18 fevral kuni Senatda Baqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, unda asosiy e’tibor yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni oldini olishga qaratildi. IIV va Transport vazirligi vakillari bu borada o‘zining takliflarini bildirdi.

Shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transporti afzalligini ta’minlash

Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt ko‘chalarida tirbandliklar, avtobuslarning yetishmasligi va eskirganligi, yo‘lovchilarning jamoat transportidan foydalanish darajasi pastligi, transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlarning ekologiyaga salbiy ta’siri kabi muammolar dolzarbligicha qolmoqda.

«Yo‘llarda vujudga kelayotgan tirbandliklarni faqatgina yo‘llarni kengaytirish, yangi yo‘l o‘tkazgichlarini qurish evaziga hal qilib bo‘lmayapti. Hozirgi paytda asosiy e’tiborni jamoat transporti harakatlanishi ustuvorligiga qaratish, uning jozibadorligini oshirish, barcha uchun qulay va xavfsiz manzilga yetib olish imkoniyatini yaratadigan, shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transporti afzalligini ta’minlashimiz zarur. Bugungi kunda bizni asosiy maqsadimiz shu», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, buning uchun Transport vazirligi, IIV, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idoralar xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tashkil etilgan. Shahardagi 37 asosiy ko‘chalarni o‘z ichiga olgan 23 ta transport yo‘laklari belgilab olingan.

Abdusamat Mo‘minov. Foto: Abdullo Ëdgorov / «Gazeta.uz».

«Ushbu yo‘laklarda tirbandlik kuzatilayotgan chorrahalarni bosqichma-bosqich joyiga chiqqan holda maxsus kamera va dronlar yordamida o‘rganishni boshladik. Bugungi kunga qadar yo‘laklardagi 37 ta chorrahadan o‘tayotgan transport vositalarining harakati maxsus Traffic Data Land Box dasturi yordamida qayta ishlanib, ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda. Ular xorijiy davlatlarning dasturi asosida tahlil qilish orqali chorraxalarning geometrik parametrlarini o‘zgartirish, svetoforlar fazasiga o‘zgartish kiritish yo‘li bilan xavfsiz chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda», — dedi Abdusamat Mo‘minov.

Misol tariqasida keltirilishicha, 2021 yilda Simmetriya kompaniyasi bilan Samarqand shahrida huddi shu kabi tahlillar o‘tkazilgan. Uning asosida esa Samarqandni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha dastur ko‘rinishida taklif ishlab chiqilgan.

«Buni bir yil ichida ishlab chiqdik. Bizni tahlillarimiz asosida tirbandlikni 15 foizga, havoga chiqadigan chiqindirlarni 13 foizga kamaytirishga erishiladi. Agar biz bergan tavsiyalarimizni Samarqand shahri hokimiyati qo‘llaydigan bo‘lsa, bu juda katta natijani beradi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Qayd etilishicha, poytaxt uchun ishlab chiqilayotgan takliflarni amalga oshirish natijasida esa quyidagilarga erishish kutilmoqda: «Chorrahalarning o‘tkazuvchanligini 20 foizga oshirish, transportni chorrahada to‘xtab turish vaqtini 30 foizga kamaytirish, atmosferaga chiqayotgan zararli moddalar miqdorini 35 foizgacha qisqartirish hamda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga erishiladi».

Huddi shu kabi o‘rganishlar Andijon va Namangan shaharlarida ham o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida tadbiq etiladi.

Toshkent ko‘chalarida nimalar o‘zgaradi?

«Shahar ko‘chalari kesishmalarida piyodalar va velosiped harakati xavfsizligini ta’minlovchi texnik vositalar joriy etiladi, — dedi transport vaziri o‘rinbosari. - Uch va undan ortiq polosalar mavjud harakat yo‘nalishlarini ajratuvchi xavfsizlik orolchalari tashkil etiladi. Ikki va undan ortiq yo‘l bo‘lagi mavjud ko‘chalardagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida svetofor boshqaruvini tadbiq etish qo‘zlangan».

Xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda piyoda va velosiped yo‘laklarini tashkil etishda chorrahalar bilan kesishmalarda xavfsiz va to‘siqsiz muhitni yaratish mo‘ljallanayapti.

Shu bilan birga savdo markazlari, bozorlarda va boshqa yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan alohida infratuzilma, alohida yo‘laklar va bekatlarni joriy etish orqali yo‘lovchilarni xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat transporti uchun qulay sharoit yaratishga harakat qilinayotgani ta’kidlandi.

