Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullayev Facebook`dagi sahifasi orqali ilmiy jamoatchilikka murojaat bilan chiqqan. Quyida uning murojaatini ayrim juz’iy tahrirlar bilan e’tiboringizga havola etamiz.

O‘zbek olimlariga murojaat yoki siyosatga qul bo‘lmaylik! Hurmatli olimlar!

Keling, haqiqatga tik qaraylik! O‘zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda. Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi. SCOPUS`da maqola chiqarish xuddi Sho‘rolar davrida qanday bo‘lmasin paxta planini bajarish kabi bo‘lib bormoqda. Ilmiy Kengashda Rektorlar kafedra mudirlariga ochiqdan-ochiq «Ko‘proq maqola yozinglar va bizning institut top 1000 talikka kirishi kerak» deb qayta-qayta yoshlar oldiga rejalar qo‘yib tashlamoqda. Natijada deyarli 80−90% ilmiy maqola havodan olib yozib tashlanmoqda, ayniqsa tibbiyotda ana shunday achinarli ahvol.

Ilm qila oladigan xodim ham, qila olmaydigani ham dissertatsiya yoqlashga undalmoqda. Mana 30 yildirki, hech kim kafedralar moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida qayg‘urmaydi yoki yolg‘ondan qayg‘uradi. Demoqchiman-ki, 30 yildan buyon bizga va’dalar beriladi, biroq kafedra va ilmiy laboratoriyalar anjomlari eskirgandan eskirib borayapti. To‘g‘ri! Ba’zi kafedralarga yangi uskunalar keltirilgan, biroq bundaylar barmoq bilan sanarli.

Yana qaytarib aytaman: ilm-fanda plagiatlik ochiqchasiga avj oldi va eng achinarlisi bundan hech qaysi Ustoz va hech qaysi shogird uyalmayapti. Plagiatlik oddiy holga aylanib qolmoqda.

Ilmiy-amaliy falokat yoki Sardobada olimlar nima ish qilishdi?

2020-yil 6 iyun kuni Sof.uz saytida chop qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Zoologlar ko‘rsichqon va tulkilarning Sardoba to‘g‘oni yemirilishiga ta’sirini o‘rgandi» mavzusidagi ma’lumotga ko‘zim tushdi. Avvaliga buni hazil deb o‘yladim. Keyin bilsam haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari Sardoba suv omboriga «ilmiy safar» ga yuborilgan. Fanlar akademiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, safarning maqsadi yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatini Sardoba suv ombori to‘g‘oni holatiga ta’sirini aniqlash bo‘lgan… Ilmiy xulosani yana o‘qiymiz… «To‘g‘on yon bag‘rining 3 bo‘limida oddiy ko‘rsichqonning ochilib qolgan in yo‘llari topildi… To‘g‘onning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etildi. Shuningdek, tulki ini topildi…» .

Hurmatli olimlar! O‘zbekiston taqdiri va uning kelajagini hokimlar yoki siyosatchilar emas, ilm-fan belgilab berishini bizdan yaxshi biladiganlar bo‘lmasa kerak. Ko‘rib turganingizdek, Davlatni talon-taroj qilgan, yurtga milliardlab talofatlar keltirgan va oddiy halqni uy-joydan mahrum qilgan bu siyosatchilar o‘zlarining jirkanch kirdikorlarini yopdi-yopdi qilish maqsadida Fanlar Akademiyasi xodimlarini tulki va ko‘rsichqon inini izlab topishga yuborishgan. Bu voqeani men misli ko‘rilmagan bedodlik va sharmandalik deb hisoblayman. Bundaylar uchun na olimning, na ilm-fanning qadri bor.

