Juma kungi videoselektor yig‘ilishi vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligi sohasida to‘planib qolgan bir qator muammo va kamchiliklarni aytib, mutasaddilar faoliyatini tanqid ostiga oldi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Jumldana, 2021 yilda avariyalar sabab 2,5 mingga yaqin odam vafot etgani, shundan 263 nafari yosh bola ekanligi qayd etildi.

Shu va boshqa muammolardan kelib chiqib, sohani ilmiy yondashuv asosida takomillashtirish maqsadida Transport universiteti bilan hamkorlikda 3 oy muddatda Ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatlardagi transport kollejlarida xuddi shunday hududiy markazlar ochiladi, ularga YXHB boshliqlari rahbarlik qiladi.

«Umuman olganda, masalani muhimligini inobatga olib, bosh vazir rahbarligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi va ichki ishlar vaziri unga o‘rinbosar bo‘ladi», — dedi prezident.

Hududiy komissiyalarga viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari rahbarlik qiladi.

Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, sodir etilgan qoidabuzarliklardan kelib chiqib, har oyda harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idora rahbarlarining hisobotini tanqidiy eshitib, mahalliy Kengashlarda muhokama qilib boradi.

Avvalroq, mazkur videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Qoidabuzar haydovchilarga ball hisoblab boriladi, bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. «Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasini olsa, ulardan 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi» dedi prezident hamda haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligi 30 km/soatdan oshmasligini xabar qilgandi. Qolaversa, ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 km soatdan 60 kmgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.

Qolaversa, Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkazilishi aytildi.