Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Toshkentshahargaz» korxonasining sobiq xodimi B.N. qo‘lga olindi, deb xabar berdi departament matbuot xizmati.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, B.N. tashkilotning xizmat guvohnomasiga soxta ma’lumot kiritib, fuqaro A.ga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish uchun loyiha hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga 16,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.