Rossiya prezidenti Vladimir Putin qiymati 10 ming dollardan ortiq bo‘lgan naqd valyutani mamlakatdan olib chiqishni taqiqladi. Taqiq 2 martdan kuchga kiradi, deya xabar beradi “Interfaks” davlat rahbari farmoniga tayanib.

Ilgari Rossiya Federatsiyasidan 10 ming dollardan ortiq ekvivalentdagi naqd pulni olib chiqishda pul miqdori deklaratsiya qilinishi kerak edi.

Vladimir Putin, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vaqtinchalik iqtisodiy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi. Unda aytilishicha, ushbu choralar “Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda ularga qo‘shilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nodo‘stona va xalqaro huquqqa zid harakatlari” tufayli yuzaga kelgan va milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2 martdan boshlab do‘stona munosabatda bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan shaxslarning qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalari, shuningdek, ularga rubl kreditlari berish faqat hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshiriladi.

Rossiyada G‘arb sanksiyalari fonida xorijiy biznesga ham aktivlaridan chiqishi vaqtincha taqiqlanishi mumkin, dedi bosh vazir Mixail Mishustin iqtisodiy masalalar bo‘yicha yig‘ilishda.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus iqtisodiy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, rezidentlar endilikda xorijda ochilgan hisob raqamlariga xorijiy valyutani kiritish, shuningdek, xorijiy elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda hisobvaraq ochmasdan mablag‘ o‘tkazish imkoniga ega emaslar.