26 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida prezident Turkiya yetakchisini tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, Turkiyaning do‘st xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali hamkorligi rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

«Turli darajalarda faol muloqotlar davom ettirilmoqda, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda. Ikki mamlakat yetakchi hudud va korxonalarining kooperatsiyasi kengaymoqda, birgalikda qator yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Muhim madaniy-gumanitar dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Strategik hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.