2020 yilning iyul-oktabr oylarida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzulardan biri — bu mahalliy shakar zavodlarimiz o‘z ishchilarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatayotganligi bo‘lgan edi. O‘sha vaqtlarda mazkur zavodlar chet el ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatda yutqazayotganligini ta’kidlagan edi.

Xo‘sh, 2021 yilda mahalliy shakar zavodlari bilan bog‘liq qandaydir yangilikka ko‘zingiz tushdimi? So‘nggi ikki yilda shakar zavodlarimiz bilan nimalar sodir bo‘ldi?

Hammasi 2020 yilning aprel oyida, pandemiyaning salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida ayrim turdagi tovarlar importining aksiz solig‘i hamda bojlardan ozod qilinishi bilan boshlangan edi. Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan shakar importiga 20% lik boj hamda 20% lik aksiz solig‘i xuddi shu yilning 3 aprelidagi qarorga muvofiq, 2020 yil 31 dekabriga qadar bekor qilingandi.

Shakar importiga mavjud to‘siqlarning olib tashlanishi, tabiiyki, ichki bozorda import qilingan shakarning narxi arzonlashishiga va, o‘z navbatida, raqobatbardoshligi oshishiga olib keldi. Ichki bozorda raqobatning keskin ortishi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatda yutqazishi, pirovardida, ishlab chiqarishni qisqartirishi yoki to‘xtatishi natijasida ishchilarini ishdan bo‘shatishi va keyinroq vaqtinchalik yopilishiga ham sabab bo‘ldi.

2021 yilga kelib, import qilinadigan shakarni erkin olib kirish huquqi o‘z kuchini yo‘qotdi (qarorda «imtiyoz» deyilgan, lekin importga boj bo‘lmasligi — bu, aslida, imtiyoz emas, huquq hisoblanadi) hamda shakar importiga to‘siqlar qayta joriy qilindi. Buning natijasida ikkala shakar zavodimiz ishlab chiqarish hajmini keskin oshirdi. Xususan, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida mahalliy shakar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan uch barobarga oshib, 438 ming tonnaga yetgan.

Ishlab chiqarish hajmiga mos ravishda, Braziliyadan shakar xomashyosi importi hajmi ham keskin oshgan. Xususan, 2021 yilda O‘zbekistonga Braziliyadan qiymati 319 mln dollarga teng bo‘lgan (2020 yilga nisbatan yetti yarim barobar ko‘proq) shakar xomashyosi import qilingan. Braziliyadan import qilingan xomashyoning 2021 yilda O‘zbekistonga kirib kelgan jami shakar va shakar xomashyosi importidagi ulushi 90% dan ziyodni tashkil etgan.

Yuqoridagi ma’lumotlardan anglash qiyin emaski, 2020 va 2021 yillarda mamlakat shakar bozoridagi holat turlicha bo‘lgan. Masalan, 2020 yilda importga to‘siqlar umuman bo‘lmagan holda, ichki iste’molning katta qismi import qilingan shakar hisobiga qoplangan bo‘lsa, 2021 yilda ichki iste’molninng asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qondirilgan.

Xo‘sh, bir-biridan keskin farq qiladigan bu ikki yil davomida ichki bozorda shakar narxi qanday o‘zgardi?

2020 yilda shakar narxining yillik o‘sishi 21% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 25,4% ni tashkil etgan. Bir qarashda xulosa qilish mumkinki, iste’molning asosiy qismi mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan qondirilgan yilda shakarning narxi uning importiga to‘siqlar bekor qilingan yildagiga nisbatan biroz tezroq o‘sgan.

Lekin faqatgina ichki bozordagi narx o‘zgarishining o‘zidan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Chunki import qilinayotgan shakar (yoki shakar xomashyosi) narxining mintaqa yoki jahon bozoridagi o‘zgarishi ham ichki bozordagi narx o‘zgarishiga ta’sir qilishi mumkin. Agar ichki iste’molda import qilinadigan shakar kattaroq ulushga ega bo‘lsa, unda mintaqa yoki mamlakatimizga shakar eksport qiladigan davlatdagi narx o‘zgarishining ichki bozorimizga ta’siri kuchli bo‘ladi.

