Toshkent shahrida 18 metrli “garmoshkali avtobus” avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu 2 fevral kuni qabul qilingan prezident qarorida keltirilgan. Toshkent shahar transport boshqarmasi xodimining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, mazkur qarorda poytaxtga 2022−2025 yillar ichida 1063 ta yangi avtobus harakat tarkiblarini yaratish belgilangan. Uning 673 tasi elektrobus.

Bunda 2022 yilda 410 ta, 2023 yilda esa 253 ta, 2024−2025 yillarda 200 ta yangi avtobus sotib olinishi belgilangan. Bu yil hisobidan hozirgacha O‘zbekistonga 20 ta elektrobus olib kelingan. Qolgan 390 ta transport yil davomida keltirilishi ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yildan 53 ta katta sig‘imli avtobuslar ham keltiriladi (253 ta avtobusdan). Ularning uzunligi 18 metrni tashkil etadi. Transportning qayrilish darajasi yo‘lning parametrlariga to‘g‘ri kelishi uchun avtobusning o‘rtasi “garmoshkali” tarzda bo‘ladi.

“Ular qaror bilan tasdiqlangan jamoat transportining yangi yo‘nalish tarmog‘ining magistral yo‘nalishlariga joriy etiladi. Mazkur 18 metrli avtobuslar 11 ta magistral yo‘nalishlarga joylashtiriladi. Metropoliten liniyalari yer ostidagi katta yo‘lovchi oqimini tashiyotgan bo‘lsa, bu yer ustidagi katta yo‘lovchilar oqimini tashuvchi magistral yo‘nalishlar toifasiga kiradi”, — deya ta’kidladi Toshkent shahar transport boshqarmasi avtomobil transportini rivojlantirish bo‘limi xodimi Axrolxo‘ja Toshxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, 2023 yilda keltiriladigan avtobuslarni kim qayerdan olib kelishi tender savdolari orqali aniqlanadi. Tenderda g‘olib bo‘lgan zavod yoki korxona bilan shartnoma tuzib olib kelinadi. Avtobus O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi ham mumkin, bu tender orqali aniqlangandan so‘ng ma’lum bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi TSHTB xodimi.

Ma’lum qilinishicha, katta sig‘imli avtobuslarni yo‘lga qo‘yish amaliyoti bir necha yillar oldin poytaxtdagi 72-sonli avtobus yo‘nalishida qo‘llangan. Biroq, ma’lum muddatdan so‘ng, to‘xtatilgan.

Boshqarma xodimi bu yangi avtobuslar yo‘lovchilarga bir qancha qulayliklar yaratishini, katta sig‘imdagi yo‘lovchilar oqimini bir vaqtning o‘zida manziliga olib borishini ma’lum qildi.