19 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Jon Blinken ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro qutlov maktublari yo‘lladi. Bu haqda TIV rasmiy vakili Yusuf Kabuljonov xabar berdi.

Abdulaziz Kamilov o‘z maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Mamlakatlar o‘zaro hurmat tamoyili asosida siyosat, iqtisodiyot, inson huquqlari va madaniyat sohalaridagi qator masalalar bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, an’anaviy o‘tkazib kelingan maslahatlashuvlar mexanizmi Strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarilib, uning birinchi majlisi 2021 yilda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tashkil etilgani alohida bildirildi.

TIV rahbari AQSh bilan xalqaro va mintaqaviy formatlar, jumladan, «C5+1» mexanizmi doirasidagi samarali hamkorlikni e’tirof etdi. Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ham qayd etiladi.

Entoni Blinken O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy yangilanishlar dasturiga yuqori baho beradi. Amerika tomoni bundan buyon ham O‘zbekistonning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlanadi.

Maktubda O‘zbekistonning «C5+1» platformasini mustahkamlashga, jumladan, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish va mintaqa farovonligiga ko‘maklashish sohalarida qo‘shayotgan salmoqli hissasi qayd etilgan.

Maktub yakunida E.Blinken Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston olib borayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.