Toshkent mahallalari YUNESKO Butunjahon madaniy merosining dastlabki ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar qildi Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva. U ushbu hodisani jahon miqyosidagi tarixiy voqea deb atadi.

«Eski shahar mahallalari madaniy qatlamlarini saqlab qolish bo‘yicha dastlabki qadamlar 2019 yilda, Venetsiya arxitektura Biyennalesida taqdim etilgan „Mahalla: shahar va qishloq hayoti“ loyihasi ishlab chiqilganda amalga oshirilgan edi», — deya esga oldi u.

«Mahallalarimiz xalqaro ekspertlar tomonidan eko-arxitekturani tiklash, zamonaviy shaharlarni ommaviy urbanizatsiyadan asrash, shuningdek, ijtimoiy qadriyatlar va jamoaviylikni saqlab qolish usuli sifatida e’tirof etildi», — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.

«Tabiiyki, ushbu hududda hech qanday investitsiya qurilish loyihalarini amalga oshirishga ruxsat bo‘lmaydi, — deya qayd etdi u. — Toshkentning yuragi bo‘lgan qadimiy Zarqaynar ko‘chasi taqdiriga samimiy qayg‘urayotgan barchaga — jamoatchilik vakillari, faollar, jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildiramoqchiman. Shuningdek, mahallani asrab qolish loyihasini qo‘llab-quvvatlagani va uni Butunjahon tabiiy va madaniy merosi dastlabki ro‘yxatiga kiritgani uchun YUNESKO tashkilotiga minnatdorchilik bildiramiz».

«Mahallani asrab-avaylash masalasida jamoatchilik mas’uliyati va ongli yondashuviga tayangan holda, ushbu yo‘nalishda ilmiy-restavratsiya ishlarini davom ettiramiz», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkentning Eski shahar qismida joylashgan Zarqaynar ko‘chasining renovatsiya loyihasi taqdim etilgan edi. Loyiha tashabbuskori, Mimar Group kompaniyasi u yerda «Eski shahar ruhini saqlab qolgan holda» turistik markaz tashkil etishni taklif qildi.

Jamoatchilik vakillari ushbu loyihani tanqid qilib chiqdi. Human House galerayasi asoschisi va rahbari Lola Sayfi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi:

«Agar Zarqaynar ko‘chasi xabarlarda keltirilgan loyiha bo‘yicha quriladigan bo‘lsa, uni o‘ldirishadi. […] O‘tgan yili men shaxsan muhtaram shahar hokimimiz va Mimar direktoriga ushbu loyihani bunday qilib bo‘lmasligini tushuntirgan edim. Omadim keldi, o‘shanda bu voqea prezidentgacha yetib bordi. Jahongir Abidovich [Ortiqxo‘jayev] esa shaxsan menga qo‘ng‘iroq qilib, men uni noto‘g‘ri tushunganimni va u umuman uy buzishni istamasligini aytdi. U faqat eski uylar o‘rniga „chiroyli uylar“ yasamoqchi ekan. „Qaysi asrda uylar kerak, Lola opa? Siz xohlagan asrni quramiz. 17? O‘n sakkiz? Qaysi?“ Keyin 1,5 soat suhbatlashdik. Menga u tushungandek tuyuldi. Ammo u tushunmadi va bir yil o‘tgach, u xuddi shu narsani sinab ko‘rdi, faqat profilda».

«57 million dollar evaziga (Mimar Group loyihasi bo‘yicha Zarqaynar ko‘chasini renovatsiya qilish 58,5 million dollarga baholanmoqda — tahr.) nafaqat bitta ko‘chani, balki butun Eski shahar hududini mahorat bilan rekonstruksiya qilib, jozibador joyga aylantirish mumkin. Buning uchun bizda hamma narsa bor — me’morlar, arxeologlar, tarixchilar, etnograflar, rassomlar, o‘lkashunoslar, hunarmandlar va jurnalistlar», — deya xulosa qildi u.

Alerte Héritage madaniy yodgorlik observatoriyasi prezidenti Boris Chuxovich tashabbusni «Eski shaharga qarshi yangi zo‘ravonlik loyihasi» deb atadi. Uning qayd etishicha, «Eski shahar ruhini saqlab qolish»ni e’lon qilgan mualliflar tarixni imitatsiya qilishadi va unga Sebzor emas, balki «ekzotik janub, aniqrog‘i O‘rta yer dengizi aurasi»ni berishadi».

Bundan tashqari, u loyiha konsepsiyasini Eski shahar ekzotik sayyohlik obyekti sifatida ko‘rsatilgan «qo‘riqxona» deb ta’rifladi.

«Mualliflar «renovatsiya» (aslida — qayta qurish) ishlari olib borilayotgan hudud aholisining ehtiyojlariga loqayd ekanliklarini yana bir bor namoyish etmoqdalar. Ular uchun Zarqaynarda «o‘zbek hayoti teatri»ni qurish uchun bu yerdan merosxo‘r tub aholini uloqtirib yuborish muhimroq», — deya taxmin qildi Boris Chuxovich.