Masalan, mamlakatimiz tayyor shakarni asosan Rossiyadan import qiladi. Bundan kelib chiqadiki, Rossiyadagi narx o‘zgarishiga qarab import shakarning ichki bozorga ta’sirini aniqlash mumkin. Xususan, 2020 yilda Rossiyada shakar narxi 64,5% ga qimmatlashgan hamda iste’mol tovarlari orasida eng yuqori narx o‘sishi aynan shakar mahsulotida qayd etilgan. Bunday keskin narx o‘zgarishi bizning ichki bozorga nisbatan yengil ta’sir qilganligiga sabab — rublning dollarga nisbatan sezilarli darajada qadrsizlanganligi bo‘lgan (albatta, bu yagona omil emas).

2021 yilda esa Rossiyada shakar narxi yil davomida bor-yo‘g‘i 4% ga qimmatlashgan xolos. To‘g‘ri, 2021 yilning birinchi yarmida Rossiyada shakar narxi davlat tomonidan nazorat qilingan. Lekin shakar narxini nazorat qilish to‘xtatilgandan keyin ham bu tovar narxida keskin o‘sishlar kuzatilmagan. Ya’ni ichki bozorda taklif haqiqatdan ham 2020 yilga nisbatan yaxshi shakllangan. Boshqa tomondan, Rossiya hukumati ichki bozorda shakar narxini nazorat qilishi shakar import qiladigan davlatlar uchun nafli bo‘lishi mumkin. Chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilar Rossiya ichki bozorida nazorat qilinayotgan shakarni arzon narxda sotishdan ko‘ra qo‘shni davlatlarda sotishni afzal ko‘rishadi, bu esa shakar import qilayotgan davlatlarning import hajmi oshib, ichki bozorida narxlari barqarorlashishi hamda narx o‘sishining sekinlashishiga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunga o‘xshash tendensiya 2021 yilda Rossiya hamda Qozog‘iston o‘rtasida bo‘lgan. Agar narxlar Rossiyada nazorat qilinmaganda, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘z ichki bozorlarida ko‘proq sotishiga rag‘batni oshirardi hamda eksportning kamayishiga ham sabab bo‘lishi mumkin edi. Yuqorida aytganimdek, eksportga to‘siqlar qo‘yilmagan sharoitda ichki bozorda qaysidir tovar narxini nazorat qilish o‘sha tovarni import qiladigan mamlakatlarga ko‘proq naf keltiradi.

Soddaroq tushuntirilganida, 2020 yilda shakar narxi Rossiyada bizdan karrasiga tezroq o‘sgan. O‘zbekistonga tayyor shakar importining asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelishi hisobga olinsa, u yerdagi narx o‘sishi bizning bozorda ham o‘z aksini ko‘rsatmasdan qolmaganligi aniq. 2021 yilda esa mahalliy zavodlarimiz ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklagani holda, shakar narxining inflyatsiyadan ko‘ra ikki yarim marta tezroq o‘sayotganligini ko‘rmoqdamiz.

Bizga shakar eksport qiladigan Rossiyada esa narxlar real ko‘rsatkichlarda (ya’ni, inflyatsiyani ayirib tashlaganda) hatto pasaygan. Shunisi e’tiborliki, asosiy iste’mol import hisobiga qondirilgan davrda, hatto eksportyor mamlakatlardagi shakarning yuqori narxlari bosimi ostida ham O‘zbekiston bozorida shakar narxi nisbatan sekin o‘sgan. Asosiy ta’minot mahalliy ishlab chiqaruvchilar zimmasiga tushgan yilda esa narxlar keskin ko‘tarilgan.

