Apelsin raqamli banki Rossiyadan pul o‘tkazmalarini qabul qilishni va yuborishni vaqtincha to‘xtatdi. Bank bu haqda o‘z mijozlarini mobil ilovasi orqali ogohlantirgan.

«Apelsin orqali Rossiyaga rubl valyutasida pul yuborish va qabul qilish yuqori volatillik sababiga ko‘ra vaqtincha mavjud emas», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, VISA, Mastercard, Western Union pul o‘tkazmalari odatdagi tartibda ishlayotgani qo‘shimcha qilingan.

25 fevral kuni «Hamkorbank» ham «bank tizimlarida olib borilayotgan texnik ishlar sababli „Sberbank Onlayn“ ilovasi orqali pul mablag‘larini qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilgani» haqida xabar bergan edi. 28 fevraldan texnik ishlar to‘liq bartaraf etilgani sababli yuborilayotgan pul o‘tkazmalarini qabul qilishni qayta tiklaganini e’lon qildi.

Avvalroq Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan edi.

Sanksiyalar e’lon qilingan banklar ro‘yxatidan «VEB.RF», «Sber», «Gazprombank», «Alfa-bank», «Otkrыtiye» banki, shuningdek, O‘zbekistonning «O‘zagroeksportbank» bankini sotib olgan yirik xususiy «Sovkombank» o‘rin oldi.

«Rossiya banki» xabariga ko‘ra, sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklarining kartalaridan Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlari orqali foydalanib bo‘lmaydi. Shuningdek, Rossiyaning sanksiya ostidagi banklari SWIFT tizimidan uzib qo‘yildi.