagi xavotirlari to‘lovlarni amalga oshirayotgan mijozlarining tranzaksiyalari yuz berishi va bu bo‘yicha korrespondensiyaga taqalmoqda.

Botir Qobilov, iqtisodchi, Uzbekonomics Telegram-kanali muallifi:

— O‘zbekiston iqtisodiyoti respublika tashqarisidan, ayniqsa RFdan kelib tushadigan pul o‘tkazmalariga nihoyatda bog‘langan. Birgina 2021 yilning o‘zida RFda ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 7,6 mlrd dollarga yetishi kutilgandi. Bu mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining deyarli 12% ga teng. Bu juda katta raqam. Mana shu pul oqimining shartli 20%-30% ga qisqarishi (va u qisqarish boshqa manbadan qoplanmasligi) mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy ta’sir etadi.

Mirkomil Xolboyev, iqtisodchi, Mirkonomika Telegram-kanali muallifi:

— Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar [Rossiyada] inqiroz keltirib chiqarishi aniq. Buni birgina rubl kursining o‘zgarishida ham ko‘rish mumkin. Banklarda yoki qora bozorda kurs 200 gacha chiqib ketgani aytilyapti. Xo‘sh, bu iqtisodiyotimizda qanday xavotirli oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Birinchidan, ta’siri bir nechta kanallar orqali bilinadi. Eng tez bilinadigan ta’sirlaridan biri bu — migrantlarning pul o‘tkazmalari. Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar rublning qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi va bu o‘z-o‘zidan migrantlarimizning dollardagi daromadlarining pasayishiga olib keladi. Masalan, rubl 50 foizga qadrsizlansa, bu migrantlarning dollardagi daromadi bir oy oldingiga nisbatan 50 foizga pasayganini bildiradi. Agar vaziyat shu tarzda ketsa, o‘zbekistonliklar uchun Rossiyadan ko‘ra, O‘zbekistonda ishlash nisbatan qulayroq bo‘lishi mumkin. Yana shuni aytishim mumkinki, Rossiyaning SWIFT`dan uzilishi pul o‘tkazmalarini qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, Rossiyada inqiroz yalpi talabning qisqarishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan ishsizlikning ortishiga olib keladi. Ya’ni migrantlarimizning daromadlari kamayishidan tashqari ishini yo‘qotib qo‘yishi xavfi ham kuchayishi tabiiy.

— Rublning qadrsizlanishi o‘zbekistonliklarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Otabek Bakirov:

- Oddiy o‘zbekistonliklar iste’molchi o‘laroq, avvalo, iste’mol tovarlarida buni sezadi. Un, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, go‘sht kabi muhim oziq-ovqatlar, metalprokat, yog‘och kabi qurilish materilallari importida nizolashayotgan taraflar, qo‘shni tranzit davlatlarning o‘rni yuqori. Afsuski, bu urush o‘zi busiz ham murakkablashib, qimmatlashib borayotgan logistikani yanada qimmatlashtiradi.

Ukrainaga agressiyaning tovonini oddiy ukrain yo ruslargina emas, butun dunyo, xususan oddiy o‘zbekistonliklar ham o‘z cho‘ntagidan to‘lashga majbur. Ko‘p aytganimizdek, urush hammani kambag‘allashtiradi.

Botir Qobilov:

— Aholimizning umumiy daromadlari tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, respublika tashqarisidan kelib tushadigan pul o‘tkazmalari aholi umumiy daromadlarining taxminan 15−16% ni tashkil qilishini ko‘ramiz.

Agar alohida viloyatlar kesimida olsak, 2021 yilda, masalan, Xorazmda 27,1% va Samarqandda 25,3%, Andijonda 22,2% va Surxondaryoda 21,6% aholi umumiy daromadlari aynan respublika tashqarisidan, xususan, RFdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari evaziga shakllanadi. Ko‘rib turganingizdek, bu viloyatlar va umuman mamlakat aholisi daromadlarining katta qismi Rossiyada va rublda olinadigan daromadlarga bog‘langan.

Rubl qadrsizlanishi, RFda umumiy iqtisodiy faollik kamayishi natijasida ushbu viloyatlar aholisining daromadlari qisqarishi tabiiy.

Mirkomil Xolboyev:

— Rossiya ikkita eng yirik savdo hamkorlarimizdan bittasi. Adashmasam, [O‘zbekiston] tashqi savdo aylanmasining 20 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu judayam katta ko‘rsatkich. Inqiroz sharoitida rublning qadrsizlanishi oqibatida bizning mahsulotlarimiz Rossiya bozorida qimmatlashadi. O‘ylashimcha, ba’zi mahsulotlarimiz Rossiya bozorini tark etishi ham mumkin. Bir tomondan, [Rossiyada] yalpi talabning qisqarishi bizning mahsulotlarga, ya’ni import mahsulotlariga bo‘lgan talabni kamaytirib, eksportimizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Lekin boshqa tomondan, Rossiyadan import qilingan tovarlar aynan rublning qadrsizlanishi oqibatida bizning bozorga arzonroq kirib kelishi ehtimoli ham bor.