Yoki boshqa bir misol. 2020 yilda Qozog‘istonda shakar narxi yil davomida qariyb 34% ga oshgan va shakar iste’mol tovarlari orasida eng yuqori narx o‘sishi kuzatilgan tovar bo‘lgan. 2021 yilda esa shakar inflyatsiyasi 15,3% ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda shakarning narxi 2021 yilda 25,4% ga oshgan edi. To‘g‘ri, Qozog‘istondan juda katta miqdorda shakar import qilmaymiz. Lekin Qozog‘istondagi narx o‘zgarishining O‘zbekistondagi narx o‘zgarishiga ta’siri bo‘ladi — albatta chegaralar ochiq bo‘lgan sharoitda (afsuski 2021 yilda chegaralarimiz yopiq edi). Xususan, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatga Qozog‘istondan 1,5 ming tonna shakar import qilingan. Taqqoslash uchun, xuddi shu davrda Rossiyadan O‘zbekistonga 5,3 ming tonna shakar import qilingan.

Qayd etish joizki, 2020 yilda shakar importi uchun to‘siqlar olib tashlangan vaqtda ko‘pchilik «importyorlar bozorni egallab olguncha narxni arzon ushlab turib, keyinroq narxni ko‘taradi» degan fikrni ilgari surgan edi. Bundan tashqari, «import bojlari olib tashlanganligiga qaramay shakar narxi tushmaydi» yoki «narx o‘sishi sekinlashmaydi» kabi fikrlar ham ko‘p yangragan edi. Agar 2020 hamda 2021 yildagi narx o‘zgarishlarini taqqoslab ko‘rsak, bunday xavotirlar qaysidir ma’noda haqiqatdek bo‘lib ko‘rinadi. Chunki qisqa muddatda chegaralar ochilishining ta’siri iste’molchilarga deyarli sezilmadi.

To‘g‘ri, 2020 yilda narx o‘zgarishi 2021 yilga nisbatan pastroq bo‘ldi. Qaysidir ma’noda, bu iste’molchilar uchun erkin savdo yaxshiroq ekanligini isbotlash uchun, aslida, yetarli, lekin oddiy iste’molchi 2021 yilda shakar narxi 2020 yilga nisbatan tezroq o‘sganligini hatto sezmasligi ham mumkin.

Narx o‘zgarishining faqat O‘zbekistondagi emas, balki umumiy mintaqa yoki bizga shakar eksport qiladigan davlatlardagi tendensiyalarini kuzatsak, shunga amin bo‘lamizki, 2020 yilda narx o‘sishining sekinlashmaganligi yoki pasaymaganligidan «importning erkinlashuvi — bu samarasiz qaror» degan xulosaga kelish aslida xato. Chunki 2020 yilda shakar narxinig keskin o‘sishi — boshqa davlatlarda ham kuzatilgan tendensiya hisoblanadi. Agar 2020 yilda shakar importiga to‘siqlar saqlanib qolganida, kuzatilganidan ko‘ra ancha yuqori narx o‘sishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin edi. 2021 yildagi shakar narxining o‘zgarishi esa nisbatan mahalliy ishlab chiqarish bilan bog‘liq tendensiya hisoblanadi. Chunki O‘zbekistonga shakar eksport qiluvchi davlatlarda narx o‘zgarishi ichki bozor bilan taqqoslaganda ancha past bo‘lgan, xususan, Rossiyada shakarning real narxi hatto pasaygan.

2021 yilda iste’molchilarning qimmatroq shakar iste’mol qilayotganligi — bu, to‘laligacha, qaror qabul qiluvchilarning qarorlari natijasi. Ya’ni qaror qabul qiluvchilar qaysidir sabablarga ko‘ra mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yana qo‘llab-quvvatlashga qaror qilishgan va buning natijasida import shakar uchun bojsiz hamda aksiz solig‘isiz rejimni davom ettirish lozim ko‘rilmagan. To‘g‘ri, bu qarorlar mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishiga olib keldi. Natijada mazkur zavodlarda minglab ishchilar ish bilan ta’minlandi. Ammo, boshqa tomondan, butun boshli iste’molchilar, qo‘shni davlatlarda shakar narxi bizdagiga nisbatan ancha sekin o‘sganligiga qaramay, shakarni qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo‘lishdi.

Xo‘sh, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyat yuritishi farovonlik uchun qay darajada zararli?