«Hamma bozorga ketayotganda 50 yoki 100 metr bo‘lsa ham mashinani [bozor] eshigini tagiga taqab borishga harakat qiladi, o‘shanga tirbandlik bo‘ladi. Biz shuni kamaytirish, jamoat transportini qulay qilish uchun butun Toshkentni mo‘ljallab rejalarni qilayapmiz», — dedi Abdusamat Mo‘minov.

Uning fikricha, «jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshirish natijasida shaxsiy transportdan foydalanish ulushi kamayadi. Natijada yo‘llardagi tirbandlik va YTHlar kamayishiga erishiladi».

Toshkentda fuqarolar jamoat transportiga o‘tkazilmasa tirbandliklar muammosi hal bo‘lmaydi

Bekmurod Abdullayev. Foto: Abdullo Ëdgorov / «Gazeta.uz».

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayevning fikricha, Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasi muammolari zudlik bilan hal etilmasa tirbandlik nihoyatda ko‘payadi.

«Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va biz [IIV] hamkorlikda ishlab chiqqan, prezidentimiz [huzuridagi] taqdimotda ham bu narsaning hammasi, ya’ni, yo‘l o‘tkazgichlar, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish inobatga olingan. Qolaversa, agar biz fuqarolarni jamoat transportiga o‘tkazmasak, bu masala yechilmaydi», — dedi u.

U misol tariqasida M39 Toshkent-Termiz avtomagistralida soatiga 20 ming avtoulov harakatlanishi kerakligi, hozirgi kunda esa 80 ming avtoulov harakatlanayotganini keltirdi.

«Agar biz zudlik bilan shaharlararo avtobuslar, poyezdlarimiz yoki boshqa jamoat transportlarini ko‘paytirmasak, bu masalani yechimini topish nihoyatda mushkul. Va shaharlar ichida ham huddi shunday. Chet el tajribalarini o‘rgandik, maktablarga mashinada kelish taqiqlangan mamlakatlar soni nihoyatda ko‘p. Ya’ni, o‘sha AQShda ham bolalarni uyidan yig‘ib, avtobuslarda olib kelib, avtobuslarda olib borib qo‘yadi», — dedi IIV rahbari o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Transport vazirligi, hokimiyatlar va IIV shulardan iborat takliflarni kiritgan va bu borada ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Bunga qadar, O‘zbekiston harakat xavfsizligini ta’minlash uchun 10 dan ortiq xorijiy davlat tajribasi, jumladan, Vision Zero strategiyasini hayotga tadbiq etmoqchi ekanligi haqida yozgandik. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba Farg‘ona viloyatida yaxshi natija bergan. Endilikda piyodalarga yo‘llarni kesib o‘tish uchun sharoit yaratish bilan birga qoida buzganlarini jazolash ham ko‘zda tutilmoqda. UNICEF hamkorligida esa bolalar uchun video va kitob shaklida qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.

«Gazeta.uz» mazkur mavzuda hozirga qadar bir necha marotaba tahliliy maqolalarni e’lon qilgan.

Ahmad Donish va Farg‘ona yo‘li ko‘chalarini tezyurar shosselarga aylantirgan Toshkent hokimligi yana bir markaziy ko‘cha — Alisher Navoiy ko‘chasiga ham qo‘l uzatdi. Ishlar yana ogohlantirishsiz boshlab yuborildi. Reja prezidentning shahar birinchi navbatda piyodalar uchun qulay bo‘lishi kerakligi haqidagi bayonotiga zid kelmoqda. Shu bois «Gazeta.uz» nashri davlat rahbariga murojaat yo‘llashiga to‘g‘ri kelgandi.

Iqtisodchi Botir Qobilov esa avtomobillashtirish siyosati noteng imkoniyatlarni yaratgan holda odamlarni kambag‘allashtirishini ta’kidlagandi: kimdir mashinada yuradi, yana kimdir esa chiqindi gazlardan nafas oladi va ko‘chada xotirjam yurolmaydi, chunki ko‘chalar piyodalar hayoti uchun xavfli bo‘lgan mashinalar hududiga aylanib qoldi. Mashina olishga qurbi yetmaydigan yoki mashina haydashni xush ko‘rmaydigan o‘zbekistonliklar buning jabrini tortmasliklari kerak, degandi iqtisodchi.

Boshqa bir maqolada esa Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vaqti-vaqti bilan nafaqat befoyda, balki zararli bo‘lgan, vaziyatni yaxshilashga yordam bermaydigan tashabbuslar bilan chiqayotgani ta’kidlangan. Shulardan biri — yo‘llarga o‘quvchilar mulyajlarini o‘rnatishdir. YHXB va hokimiyatlar hatto mutaxassis bo‘lmaganlar ham ko‘rib turgan kamchiliklarni payqaganlari yo‘q.