Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 9,5 foizdan 20 foizga oshirishga qaror qildi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

«Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi sharoitlar keskin o‘zgardi. Asosiy stavkaning oshishi ortib borayotgan devalvatsiya va inflyatsiya risklarini qoplash uchun zarur bo‘lgan darajaga depozit stavkalarini oshirishni ta’minlash imkonini beradi. Bu moliyaviy va narx barqarorligini saqlash, fuqarolar jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 28 fevraldan boshlab mamlakat Moliya vazirligi eksport qiluvchilarga barcha tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha valyuta tushumlarining 80 foizini sotish majburiyatini yukladi.

Dushanba kuni ertalab Moskva birjasidagi savdolar boshida dollar kursi 90 rublgacha ko‘tarilib, yangi tarixiy ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Yevro kursi 101,19 ni tashkil etmoqda. O‘tgan haftadan boshlab RF Markaziy banki milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash maqsadida valyuta intervensiyalarini amalga oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan buyon G‘arb davlatlari azkur davlatga qarshi bir necha bor yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Rossiyaning bir qancha yirik banklari, jumladan Sberbank va VTB ushbu ro‘yxatga tushdi. Ayrim davlat kompaniyalari uchun xorijiy kapitalni jalb qilish qiyinlashdi. G‘arb davlatlaridan Rossiyaga yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qilishga taqiqlar joriy etildi.