O‘tgan yili shakar zavodlari o‘z ishchilarini yoppasiga ishdan bo‘shatayotgani masalasi ko‘pchilik tomonidan fojea sifatida olib chiqilgan edi. Hatto iste’molchilarning o‘zlari ham ko‘plab ishchilarning ish o‘rnini yo‘qotishi va zavodlarning yopilishini yomon xabar sifatida qabul qilgandilar.

Lekin aslida ham shundaymi? Keling, ba’zi taxminiy hisob-kitoblarni amalga oshirib ko‘ramiz. Albatta, misol asosan raqamlar va hisob-kitobdan iborat. Biroq men misolni texnik jihatdan emas, soddaroq va tushunarliroq qilib tasvirlab berishga harakat qilaman.

Tasavvur qilamiz, import bojlari bo‘lmagan sharoitda ichki shakar iste’moli 525 ming tonnani (import to‘siqlari bor sharoitda bu ko‘rsatkich 470 ming tonna) tashkil etadi. Agar importga mavjud to‘siqlar butunlay olib tashlansa, bu ichki bozordagi narxning 25% pasayishiga sabab bo‘ladi. Importga to‘siqlar 40% atrofida bo‘lgan sharoitda, to‘siqlar olib tashlanishining umumiy narxga ta’siri aslida 25% dan yuqoriroq bo‘lishi ehtimoli katta, biroq bozorlar sof raqobat bozori emasligi hamda transport xarajatlari mavjudligini hisobga olgan holda, to‘siqlar olib tashlanishining narxga ta’sirini -25% deb olamiz. Shakar narxini esa kilogrammi uchun o‘rtacha 9000 so‘m etib belgilaymiz va zarur hisob-kitobni amalga oshiramiz (chegara ochilgandagi narx esa 6750 so‘m). Yuqorida olingan shartlarning hammasi real hayotga yaqin qilib olingan, albatta ayrim xatoliklar bo‘lishi mumkin.


Import bojlarining bekor qilinishi natijasida narxlar 6750 so‘mgacha pasaysa, unda iste’molchilarning narx pasayishidan ko‘radigan nafi 1,12 trln so‘mga teng bo‘ladi (grafikda a+b soha). O‘tgan yilgi tendensiyani kuzatsak, import bojlarining olib tashlanishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyati butunlay to‘xtashiga olib kelgan edi, hozirgi misolda ham aynan shunday tasavvur qilamiz. Ya’ni import bojlarining olib tashlanishidan ishlab chiqaruvchilarning umumiy yo‘qotishi 528 mlrd so‘mga teng bo‘ladi (grafikda a soha).

Ko‘rib turganingizdek, chegaralarning ochilishi natijasida iste’molchilarning oladigan nafi ishlab chiqaruvchilarning yo‘qotishidan taxminan ikki barobar ko‘proq. Boshqacha aytganda, chegaralarning ochilishidan butun iqtisodiyot 592 mlrd so‘m yutadi. Bu raqam import bojlari saqlanib qolgan sharoitda iqtisodiyotning yillik yo‘qotishi hisoblanadi. Ya’ni shakar importi uchun to‘siqlarning olib tashlanishi umumiy farovonlikni yiliga qariyb 600 mlrd so‘mga oshiradi.

Agar yo‘qotishlar yoki yutuqlarni aholi jon boshiga hisoblansa, bir qarashda yo‘qotishlar kattadek ko‘rinmaydi. Masalan, chegarada bojlar mavjud bo‘lgan sharoitda har bir iste’molchining yo‘qotishi yiliga o‘rtacha 32 ming so‘mni tashkil etadi xolos. Boshqacha aytganda, shakar zavodlarining ishlab turishi hamda chegaradagi bojlarning saqlanib qolishi har bir iste’molchini yiliga o‘rtacha 32 ming so‘mga kambag‘allashtiradi. Ko‘rib turganingizdek, agar zararni butun aholiga bo‘lib yuborilsa, unda bitta iste’molchi o‘zining kambag‘allashayotganligini hatto sezmaydi ham. Ammo har bir iste’molchining ko‘rgan zararini qo‘shib chiqilsa, unda bu judayam katta raqamga aylanadi.

