Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat aholisiga murojaatida 2022 yilning 16 fevral kunini Birlik kuni deb e’lon qildi.

“Bizni katta urush bilan qo‘rqitishmoqda va nechanchi bor harbiy bosqin sanasini belgilashmoqda”, — dedi Vladimir Zelenskiy.

“Bizga qarshi tizimli urush barcha frontlarda olib borilmoqda. Harbiy frontda — chegaralar atrofida kontingent soni oshirilmoqda. Diplomatik frontda o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishimizni mustaqil belgilash huquqimizdan mahrum qilishmoqchi. Energetikada — bizni gaz, elektr energiyasi va ko‘mir yetkazib berishda cheklashmoqchi. Axborot frontida ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar va investorlar orasida vahima yoyishga urinishmoqda. Ammo bugun davlatimiz har qachongidan-da kuchlidir”, — deya ta’kidlagan prezident.

Zelenskiy hukumat boshqa davlat armiyasi chegaraning aynan qayerida turgani, uning soni, joylashuvi, ta’minoti va rejalari haqida axborotga egaligini aytib ishontirdi. Ukraina himoyasi bilan uning Qurolli kuchlari va diplomatiyasi shug‘ullanmoqda, deb qo‘shimcha qildi u. Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina tinchlikka intiladi va barcha masalalarni faqatgina tinch yo‘l bilan hal etish tarafdoridir.

Prezident o‘z nutqida shuningdek, yirik kapitalga ega bo‘lgan shaxslar “o‘z davlatidan allaqachon qochib ketishganini” qayd etdi.

“[Ukrainani] eng mas’uliyatli vaqtda tark etganlarga murojaat qilmoqchiman. Sizning kuchingiz siz ega mablag‘lar va samolyotlarda emas, balki namoyon etishingiz mumkin bo‘lgan fuqarolik pozitsiyangizda. O‘z mamlakatingiz va o‘z xalqingiz yoniga qayting, axir siz ular tufayligina o‘z zavodlaringiz va davlatingizga ega bo‘lgandingiz. Bugun har bir shaxs Ukraina fuqaroligiga sinovdan o‘tmoqda. Undan munosib o‘ting. Ukraina kim uchun haqiqatan Vatan ekanligiyu, kim uchun — shunchaki pul uchun maydonligini hamma anglab olsin”, — deya da’vat qildi prezident.

Zelenskiy mamlakatni tark etgan yoki tark etishni rejalashtirayotgan davlat vakillari: davlat xizmatchilari va deputatlarga alohida murojaat qildi.

“Ukraina xalqi sizga nafaqat davlat boshqaruvi, balki uning muhofazasini ham ishonib topshirgan. Hozirgi vaziyatda sizning bevosita majburiyatingiz — biz bilan, ukrain xalqi bilan birga bo‘lish. Men hozir sizlarga 24 soat ichida Vatanga qaytishni va ukrain armiyasi, diplomatiyasi va xalqi bilan yelkama-yelka turishni taklif etaman” — deya da’vat qilgan Vladimir Zelenskiy.

“Bizga 16 fevral hujum uyushtiriladigan kun bo‘lishini aytishmoqda. Biz uni Birlik kuniga aylantiramiz, — deb bayonot qildi Ukraina prezidenti. — Tegishli qaror allaqachon imzolandi. Ushbu kunda biz milliy bayroqlarni ilamiz, ko‘k-sariq tasmalarni taqib, butun dunyoga bizning birligimizni ko‘rsatamiz”.

Farmonga ko‘ra, 16 fevral kuni butun mamlakatdagi binolarda Ukraina davlat bayrog‘i ko‘tariladi, soat 10:00da esa davlat madhiyasi yangraydi, deb xabar berdi mamlakat prezidenti matbuot xizmati.

Aholini kundalik xavfsizlik holati va davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qabul qilinayotgan choralar haqida xabardor etib borish uchun yagona “UArazom” platformasi tashkil etiladi.

Hukumatga hududiy mudofaa tizimini yaratish va ishga tushirish va fuqarolarni milliy qarama-qarshilikka tayyorlash ishlarini jadallashtirish topshirig‘i berilgan.

Mansabdor shaxslar, farmonga muvofiq, 16 fevral kuni ish joyida bo‘lishlari va qasamyodga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarishlari lozim, aks holda ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Jo Bayden, 10 fevral kuni NBC News efiridagi chiqishida, Rossiya tomonidan mamlakat hududiga amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy bosqin sababli, Ukrainada bo‘lib turgan amerikaliklar zudlik bilan mamlakatni tark etishlari kerakligi haqida ogohlantirgan edi.

“Gap dunyoning eng katta armiyalaridan biri haqida bormoqda. Hammasi juda tez o‘zgarishi mumkin”, — dedi u.

AQSh ortidan dunyoning 30 ta davlatlari, jumladan, Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar, shuningdek, BAA, Avstraliya va Kanada o‘z fuqarolariga Ukrainani tark etishni yoki bu davlatga rejalashtirilgan safarlarni qoldirishni tavsiya etdilar.

Rossiyaning Ukrainaga 16 fevral sanasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy hujumi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqda ilk marta Germaniyaning Spiegel nashrida xabar berilgan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh maxsus xizmatlari NATO bo‘yicha ittifoqdoshlarga shoshilinch ogohlantirish yo‘llab, unda bosqin aynan shu kuni boshlanishi mumkinligi haqida aniqlik kiritganlar. Spiegelning ta’kidiga ko‘ra, insayderlar ham AQSh bunday ma’lumotni Rossiyaning hujumga doir rejalarini yo‘qqa chiqarish uchun atayin tarqatgan.