Shavkat Mirziyoyev 30 yildan so‘ng faoliyati tiklangan Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ndi. Shu yerning o‘zida faollar bilan suhbatlashdi.

«Agar Toshkentdan tibbiyot sohasi vakillari Qoraqalpog‘istonga kelib ishlasa, ularning oylik maoshiga 100 foiz ustama haq to‘laymiz. Agar Mo‘ynoqqa kelib ishlasa ustama, ikki baravar bo‘ladi», — deya prezident so‘zlarini keltirmoqda bloger Aziza Qurbonova.

Davlat rahbari bu yo‘nalishda qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.

Shuningdek, prezident Orolbo‘yi muammolarini ko‘rish va hal qilish uchun 3 kun davomida Qoraqalpog‘istonda bo‘lishini aytdi.

«Qoraqalpog‘istonning 2 millionlik aholisini qanday qilib rozi qilish bizni o‘ylantiradi. Birinchi marta respublika rahbarlari 1 hafta davomida Qoraqalpog‘istonda bo‘ladi. Men ham qarshi bo‘lmasangiz, 3 kun bo‘laman bu yerda. Nega shimoliy tumanlarga viloyat rahbarlarini biriktirdim? Avvalambor, „mehr ko‘zda“ deydi. Birgalashib Orolbo‘yining muammolarini ko‘rishimiz va hal qilishimiz kerak», — dedi u.

U shuningdek, barcha muammoni bir kunda hal etib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Bittada hammasi „yest“ qiladigan davlatning o‘zi yo‘q. Lekin reja tuzib eng og‘ir joydan tiklash va rivojlantirishni boshlaymiz. Bu aeroport ham faqat rasmga tushish uchun aeroport bo‘lmasligi kerak. Manfaat olib kelishi, odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Daryoning yozishicha, davlat rahbari hafta ikki martagacha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan.

«Hozir aeroportga kirishda topshiriq berdim, endi haftada ikki marta Toshkent-Mo‘ynoq-Nukus yo‘nalishida parvozlar bo‘ladi. Bu aeroport rasmga tushish uchun emas, insonlarga xizmat qiladigan bo‘lishi kerak», — deydi prezident.