Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta oliy ta’lim muassasasini kompleks o‘rganib chiqdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, o‘rganish natijalari yuzasidan mas’ullar va hududda joylashgan OTMlar rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda hududdagi qator OTMlarda ta’lim sifati va ilmiy salohiyat yetishmasligi, talabalar, o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagani, moddiy-texnik baza bilan to‘liq ta’minlanmagani, o‘quv jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishdagi muammolar ko‘rilgan. Shuningdek, masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklar tanqid qilingan.

Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilib, direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy ta’limni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berilgan. Muammolarni bartaraf etish uchun uch oylik muddat qo‘yilgan.

«Bugun masofaviy ta’lim uchun yaratilgan ko‘plab maxsus platformalar bo‘laturib, uch ming nafar talabani Telegram orqali o‘qityapsizlar. Hamma narsa telegramda. Oliy ta’lim muassasining o‘z platformasi yo‘qmi? Bu nima ahvol? Prezidentimizning ozgina tashvishlari ming chandon to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lib ketyapman. Barchasi bo‘yicha xulosa qilinadi. Endi ta’lim siyosatiga hamma javob beradi», — degan oliy ta’lim vaziri.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq oliy ta’lim vaziri va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh O‘zbekistondagi barcha OTMlar tanqidiy o‘rganishi haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, 7 fevraldan OTMlar an’anaviy ta’lim tizimiga qaytmoqda.