Britaniya hukumati Rossiya kompaniyalari va jismoniy shaxslarining aktivlarini muzlatib qo‘yishi mumkin

Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari «Kremlga aloqador» oligarxlar sarmoyalariga va kompaniyalarga qaratiladi, deb yozadi The Times.

31 yanvar kuni Britaniya parlamenti deputatlariga taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, hukumat Rossiya hukumati uchun «strategik ahamiyatga ega» bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini muzlatib qo‘yadi va sayohatlarni taqiqlaydi. Nashr manbasining ta’kidlashicha, yangi sanksiyalar «Rossiyaga haqiqatan ham og‘riq keltiradigan joyga zarba beradi».

Rossiya Buyuk Britaniya rasmiylari joriy etishga tayyorlanayotgan sanksiyalarni javobsiz qoldirmaydi, dedi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. U London tomonidan rossiyalik «oligarxlar»ga nisbatan e’lon qilingan choralarni xavotirli deb atadi. Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu sanksiyalar «investitsion jozibadorlikka va umuman, Buyuk Britaniyaga ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi» — Kommersant’.


OIVga chalingan Janubiy Afrika fuqarosida koronavirusning 21 mutatsiyasi aniqlandi

Social Science Research Network (SSRN) saytida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, Janubiy Afrikada OIV-musbat bilan og‘rigan ayol to‘qqiz oy davomida koronavirus bilan kasallangan, shu vaqt ichida patogen uning tanasida 21 ta mutatsiyani to‘plagan.

Ta’kidlanishicha, u OIV infeksiyasi bilan tug‘ilgan. Uzoq vaqt davomida ushbu kasallikdan to‘g‘ri davolanmagan — RIA Novosti.


Polsha Milliy xavfsizlik byurosi Ukrainaga harbiy yordam jo‘natilishini tasdiqladi

Polsha Ukrainaga «bir necha o‘n minglab» mudofaa qurollarini yetkazib berishga qaror qildi, dedi mamlakat Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox. U gap qaysi qurol haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Avvalroq Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Polsha Ukrainaga harbiy yordam taklif qilgani haqida xabar bergan edi.

«Ukrainaga mudofaa qurollarini topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», dedi Solox jurnalistlarga. Uning ta’kidlashicha, bu qurollar «hujum emas, mudofaa operatsiyalari uchun» mo‘ljallangan. Yetkazib berish bo‘yicha yakuniy qarorni respublika mudofaa vaziri Mariush Blashak qabul qiladi.

Bundan tashqari, bir qator davlatlar, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada Rossiya qo‘shinlarining ehtimoliy bostirib kirishi munosabati bilan Ukrainaga yordam berishini e’lon qildi. NATO Sharqiy Yevropadagi mavjud joylariga qo‘shimcha kuchlar jo‘natmoqchi. Rossiya qo‘shni davlatga hujum qilish rejalarini bir necha bor rad etgan — Kommersant’.


Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘xtatilgan taqdirda AQSh, Qatar va Ozarbayjondan gaz olib kelishni muhokama qilmoqda

Yevropa Ittifoqi diplomatik mag‘lubiyat ehtimolini ko‘rib chiqib, Rossiya harakatlarining barcha imkoniyatlarini o‘rganmoqda, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, Qatar va Ozarbayjon bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

«Biz diplomatiyaning barbod bo‘lishi ehtimoliga tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz barcha variant va ssenariylarni ko‘rib chiqmoqdamiz, shuningdek, Rossiyadan yetkazib berish kechikishi yoki to‘xtatilishi holatlarida AQSh, Qatar va Ozarbayjon kabi hamkorlar bilan gaz yetkazib berilishi bo‘yicha ishlayapmiz», — deb yozdi Borrel Yevropa diplomatiyasi veb-saytidagi blogida.

Moskvaning Rossiyaga tashrif buyurishi taqiqlangan yevropalik diplomatlar ro‘yxatini kengaytirish haqidagi qarori «hech qanday qonuniy asos va shaffoflikka ega emas», dedi Borrel.

«Rossiya bu qarori bilan deeskalatsiyaga hissa qo‘shish o‘rniga Yevropada keskinlik muhitini saqlab qolishda davom etmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u. Eslatib o‘tamiz, YeI avvalroq Rossiya TIV harakatlariga javob berishga va’da bergan edi — Kommersant’.


Pokiston janubi-g‘arbida sodir bo‘lgan terakt oqibatida kamida 17 kishi yaralandi

30 yanvar kuni Pokistonning Belujiston viloyatida ekstremistlar tomonidan granata hujumi oqibatida kamida 17 kishi yaralandi. Bu haqda politsiya TАССga xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Dera Alloh Yar shahrida sodir bo‘lgan, mototsiklda hujum qilganlar olomonga qo‘l granatasini uloqtirgan. Portlash oqibatida 17 kishi, jumladan, ikki yo‘l politsiyasi xodimi jarohatlangan.

Jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan. Ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir, deya aniqlik kiritdi nashr.

Hozircha mamlakatda faoliyat yuritayotgan ekstremistik guruhlarning hech biri sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.


Portugaliyadagi parlament saylovlarida hukmron Sotsialistik partiya g‘alaba qozondi

Portugaliyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida hukmron Sotsialistik partiya 41,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, deya xabar bermoqda Kommersant’. Sotsialistlar respublika Assambleyasida (bir palatali parlament) 230 o‘rindan 117 tasini oladi. Ko‘pchilik bo‘lish uchun kamida 116 o‘rin olish kerak edi. Shu tariqa, partiya yetakchisi Antonio Kosta bosh vazir lavozimini saqlab qoladi.

Mamlakatda ikkinchi o‘rinda turgan Sotsial-demokratik partiya 27,8 foiz ovoz va parlamentdan 71 o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘ta o‘ngchi Chega partiyasi 7 foiz va parlamentdagi 12 o‘rin bilan uchinchi o‘rinni egalladi. So‘lchilar va Kommunistik partiya 2019 yilgi saylovlarga nisbatan o‘z mavqeini yanada yomonlashtirdi va birorta ham o‘ringa ega bo‘lmadi.