Biz olimlar tokaygacha indamay kelamiz? Barcha yo‘nalish olimlari uchun ishlar tiqilib yotibdi-ku! Ularni nega dadil-dadil Prezident Ma’muriyatiga olib chiqmaymiz? Fanlar Akademiyasi nega uxlab yotibdi? Fanlar Akademiyasi meni fikrimcha allaqachon qariyalar uyiga aylangan! Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo‘q! O‘zbek olimlari nega bu ahvolga tushib qoldi? Qani Yahyo G‘ulomovlar? Qani Ibrohim Mo‘minovlar? Qani Obid Sodiqovlar? Qani Habib Abdullayevlar? Qani O‘ktam Oripovlar? Qani Komiljon Ahmadjonovich Zufarovlar? Qani Vosit Vohidovich Voxidovlar? Qani Sa’di Sirojiddinov va Toshmuhammad Sarimsoqovlar?! Qani Yorqin To‘raqulovlar? Qani Hamid Sulaymonovlar? Qani Xadicha Sulaymonovalar? Qani Bo‘rivoy Ahmedovlar? Qani Po‘lat Qirg‘izboyevich Habibullayevlar? Axir bunday insonlar sizlar yomonlaydigan Sovet O‘zbekistonida yetishib chiqqan ediku! Ular oldida Rossiya, Ukraina, Belarus olimlari bosh egib turardi-ku, uzoq xorij davlatlari yuksak ehtirom bilan kutib olishardiku ularni! Hali men ba’zilarini sanadim xolos. Bu o‘zbek olimlari o‘zbek nomini haqiqatan ham dunyoga tanitgan va haqiqiy ilmni qilib, o‘zi ham mashhur bo‘lgan O‘zbekiston ilm-fani yulduzlari ediku? Nega bunday olimlar hozir yetishib chiqmayapti? Bu savolni men huv tepada o‘tirgan hukumat a’zolariga berayapman. Qani javob bering! Nega O‘zbek ilm-fanini xarob holatga keltirdingiz?! Nega?!

Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va halq oldida bir pullik obro‘si yo‘q ba’zi hokim va vazirlarga topshirib qo‘ydik? Viloyat hokimi qaysidir tuman aholisi unga yoqmagani uchun, ushbu tumanni xaritadan o‘chirib tashlayman desa, yana biri o‘zi haqida she’r ayttirsa, yana biri prezidentga yoqish uchun bir muddat temir vagonga kirib yashasa, boshqa biri o‘qituvchilarni butun yurtga kalaka qilsa, boshqa biri piyoda yursang Dubayga yuboraman desa va h.k. va h.k. Qani siyosiy ilm? Qani fahm-farosat? Qani mantiq? Hamma yoqni yolg‘on bosdiku! Uyalmaysizlarmi?

Ba’zi Vazirlar ta’lim jarayonini zudlik bilan to‘xtatib minglagan talabalarni viloyatlarga odamlar bo‘yni va qorin aylanasini o‘lchashga yuborsa, professorlar OTM da o‘tirib dars o‘tish va laboratoriyada ilm bilan shug‘ullanish o‘rniga mahallama-mahalla yurishga majburlansa. Bu be’manilikni keti bormi? Qani menga aytingchi? Bunday ishlarda mantiq bormi? Bunaqada ilm-fan mahalla darajasiga tushib qolmaydimi? Axir har kim o‘z ishini qilishi kerak emasmi?

Marhamat qilib javob bering! O‘zbekiston faqat mahalladan iborat emas-ku axir! Ilm-fan degan narsa ham bor-ku axir! Barcha soha olimlari uchun yechimini kutib yotgan va o‘sha muammolar yechilmasa, yurt ravnaqi haqida gapirmasa ham bo‘ladigan achchiq-achchiq haqiqatlar bor. Iltimos! Hurmatli olimlar! Siyosatga qul bo‘lmaylik, yurt ravnaqi uchun xizmat qilaylik! Bor haqiqatni prezidentga yetkazaylik. Biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketmayapmiz-mi?

Hurmat bilan professor Zarifboy Ibodullayev, 19 fevral 2022 yil.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.