Rossiyadagi inqiroz asosan aholi jon boshiga yalpi daromadi pastroq bo‘lgan viloyatlarimiz uchun og‘irroq zarba bo‘lishi mumkin. Chunki u yerlik migrantlarning aksariyati past malakali, til bilmaydigan, aniqrog‘i, rus tilidan boshqa tilni bilmaydigan migrantlar bo‘lib, asosiy qismi Rossiyada faoliyat olib boradi. Bu esa, aytaylik, o‘sha viloyatlar umumiy daromadi darajasiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Masalan, Surxondaryo viloyati umumiy daromadida chet eldan pul o‘tkazmalarining ulushi taxminan 20 foizni tashkil etadi. Rosssiyadan pul o‘tkazmalari hajmining, aytaylik, rublning qadrsizlanishi va ishsizlikning ortishi natijasida pasayib ketishi o‘z-o‘zidan bu viloyatning umumiy daromadi darajasiga ta’sir qiladi.

— Agar Ukraina-Rossiya urushi davom etsa, bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Otabek Bakirov:

— Bu urushning qancha uzoq davom etishiga bog‘liq. Tez orada sulh tuzilmasa, bu ikkinchi savdo hamkorimiz Rossiya uchun ham, yettinchi savdo hamkorimiz Ukraina iqtisodiyoti uchun ham ayanchli oqibatlar yaratadi. Biz global dunyoda yashayapmiz, savdo hamkorlarimiz iqtisodiyotidagi vaziyat bizni chetlab o‘tolmaydi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu avvalo eksportning kamayishi, pul o‘tkazmalarining to‘xtab qolishi, iqtisodiy faollikning susayishi, inflyatsiyaning oshishi kabi oqibatlarda ko‘rinadi.

Botir Qobilov:

— Salbiy ta’sir etadi. RFda iqtisodiy faollik qisqarishi, xorijiy kapital chiqib ketishi, yangi kapital kirmasligi, mavjud va yangi yaratiladigan ish o‘rinlarining qisqarishi O‘zbekiston uchun ham salbiy ta’sir etadi.

Yuqorida tilga olingan yalpi ichki mahsulot va daromadlar nuqtai nazaridan tashqari, mamlakat aholi soni nuqtai nazaridan ham xavotirga tushadigan vaziyatni ko‘ramiz. Mehnatga layoqatli aholimizning kamida 20% qismi RFda faoliyat olib boradilar. 2021 yilda RF da taxminan 4 millionga yaqin yurtdoshlarimiz rasmiy registratsiyadan o‘tib faoliyat olib borganlar. Bu raqamni biroz konservativ deb hisoblasak bo‘ladi. O‘zbekiston aholisining mehnatga layoqatli qatlami esa 20 million kishini tashkil etadi. Ya’ni, mehnatga layoqatli aholimizning kamida 20% qismi rublda to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad topadilar. Bu juda juda katta raqam. Solishtirish uchun, O‘zbekistonda davlat sektorida faoliyat olib boradigan aholining soni taxminan 2,6 millionni tashkil etadi.

Mirkomil Xolboyev:

— Urush davom etsa yoki hozirgi holatida ham yil oxirigacha bizning iqtisodiy ko‘rsatkichlarimizga umumiy ta’siri bo‘yicha aniq xulosa berish qiyin. Lekin salbiy ta’sir qilishi muqarrar. Makroiqtisodiy prognozlar, jumladan, iqtisodiy o‘sish, inflyatsiya yoki ishsizlik darajasi kabi boshqa ko‘rsatkichlarga jiddiy ta’sir qilishi tabiiy. Biroq uning ko‘lami borasida, men hozircha prognoz berolmagan bo‘lardim, to‘g‘risi.

— O‘zbekiston urushning salbiy oqibatlariga qarshi qanday choralar ko‘rishi kerak deb o‘ylaysiz? Rossiyadagi migrantlar uchun-chi?

Otabek Bakirov:

— Bu haqda, ko‘proq hukumat o‘ylashi kerak, avvalo. Menimcha, urushning salbiy oqibatlarini yumshatish borasida chora-tadbirlar tuzilayotgan bo‘lishi kerak. O‘z-o‘zidan, yil boshidagi rejalarga, budjet daromadlari va xarajatlariga vaziyatdan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritilishi tabiiy. Milliy valyutamizni, iqtisodiy manfaatlarimizni himoyalash uchun standart choralar (asosiy stavkani ko‘tarish, pul-kredit shartlarini qat’iylashtirish, so‘m kursini muvofiqlashtirish) bilan birga nostandart harakatlar ham kerak bo‘ladi.

