Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 22 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olishi to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng millatga murojaat bilan chiqdi. Murojaat Ukraina rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z qarorlari bilan Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga rahna solmoqda va 2014 yildan beri Donbassda bo‘lib kelayotgan rus qo‘shinlarini legallashtirmoqda.

«Ukraina RFning oxirgi harakatlarini so‘zsiz davlatimizning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish sifatida baholaydi. Bu qarorlar oqibatlari uchun javobgarlik to‘laligicha Rossiya siyosiy rahbariyati zimmasida bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.

Bundan tashqari, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, okkupatsiya qilingan hududlar Donetsk va Lugansk viloyatlari mustaqilligining tan olinishi Rossiyaning Minsk bitimidan bir tomonlama chiqishini va «normand to‘rtligi» doirasida qabul qilinadigan qarorlarni e’tiborsiz qoldirishi mumkinligini anglatishi mumkin. «Sakkiz yil davomida urushni qo‘llab-quvvatlab kelgan mamlakat, o‘zi ta’kidlayotganidek, tinchlikni qo‘llab-quvvatlamaydi», — dedi Ukraina rahbari.

Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi va YeXHT majlislarini hamda «normand to‘rtligi» shoshilinch sammitini o‘tkazish tashabbusi ilgari surilganini ma’lum qildi.

«Sheriklarimizdan aniq va ta’sirchan choralar qabul qilinishini kutib qolamiz. Hozir kim haqiqiy do‘st va sherikligi-yu, kim esa shunchaki gapda RFni qo‘rqitishda davom etishini bilish juda muhim», — deya ta’kidlagan u.

Zelenskiy Ukraina siyosiy-diplomatik kelishuv tarafdori ekanini va turli provokatsiyalarga berilmasligiga ishontirdi.

«Haqiqat biz tomonda. Biz hech qachon sizdan haqiqatni yashirmaymiz. Vaziyatda o‘zgarishni ko‘rishimiz bilanoq, xatarlar ortganini ko‘rishimiz hamon — siz bundan xabar topasiz. Ayni vaqtda tartibsiz harakatlar uchun hech qanday sabab yo‘q. Biz shunday bo‘lib qolishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz», — deb aytgan Ukraina rahbari.

Zelenskiy ukrainlarning dono va donishmand xalq ekanini yana bir karra isbotlagan, xotirjamlikni yo‘qotmay, har nega qaramasdan barchasiga og‘ir-bosiqlik bilan munosabatda bo‘layotgan Ukrainaning barcha fuqarolariga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

«Biz o‘z zaminimizdamiz. Biz hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmaymiz, hech kimdan hech narsa qarzdor joyimiz yo‘q, hech kimga hech nimani o‘tib bermaymiz. Hozir 2014 yilning fevrali emas, 2022 yilning fevrali. Bu boshqa davlat. Boshqa armiya. Maqsad bitta: tinchlik», — deb bayonot qildi u.

«Biz ko‘pdan buyon hammasiga tayyormiz. Uyqusiz tun uchun sabab yo‘q», — deya ishontirgan Vladimir Zelenskiy.