Butunjahon oltin kengashining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida O‘zbekiston o‘z zaxirasi uchun 8,4 tonna oltin xarid qilgan. Nobyar oyida esa mamlakat 21,5 tonna oltin sotgan. Ushbu ko‘rsatkich oy davomidagi dunyodagi boshqa moliyaviy regulyatorlardan ko‘proq bo‘lgan.

«O‘zbekiston oltin zaxiralarini faol boshqarayotgani uchun bunday xarid va sotish odatiy hol hisoblanadi», — deyiladi tashkilot xabarida.

Bundan tashqari, Turkiya dekabr oyida eng katta oltin xaridori bo‘lib, zaxirasiga 10,1 tonna oltin qo‘shib olgan. Turkiya o‘tgan yilning uchinchi choragida katta sotuvchi bo‘lgan, ammo zaxiralarini to‘ldirayotgan ko‘rinadi, deyiladi xabarda.

Dekabr oyida Qirg‘iziston (1,1 tonna), Chexiya (0,4 tonna) va Ukraina (0,3 tonna) ham oltin sotib olganligi aytiladi. Oy davomida eng ko‘p oltin sotgan mamlakat Qozog‘iston bo‘lgan — 4,8 tonna.

O‘zbekiston zaxiralari

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 35,1 mlrd dollarni tashkil etadi. Mamlakat yalpi xalqaro zaxiralari 2021 yil boshidan 235,2 mln dollarga yoki 0,7 foizga oshgan.

Hozirgi yalpi zaxira aktivlarining miqdori 2021 yilning avgust oyi boshida ham qayd etilgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 oktabr holatiga 34,41 mlrd dollarni tashkil etgandi. sentabr oyi boshidagi holat bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 1,02 mlrd dollarga yoki 2,9 foizga kamaygandi. Bu oyda yo‘qotishlarning yarmi oltin hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Hozirgi kunda mamlakat yalpi zaxiralari tarkibida oltinning ulushi 59,5 foizni yoki 20,94 mlrd dollarga to‘g‘ri keladi. Uning miqdori esa 11,6 mln troy unsiyaga teng.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari (35,1 mlrd) mamlakatning umumiy tashqi qarzidan (1 oktabr holatida 37,6 mlrd dollar) ortda qolmoqda.

Shuningdek, 2021 yilning 1 oktabr holatidagi zaxiralari 18 oydan ortiq muddatda importni moliyalashtirish uchun yetarli ekani aytilgan edi. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan 3 oylik darajadan ancha yuqori hisoblanadi.

Zaxiralar mamlakat uchun «xavfsizlik yostig‘i» hisoblanadi. Ular salbiy tashqi zarbalarga qarshi ishlatilishi uchun zarur va zaxiralarning yetarliligi bevosita ushbu zarbalarning tabiatiga ham bog‘liq.