Boshqa tomondan, ishlab chiqaruvchilar iste’molchilar singari ko‘p bo‘lmaganliklari tufayli, chegaradagi bojlarning saqlanib qolishidan har bir ishlab chiqaruvchining ko‘radigan foydasi katta bo‘ladi. Tabiiyki, to‘siqlarning olib tashlanishidan ko‘radigan zarari ham. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ikkita shakar zavodi faoliyat yuritadi, o‘z navbatida, savdoning erkinlashtirilishidan keladigan zarar aynan shu ikki zavod yelkasiga tushadi. O‘z-o‘zidan, zarar judayam katta bo‘lganligi bois bu zavodlar, qaysidir ma’noda, hukumatga turli yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishga urinadi hamda ichki bozorni imkon qadar yuqoriroq bojlar bilan tartibga solishni talab qiladi. Proteksionizm soyasiga yashirinishga harakat qiladigan bu kabi zavodlar, o‘zlarining ishlab turishi jamiyat uchun foydali ekanligiga hukumat va xalqni ishontirish maqsadida o‘zlari yaratayotgan ishchi o‘rinlarini asosiy argument sifatida keltirishadi.

Vaholanki, shakar zavodlaridagi ish o‘rinlari iste’molchilarning kambag‘allashishi evaziga yaratiladi. Masalan, hozirgi kunda O‘zbekistondagi ikkita shakar zavodida 2000 ga yaqin ishchi faoliyat olib boradi. Yuqorida keltirilgan misoldan kelib chiqadigan bo‘lsak, mazkur zavodlarning ishlab turishi oqibatida iste’molchilar yiliga jami 1,12 trln so‘mga kambag‘allashadi. Agar bu zararni har bir ishchiga bo‘lib chiqsak, 560 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Ya’ni shakar ishlab chiqarishda yaratilgan har bir ish o‘rni evaziga iste’molchilar yiliga 560 mln so‘mga kambag‘allashadi. Yoki, boshqacha aytganda, bu sohada yaratilgan bitta ish o‘rni jamiyatga 560 mln so‘mga tushadi. Agar zavodlarda ishlaydigan ishchilarning o‘rtacha oylik maoshi 3 mln so‘mni tashkil etsa (menimcha, bu biroz optimistroq raqam), unda kelib chiqadiki, iste’molchilar uchun import bojlarini olib tashlab, ishini yo‘qotgan ishchilarga oylik maoshini to‘lab turish hozirgi holatdan taxminan 15,5 marta arzonroq tushadi.

Bundan tashqari, «zavodlar yopilsa, ishsizlik keskin oshib ketadi», degan argumentni beruvchilar ko‘p topiladi. Lekin zavodda band bo‘lgan xodimlarning ishsiz qolishi ishsizlikni hozirgi darajasidan bor-yo‘g‘i 0,00013% ga oshiradi xolos. Xo‘sh, bu ko‘rsatkich seziladimi? Ba’zi hududlar, masalan, Angren yoki Xazorasp tumanlarida (Xorazm viloyati) biroz sezilishi mumkin, lekin butun iqtisodiyot nuqtai nazaridan olib qaraganda, bu yo‘qotish umuman sezilmaydi.

Albatta, men odamlarning ishsiz qolishi yaxshi, degan fikrdan yiroqman, lekin aynan mana shu zavodlarning ishlab turganligi sababli resurslarning noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida yo‘qotiladigan potensial ish o‘rinlari bu zavodlar yaratadigan ish o‘rinlaridan ancha ko‘proq. Boshqacha aytganda, zavodlar yopilishidan iqtisodiyot ish o‘rinlari yo‘qotmaydi, balki resurslarning qaytadan, samaraliroq taqsimlanishi natijasida ko‘proq ish o‘rinlari yaratiladi.

