«Adolat» SDP O‘zbekistonda TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qilmoqda. Partiya buni «yosh avlodning «tiktoker"lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham ko‘payayotganligi» bilan izohlagan.

Partiya shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, samarqandlik yigitlar ko‘chada yo‘lovchini tepkilaganligi aks etgan videotasvirni misol qilib keltirgan. «Biror sababsiz, shunchaki tarmoq „yulduzi“ bo‘lish ilinjida qasddan qilingan ushbu tajovuzkorlik, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda», deyiladi xabarda.

Samarqanddagi bezorilik shahardagi 45-maktabning 8-sinf o‘quvchi yigitlari tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, voyaga yetmagan yigitlarning ota-onalariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

«Bunday illatlarga birgalikda kurashmas ekanmiz, pana-panalarda mayda bezoriliklar avj olib boraveradi. Umuman olganda bunday holatlarni mayda bezorilik deb ham atab bo‘lmaydi. Qadriyatlarimizga zid qarashlar ortidan ergashayotgan farzandlarimizning bunday xunuk xatti-harakatlarini shunchaki yoshlik beboshliklariga yo‘yib yuraverar ekanmiz, yurtimiz va davlatimiz yorqin kelajagini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan bo‘lamiz», — deya ta’kidlamoqda «Adolat» SDP.

Partiya faollari «zo‘ravonlikka tamomila qarshi insonlar safida» turib, yoshlarni «millatimizga yot bo‘lgan har qanday g‘oya va qarashlardan himoyalash tarafdori» ekanliklarini bildirishgan.

«Kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirishimiz, foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘p bo‘layotgan internet tarmog‘idagi Tik-Tok singari mobil ilovalarni sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz voqea-hodisalarni hisobga olgan holda butunlay bloklashimiz lozim», — deya taklif qilmoqda partiya.

Partiyaga ko‘ra, tarmoq mamlakatda «mashhurlikga o‘ch yoshlar ongini zaharlab, ijtimoiy tarmoqda shuxrat qozonishga „oltin ko‘prik“ vazifasini» o‘tamoqda. Shuningdek, mavjud taqiqlarga qaramay, VPN ilovasi orqali ulanish imkoniyati borligi masalaning ahamiyatini yanada oshirishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentabrida «Milliy tiklanish» partiyasi ham TikTok tarmog‘ini bloklashni taklif qilgan edi. Dekabr oyida «TikTok Fest» shou-konserti bekor qilinib, Madaniyat vazirligi tadbir yoshlar ongi va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan edi.

2021 yilning iyul oyida «TikTok», «Twitter», «Skype», «VKontakte» va «WeChat» ijtimoiy tarmoqlari faoliyati cheklangan edi. Dekabr o‘rtasidan TikTok foydalanuvchilari tarmoq ochilishni boshlaganini ma’lum qilishgandi.

O‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Yoshlar forumida Toshkent hokimi TikTok bloklanishi haqida fikr bildirgan edi.

«TikTok masalasi bo‘yicha bu bitta platforma u yerda kontentlari har xil. Hamma o‘ziga kerakli kontentni olib qaraydi. Lekin ming afsuski, taqiqni qo‘ygan odamlar keraksiz kontentga kirganligi ko‘rinib turibdi. Agar kerakli kontentlarga kirganda hech qanday platformani zarari yo‘q deb o‘ylayman» — degandi poytaxt hokimi. O‘sha forumda adliya vaziri Ruslanbek Davletov axborot almashinuvi erkinligi tarafdori ekanligini ma’lum qilgan. «Hozirgi asrda axborotni hech qachon cheklab, siz uni ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz» — degan edi u.