Prezident 9 fevral kuni «Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi [O‘RQ-752-son] qonunni imzoladi.

Adliya vazirligining xabar berishicha, hujjat bilan nogironlik pensiyalari Chernobil AESdagi avariya oqibatida III guruh nogironi bo‘lgan shaxslarga ham to‘lanadi. Ilgari bu faqat I va II guruh nogironlariga to‘lanishi belgilangandi.

O‘quvchilar va talabalar o‘qishi davomida 23 yoshgacha boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olishi mumkinligi belgilandi. Ilgari 18 yoshgacha edi.

Oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari (bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar) yoshi 18 yoshgacha etib belgilandi. Ilgari bu 16 yoshgacha edi.

Shuningdek, bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi. Ilgari jami 3 yildan ko‘p bo‘lmagan davr kiritilgan.