Toshkentliklar ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirish maqsadida poytaxtdagi Ukraina elchixonasiga gullar, yumshoq o‘yinchoqlar va yozuvlar olib kelishmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri diplomatik vakolatxona binosiga tashrif buyurdi.

Yozuvlarda ukrain, o‘zbek va rus tillarida yozilgan: «Mыsvami! #netvoyne» (#urushgayo‘q), «Ukraina, derjis!» (Ukraina, bardam bo‘l!), «Ukrainaga tinchlik», «Sil taterpіnnya ukraїnskomu narodu» (Ukraina xalqiga kuch va sabr) va boshqa qaydlarni ko‘rish mumkin.

Elchixonaga gullar va yozuvlar olib kelgan Toshkentda yashovchi fuqaro Mirzayor Erkinov «Gazeta.uz» bilan suhbatda urush va agressiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ekani va ularni qoralashini ma’lum qildi.

«Unda halok bo‘lgan askarlar ukrain bo‘ladimi yoki rus, ular o‘zlari ishongan qadriyat uchun kurashdi, kurashmoqda. Ukrain o‘g‘lonlari Vatan va ozodlik uchun qon to‘kayotgan bo‘lsa, rossiyalik askarlar nurayotgan hukumatning puch g‘oyalari qurboni bo‘lyapti. Bu juda-juda ayanchli», — dedi u.

U elchixona ostonasiga qo‘ygan gullari birinchi qadriyat, muqaddas tushunchalar uchun halok bo‘lgan askar va tinch aholi vakillari haqqi-hurmatiga atalganini ta’kidladi.

«Yurtdoshlarimiz ozodlik nafasini to‘kis his etishlarini juda istayman. Bu gullar shundan ham bir umid. Agar biz urushni tugatmasak, urush bizni tugatadi, degan edi Gerbert Uells. Ukrainada tinchlik bo‘lsin, har bir davlat o‘zining taqdirini o‘zi hal qilsin. Dunyoda siyosiy qatag‘onlar, urushlar bo‘lmasin», — dedi u.

24 fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.