1 fevral kuni Turizm va sport vazirligida Bo‘stonliq tumanini kompleks rivojlantirishning birinchi bosh loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.


Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, Bo‘stonliq tumanini to‘g‘ri rivojlantirish o‘zi bilan bir qator muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va investitsion o‘zgarishlarni olib keladi.

Sputnik O‘zbekiston agentligining aniqlik kiritishicha, Aziz Abduhakimov Bo‘stonliq hududi 1,5 yil davomida batafsil o‘rganilganini ma’lum qilgan. O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, xalq orasida «bochka» nomi bilan mashhur asosiy transport chorrahasi hududida qadimiy qal’a darvozalari joylashgan. Shu bois «Chorvoq» turistik zonasi direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Suna Parkning ta’kidlashicha, mazkur joyni «Chorvoq darvozasi» deya nomlashga qaror qilingan.


«Loyihani yaratishda asosiy e’tibor Bo‘stonloqning noyob tabiiy salohiyatini saqlashga qaratilgan, — dedi Aziz Abduhakimov. — Shu sabab „Chorvoq darvozasi“ va „Yusufxona“ hududlarida ekokarkas va jamoat joylarining barqaror tizimini yaratish, ekologik toza transportni rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, an’anaviy me’morchilikka ham alohida e’tibor berilgan. Xuddi shunday, „Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo‘jakent“ hududida an’anaviy tog‘ qishlog‘ining zamonaviy qiyofasi yaratiladi».


Qayd etilishicha, so‘nggi bir necha yil davomida tuman bir qator muammolarga duch kelgan. Jumladan, tartibsiz qurilish, mehmonxonalarda turli narx segmentlari bo‘yicha joylashish imkoniyatining yo‘qligi, mavjud infratuzilmaning talabga javob bermasligi, ekologik degradatsiya va dam oluvchilarning ekologik madaniyatining u darajada yuqori emasligi aniqlangan. Mazkur muammolarni hal etishda qator me’yoriy hujjatlar qabul qilingan.


Olib borilayotgan ishlar doirasida «Chorvoq» TRZ tarkibidagi dastlabki ikki hudud: «Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo‘jakent» va «Yusufxona» majmualarining master-rejalari va rivojlantirish konsepsiyalari ishlab chiqilgan. Hududlarni loyihalashtirish va arxitektura yechimlari «Novaya Zemlya» (Rossiya) loyiha-konsultatsiya konsorsiumi hamda ARC arxitektura byurosi tomonidan amalga oshirilgan. Shuningdek, «ToshboshplanLITI» instituti DUK master-rejalarni batafsil rejalashtirish loyihalariga moslashtirish qismida ishtirok etgan.


Loyihaning me’moriy yechimlari muallifi va ARC arxitektura byurosi rahbari Bobir Qilichevning ma’lum qilishicha, «Chorvoq darvozasi» loyihasi hududi uchun arxitektura yechimlarini yaratishda, birinchi navbatda, mintaqaning an’anaviy tog‘ me’morchiligi, ya’ni tabiatga va tog‘li hududning tabiiy relefiga bo‘lgan hurmat, somon suvoq, yog‘och va tosh kabi tabiiy materiallardan foydalangan holda pardoz berish maqsad qilingan.


Asosiy g‘oya — zich binolar bilan o‘ralgan, kam qavatli va ayvoni bo‘lgan an’anaviy tog‘ qishlog‘i qiyofasini qayta tiklash.

«Yusufxona hududi nisbatan zamonaviyroq ko‘rinishga ega bo‘lishi, shu bilan birga, tabiatga va tabiiy relefga bo‘lgan hurmat saqlanib qolishi ko‘zda tutilgan», — dedi Bobir Qilichev.


Suna Parkning so‘zlariga ko‘ra, hududda qulay transport tizimidan boshlab, bog‘lar va veloyo‘lakchalargacha bo‘lgan dam olish sharoitlarini yaratish maqsad qilingan. Bu borada Direksiya tomonidan ekoturizm, tabiiy va rekreatsion hududlarni barqaror rivojlantirish sohasidagi xalqaro tajriba batafsil o‘rganilgan, shuningdek, jamoat joylari tizimini yaratishda Tatariston tajribasi qo‘llanilgan.


Shu bilan birga, «Chorvoq» TRZ direksiyasi tomonidan Bo‘stonliq tumani hududida chiqindilarni barqaror boshqarish va ekologik madaniyatni oshirish tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqilgan. Dastur dam oluvchilarning ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan infratuzilma yechimlari va tadbirlarining bir butun majmuini o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, jismoniy va yuridik shaxslarning qattiq maishiy chiqindilarni, jumladan, yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirish ko‘zda tutilgan. Chiqindi qutilari va axboriy-ma’rifiy ijtimoiy reklama, taqiqlovchi va ma’lumot beruvchi belgilarni o‘rnatish bo‘yicha algoritm ishlab chiqilgan. Ekologik madaniyatni oshirish hamda qulay va hamyonbop dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida jamoat piknik zonalari loyihasi ishlab chiqilgan. Bunday zonalarning dastlabki varianti shu yil bahor mavsumida ochilishi rejalashtirilgan.


«Loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda mahalliy aholi, jamoatchilik vakillari va Bo‘stonliq tumani taqdiriga befarq bo‘lmagan fuqarolarning faol jalb etilishi hamda ularning ishtiroki ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratiladi», — deyiladi ma’lumotda.

Shuningdek, matbuot anjumani davomida Fransiya hukumatining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilgan xalqaro to‘liq mavsumiy kurort tarkibidagi «Chimyon» dam olish maskani loyihasi ham taqdim etildi.