Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan dorixonalar faoliyati fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Xabarda aytilishicha, Departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «A.F.» MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi D.Ya. xaridorga 2 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 40 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 81 dona «Zardeks», 57 dona «Tebantin» va 20 dona «Karbamazepin» nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bundan tashqari, departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Ph.B.» MCHJga rahbari D.Yu. MCHJga dorixonasida maxsus xaridorga 12 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 300 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1 192 dona «Regapen» nomli dori vositalari mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.