Bosh prokuratura o‘tgan yilning dekabrida Kun.uz nashri chop etgan ma’lumotlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini e’lon qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan XIII-XV asrlarda yozilgan o‘nlab nodir qo‘lyozmalar yo‘qolgan.

Ular orasida XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar bor.

2018 yilda O‘zbekiston Milliy universitetida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Lekin universitetning asosiy binosi va muzey xonalari ta’mirlab bo‘linganidan keyin ham muzeydagi ashyolar, xususan, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar o‘z joyiga qaytarib qo‘yilmagan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Milliy universitet Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII — XIX asrlarga oid qo‘lyozma va toshbosma asarlarning umumiy qiymati 2,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Tekshiruvlar jarayonida tarixiy va badiiy ahamiyatga ega bo‘lgan 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon — toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bosh prokuratura tomonidan joriy yilning 19 fevral kuni universitetning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, shuningdek, Axborot resurs markazi direktori va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlariga kirishildi.