O‘tgan besh yil davomida prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 million 780 mingdan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatlarning 3 million 288 mingdan ortig‘i esa qanoatlantirilgan.

Ta’kidlanishicha, murojaatlarning qanoatlantirish darajasi yil sayin oshib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2017 yilda 47,5 foiz, 2018 yilda — 53,9, 2019 yilda — 60,9, 2020 yilda 60,4 foiz bo‘lsa, 2021 yili 86,7 foizni tashkil etgan.

Plastik kartalar muammosi — Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqot tizimiga asos solgach, dastlabki besh oyning o‘zida Prezident virtual qabulxonasiga bu masalada 7 mingdan shikoyatlar kelib tushgan. Muammo tahlil qilingan, o‘rganilgan va mazkur soha isloh etilgan. «Buni natijasida, 2018−2021 yillarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar odamlar roziligisiz plastik kartochkaga to‘liq o‘tkazib yuborilayotgani haqida deyarli murojaat kelib tushmadi», — deya ta’kidlaydi Prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati.

Fuqarolik olish masalasi — kelib tushgan arizalar o‘rganilishi natijasida, prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston fuqaroligini olish tartiblari yengillashtirilgan va shu masalada murojaat qilgan 100 mingdan ziyod oilalarni rozi qilish imkonini bergan.

Valyuta konvertatsiyasi — bu boradagi murojaatlar tahlilidan so‘ng valyuta bozori liberallashtirilib, konvertatsiyaning yo‘qligiga bog‘langan iqtisodiyotning eski modelidan butunlay voz kechilgan. Natijada, valyuta konvertatsiyasi bo‘yicha 2017 yilda 22 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 124 tani, 2019 yili 156 tani, 2020 yilda 101 tani, 2021 yilda esa 33 tani tashkil qilgan.

Uy-joy masalasi — co‘nggi besh yilda 11 ming 70 nafardan ziyod uy-joysiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bor shaxslar, Mehribonlik uylari bitiruvchilari, og‘ir ahvoldagi xotin-qizlar imtiyozli kredit yoki doimiy foydalanish huquqi asosida uy-joy hamda doimiy ish bilan ta’minlangan.

Prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmatining qayd etishicha, murojaatlar tahlili dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini shakllantirishga asos bo‘la boshladi. Xususan, ushbu tahlillar so‘nggi besh yilda chegaralar ochilishi, yaqin qo‘shnichilik aloqalari tiklanishi, fuqarolik, propiska tizimlari, afv etish, pensiya, valyuta siyosatini isloh qilish, buziladigan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish, «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirishga xizmat qildi.