Shubhasiz, yuqoridagi tipik misol real hayotdan farq qilishi mumkin. Qolaversa, model nihoyatda sodda. Lekin bu mazkur misol haqiqiy hayotni aks ettirmaydi, degani emas. Chunki, birinchidan, barcha ko‘rsatkichlar mavjud statistik ma’lumotlarga asoslangan holda olingan, bundan tashqari modelning soddaligi hisobiga ba’zi omillar e’tibordan chetda qoldiriladi. Bu esa zavodlarning jamiyatga keltirayotgan zarari aslida misolda keltirilganidan ko‘ra ancha ko‘proq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Masalan, zavodlarning mavjudligi resurslarning noto‘g‘ri taqsimlanishi hamda rag‘batlarning noto‘g‘ri shakllanishiga olib keladi. Bunday oqibatlarning modelda inobatga olinmasligi ham zavodlarning keltirayotgan zararini hisob-kitoblarda kamroq ko‘rinishiga olib keladi. Biroq modelning sodda ekanligi o‘quvchilarning haqiqiy vaziyat haqida aniqroq va tushunarliroq xulosa olishiga yordam beradi.

Xulosa

2020 yilda shakar importining qisqa muddat bo‘lsada erkinlashganligi, albatta, juda quvonarli hodisa bo‘lgan edi. Lekin ba’zi omillar natijasida iste’molchilar erkin savdoning haqiqiy nafini o‘z tanalarida sezishga muvaffaq bo‘lolmadi. Ammo bu erkin savdoning foydasiz yoki samarasiz ekanligini anglatmaydi. Proteksionizm esa, har doim ta’kidlanganidek, yomon va zararli qaror. Uning qanchalar zararli ekanligini 2021 yildagi tendensiyalardan ham ko‘rish mumkin. Xususan, yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, ichki bozorimizda shakar narxining o‘sishi, bizga tayyor shakar eksport qiladigan davlatlar bilan taqqoslaganda, nihoyatda yuqori bo‘lgan.

Turli proteksionizm usullari orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish iste’molchilarning kambag‘allashib borishiga olib keladi. Lekin zararning har bir iste’molchiga ta’siri kichik bo‘lganligi uchun iste’molchilar o‘zlarining kambag‘allashayotganini sezmaydi hatto. Ammo iqtisodiyotimizning hajmi aynan mana shunaqa zararli zavodlarning ishlab turishi natijasida kichrayib boradi. Yechim esa — erkin savdo. Ya’ni erkin savdoga yo‘l ochib berilishi iste’molchilarni boyroq qiladi hamda umumiy farovonlikni oshiradi.

Men bu fikrim bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yopib chegaradagi bojlarni ochish kerak, demoqchi emasman. Chegaradagi importga bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlab, ichki ishlab chiqaruvchilar adolatli raqobat muhitida ishlay olishsa, demak ularni ishlashiga hech kim to‘sqinlik qilmaydi. Qaysi mahsulot bo‘lishidan qat’i nazar, agar uni mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishi import qilishdan arzonroq bo‘lsa, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bu tovarni ishlab chiqarishi kerak, agar chet eldan import qilib iste’mol qilish arzonroq bo‘lsa, unda bu tovar ishlab chiqarilishi emas, balki import qilinishi kerak. Masalaning eng muhim jihati esa, қaйси mahsulotni import qilish-u, qaysinisini ishlab chiqarishni davlat emas, balki erkin va bojlarsiz bozor hal qilishi kerak. Aks holda har qanday noto‘g‘ri qarorning jabrini iste’molchilar tortadi.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish bahonasida erkin savdoning cheklanishi faqatgina shakar bilan bog‘liq hodisa emas, balki boshqa ko‘plab tovarlar uchun ham amal qiladigan rejim hisoblanadi. Iste’molchilarning savdo yopiqligidan ko‘radigan zarari yildan-yilga oshib bormoqda, lekin afsuski qaror qabul qiluvchilar iste’molchilarning manfaatlariga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qilishga umuman shoshilishmayapti. Erkin savdoga qarab yurmasligimiz esa, aslida, bugungi kundagi haqiqiy fojealarimizdan biridir.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo‘nalishi magistranti.