Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni avtomobilsozlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlarini bosqichma-bosqich nolga tushirish zarurligini ma’lum qilgan. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida uning nutqidan parcha namoyish etildi.

«Sekin-sekin bojxona to‘lovlari nol bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lishi kerak, arzon va sifatli [avtomobillar bo‘lishi uchun], — dedi davlat rahbari.

Prezident oldindan to‘lovga qaramay, xaridorlar bir yil mashinani kutishga majbur bo‘layotganini adolatsizlik deb atadi.

«Oddiy shifokor, oddiy mehnatkash fuqaromiz qancha-qancha mashaqqat bilan yiqqan pulini, kechirasizu 1 yilga «avtoprom»ga aylantirish uchun berib qo‘yishi bu adolatdan emas», — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, prezident dushanba kungi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq bergandi. Shuningdek, prezident yig‘ilishda UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qilgandi.