Yana eng murakkab vaziyatda migrantlarimiz qolayotgani sababli, masalan, pul o‘tkazmalaridagi yuqori risk va yo‘qotishlarni yumshatish choralarini ko‘rish kerak. Rublning haddan ziyod volatilligi sharoitida o‘tkazmalardagi barcha yo‘qotishlar rus banklari tomonidan migrantlarning o‘ziga yuklab yuborilayotganiga chidab bo‘lmaydi. Rossiyadagi bankimizning Aziya-invest bankning Aziya-ekspress o‘tkazma tizimi bor. Shu tizimni o‘zbek migrantlari uchun oson ishlatish choralarini qilsa bo‘ladi, masalan.

Botir Qobilov:

— Agar nima qilish kerakligi haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, haqiqat shundaki, iqtisodiyotimiz o‘sib borayotgan aholi uchun yetarli ish o‘rinlarini yillar mobaynida yaratmagan. Ish o‘rinlari deganda biz faqatgina davlat sektorini nazarda tutishimiz mutlaqo noto‘g‘ri, aksincha, ish o‘rinlarini yaratish oliy maqsad bo‘lsa ham natijada davlat instituti apparati pufagini oshirish (masalan yordamchining yordamchisi lavozimini yaratib) maqsadga muvofiq emas.

Iqtisodiyotda davlatning hali ham katta bo‘lgan rolini keskin kamaytirish va xususiy sektorning kuchli o‘sishi uchun qulay muhit yaratish zarur. Kun tartibiga bizga ya’na o‘sha muhim tarkibiy islohotlar qaytishi kerak: institutsional, ma’muriy-boshqaruv islohotlarni, qonun ustuvorligi va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash orqali buyruqbozlik iqtisodiyotidan voz kechsak, biz ana o‘shanda xususiy sektorda ish o‘rinlarini yaratish uchun qulay muhit yaratgan bo‘lamiz.

Mirkomil Xolboyev:

— Hozirgi inqirozning oqibatlarini qisqa muddatda yumshatish, bilmadim, judayam qiyin bo‘lsa kerak… Nimadir deyishniyam bilmadim. Bunda Markaziy bank ham, aytaylik, so‘mga bosimning ortishi natijasida foiz stavkasini yana ko‘tarishi mumkin. Bu esa yalpi talabga va ishsizlikka, shu orqali, tabiiyki, odamlarning daromadiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun, nazarimda, hozir qanaqadir optimal siyosat judayam qiyin masala. Chunki tashqi omillar ta’sirida baribir iqtisodiyotimizga qisqa muddatda eng kamida yetarlicha zarar yetishi mumkin.

— Iqtisodchi sifatida Rossiyadagi migrantlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

Otabek Bakirov:

— Avvalo, o‘zbekistonlik vatandoshlarimizdan, toki vaziyat barqarorlashmaguncha Rossiyaga, hatto Qozog‘istonga ham mehnat migranti o‘laroq borish rejalarini qilmay turishlarini so‘rayman. Har ikki davlatda sanksiyalar oqibati o‘laroq ishsizlik ortadi, maoshlarning dollar ekvivalenti judayam pasayib ketadi. Bilmadim, balki, eng ko‘p ishchi talab qilinadigan sohalar — qurilish, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, qishloq xo‘jaligida ijtimoiy soliqni hech qursa yil oxirigacha eng minimumgacha pasaytirish kerakmi. Yana takrorlayman, eng ko‘p ish beruvchi taksichilikni, uning ma’murchiligini osonlashtirish kerak.

Rossiyadagi vatandoshlarimiz, avvalo shoshilinch qaror qabul qilmasliklari lozim. Bu pul o‘tkazmalari bo‘ladimi, ish o‘zgartirish bo‘ladimi yo vatanga qaytish bo‘ladimi. Yetti o‘lchab bir kesish kerak. Asosiy qarorlar qabul qilishni vaziyat barqarorlashgungacha qoldirib turganlari ma’qul.

Mirkomil Xolboyev:

— Agar Rossiyaga ketishni rejalashtirayotgan o‘zbek migrantlari bo‘lsa, shoshilmasliklarini maslahat beraman. Chunki o‘zim ba’zi tanishlarimdan eshityapman, mart oyida yoki mart oyini boshlarida Rossiyaga ketishni rejalashtirib yurgan ekan. Agar shu kabi Rossiyaga ketib, o‘sha yerda mehnat faoliyatini olib borishni rejalashtirayotgan migrantlar bo‘lsa, ularga ketmay turishni maslahat bergan bo‘lardim. Rossiyadagi migrantlarga esa vaqtincha bo‘lsa-da pul o‘tkazmalarini amalga oshirmay turishini maslahat beraman.